@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Hayot ulash” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida yangi suv ta’minoti loyihasiga start berildi

 2026-08-18 18:18:39   |     Просмотров: 1086

2026-yil 18-avgust kuni “Yuksalish” harakati va Koreya Respublikasining “Good Neighbors” xalqaro tashkiloti hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo viloyatining olis va chekka hududlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yangi loyihaga rasmiy start berildi.

Mazkur tashabbus “Yuksalish” harakatining “Hayot ulash” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjud hududlarda zamonaviy suv infratuzilmasini yaratish, aholining sifatli ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda turmush sharoitini yaxshilashdan iborat.

Loyiha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan suv infratuzilmasini yaxshilash va 2030-yilgacha ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati va “Good Neighbors” xalqaro tashkiloti o‘rtasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imzolangan Memorandum doirasida tashkil etilgan tadbirda ikki tomon vakillari yangi tashabbusning maqsad va vazifalari, hududlardagi mavjud ehtiyojlar hamda amalga oshiriladigan qurilish va infratuzilma ishlari yuzasidan fikr almashdi.

Tadbirda “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov hamda “Good Neighbors”ning Pokiston va O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Byung-Sun Park hamkorlikning ahamiyati va loyihaning aholi hayotiga kutilayotgan ta’siri haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, “Hayot ulash” loyihasi doirasida avval amalga oshirilgan ishlar va yangi bosqichning asosiy yo‘nalishlari haqida videorolik hamda taqdimot namoyish etildi.

Yangi loyiha doirasida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Nishon va G‘uzor tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanidagi suv ta’minoti muammoli hududlarda infratuzilmani yaxshilash rejalashtirilgan.

Xususan, Yakkabog‘ tumanidagi “Qishliq” MFYda 6 125 nafar aholi uchun artezian quduq qazish, nasos va zarur quvurlarni o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalishga 330 mln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Nishon tumanidagi “Samarqand” MFYda 650 nafar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2 kilometr uzunlikdagi yangi suv quvuri tortiladi. Ushbu ishlar uchun 100 mln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. G‘uzor tumanidagi “Eshonquduq” MFYda 4 052 nafar aholi, shuningdek, hududdagi ta’lim muassasalarining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida quduq qazish, nasos va suvni tozalash uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Mazkur obyekt uchun 330 mln so‘m mablag‘ ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi “Tag‘ Jap” OFYda esa 544 nafar aholining ehtiyojidan kelib chiqib, 100–120 metr chuqurlikdagi quduq qazish va 10 metr balandlikdagi suv minorasini qurish rejalashtirilgan. Ushbu ishlarning qiymati 299,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Umuman, mazkur to‘rtta hududda amalga oshiriladigan loyiha natijasida 11 ming nafardan ziyod aholining, shuningdek, ta’lim muassasalarining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda.

Loyiha 8 oy davomida amalga oshiriladi. Qurilish-montaj ishlari, suvni filtrlash tizimlarini o‘rnatish va obyektlarni foydalanishga topshirish jarayonlarini 2027-yil fevral oyida yakunlash rejalashtirilgan.

Tadbir doirasida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvlarini mustahkamlab, unga rasman start berdi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari hududlarda ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda tashkil etish, texnik jarayonlarni muvofiqlashtirish hamda natijadorlikni ta’minlash masalalarini muhokama qildi.

Ma’lumot uchun, 2023–2025-yillarda “Hayot ulash” loyihasi doirasida 4 mlrd 819 mln so‘m xayriya mablag‘lari jalb etilib, Xorazm, Surxondaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi 10 ta mahalla va ijtimoiy obyektlarda quduqlar ishga tushirilgan, ichki suv tarmoqlari yangilangan hamda filtrlash inshootlari barpo etilgan. Natijada 25 ming nafardan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

“Hayot ulash” loyihasi orqali suv ta’minotida muammolar mavjud hududlarga davlat, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro hamkorlar va ijtimoiy mas’uliyatli biznes vakillarining e’tiborini jalb etish, shuningdek, aholi hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan amaliy yechimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati