Geosiyosiy qarshi o‘yin: Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va kuchlarning yangi konfiguratsiyasi
Yaqin Sharq (tahrir izohi: G'arbiy Osiyo) va Markaziy Osiyo atrofidagi so‘nggi voqealar jahon kuch markazlari Evroosiyo kelajagini nazorat qilish uchun ochiq strategik raqobat bosqichiga kirganligini ko'rsatadi. Endilikda gap faqat mahalliy mojarolar yoki mintaqaviy ittifoqlar haqida emas, balki ta’sirning yangi arxitekturalari, ya’ni AQSh, Xitoy va Turkiyaning mintaqadagi ta’sir modellarining shakllanishi haqida bormoqda.
So‘nggi yillardagi eng muhim voqealardan biri bu Xitoy vositachiligida Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida diplomatik yaqinlashuvning yuz bergani bo‘ldi. Bu Pekin uchun tarixiy yutuq edi. Xitoy ilk bor o‘zini nafaqat jahon fabrikasi va moliya markazi, balki G‘arbiy Osiyodagi siyosiy jarayonlarni yo‘naltirishga qodir mustaqil ishtirokchi sifatida ham namoyon qildi.
Mazkur muvaffaqiyat AQShda jiddiy xavotir uyg‘otdi, chunki Amerika strategiyasi o‘nlab yillar davomida Ko‘rfazdagi sunniy monarxiyalar bilan shia Eron o‘rtasidagi kuchlar muvozanatini boshqarishga asoslanib kelgan edi. Xitoyning mustaqil vositachi sifatida kuchayishi Vashingtonning mintaqadagi asosiy jarayonlardan bosqichma-bosqich siqib chiqarilishi xavfini yuzaga keltirdi.
Husiylar va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bu borada ayniqsa yaqqol misol bo‘ldi. Husiylar strategik dengiz yo‘lagini to‘sib qo‘ygach, Saudiya Arabistoni ikki marta Donald Trampga murojaat qilib, husiylar pozitsiyalariga AQSh tomonidan zarba berilishini so‘radi. Biroq Vashington bevosita harbiy aralashuvdan bosh tortib, razvedka ma’lumotlari va nishonlarni aniqlash bo‘yicha ko‘mak bilan cheklangan.
Bu holatda Vashingtonning yanada chuqurroq strategik mantig‘i ko‘zga tashlanadi. AQSh asosiy harbiy yukni mintaqaviy ittifoqchilar zimmasiga yuklashga, ayni paytda ularning Eron bilan qarama-qarshiligidan foydalanishga intilishi mumkin. Bunday vaziyatda Vashington mojaroda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishning barcha siyosiy va harbiy xarajatlarini o‘z zimmasiga olmasdan turib, kuchlar muvozanatiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini saqlab qoladi.
Shu nuqtai nazardan, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston ishtirokida shakllanayotgan Makka mudofaa alyansi alohida ahamiyat kasb etadi. Agar ushbu mexanizm husiylarga qarshi ishga tushirilsa, keskinlikning keyingi bosqichi uning Eron bilan qarama-qarshiligiga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Chunki Eron husiylar harakatining asosiy homiysi sifatida qaraladi. Shu tariqa Yamandagi mahalliy mojaro mintaqadagi kuchlar muvozanati uchun kechayotgan ancha keng ko‘lamli kurashning bir qismiga aylanishi mumkin.
Biroq aynan shu nuqtada jiddiy muammo yuzaga keldi. Yangi alyans deyarli shakllanishi bilanoq ilk sinovga duch keldi. Saudiya Arabistoni harbiy ko‘makka muhtoj, Pokiston esa yangi mintaqaviy urushga tortilib ketishdan qochishga intilmoqda. Turkiya esa hozircha husiylarga qarshi harbiy kampaniyada bevosita ishtirok etishga tayyorligini namoyish qilgani yo‘q. Anqaraning Pokiston va Saudiya Arabistoni murojaatiga munosabati amalda ehtiyotkor sukut bilan cheklandi.
Shu tariqa paradoksal vaziyat yuzaga kelmoqda: jamoaviy xavfsizlik vositasi sifatida tashkil etilgan Makka alyansi uning a’zolari manfaatlari sezilarli darajada farq qiladigan holatga duch keldi. Turkiya alyansning ochiq anti-Eron harbiy blokiga aylanishidan manfaatdor emas, Pokiston mustaqil siyosat yuritish uchun manevr maydonini saqlab qolishga intilmoqda, Saudiya Arabistoni esa aniq xavfsizlik kafolatlariga ehtiyoj sezmoqda.
Bu holat nafaqat alyansning yagona kuch sifatida harakat qila olish qobiliyati, balki Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyogacha shakllanayotgan yangi xavfsizlik tizimining mohiyati haqida ham savol tug‘diradi. Mintaqa davlatlari global kuch markazlari ortidan avtomatik ravishda ergashishga tobora kamroq tayyor bo‘lib, o‘zlarining mustaqil va ko‘p vektorli siyosatini tobora faolroq olib borishga intilmoqda.
Mazkur fonda Markaziy Osiyoning ahamiyati yanada ortmoqda. Mintaqa asta-sekin Xitoy, Rossiya, AQSh, Turkiya, Fors ko‘rfazi davlatlari va boshqa tashqi o‘yinchilar manfaatlari kesishadigan makonga aylanmoqda. Kurash faqat siyosiy ta’sir uchun emas, balki transport yo‘laklari, energetika, investitsiyalar, raqamli infratuzilma va bozorlarga chiqish imkoniyatlari uchun ham kechmoqda.
Bu tizimda Turkiya o‘z ta’sirini Turkiy davlatlar tashkiloti orqali mustahkamlashga, Xitoy iqtisodiy loyihalar va infratuzilmaviy bog‘liqlik orqali, Rossiya an’anaviy harbiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalar orqali, AQSh esa Markaziy Osiyo davlatlari bilan sheriklik formatlari orqali o‘z mavqeyini kuchaytirishga intilmoqda.
Shu sababli bugungi vaziyatni geosiyosiy qarshi o‘yin sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Unda endi hech bir kuch markazi mintaqaviy tartibni shakllantirish bo‘yicha mutlaq monopoliyaga ega emas.
Bob al-Mandab bo‘g‘ozi va Markaziy Osiyo bir qarashda bir-biridan ancha uzoqda joylashgandek ko‘rinadi. Biroq strategik jihatdan ular o‘zaro bog‘liq: birinchisi jahon savdosining eng muhim dengiz yo‘llaridan birini nazorat qiladi, ikkinchisi esa Xitoy, Rossiya, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bog‘lovchi asosiy quruqlik makoniga aylanib bormoqda.
Aynan shu sababli bugun Yaqin Sharqda yuz berayotgan jarayonlar Markaziy Osiyoning kelajagiga bevosita daxldordir. Dunyo Yevrosiyo uchun kurash bir vaqtning o‘zida dengizda, quruqlikda va siyosiy ittifoqlar maydonida kechadigan davrga kirib bormoqda. Endilikda asosiy savol alohida bir mojaroni kim nazorat qilayotgani emas, balki yangi geosiyosiy arxitektura qoidalarini kim shakllantira olishi masalasidir.
Mars Sariyev
Mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha ekspert