Samarqandda “Huquq va ishtirok” mintaqalararo yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 29–30-iyun kunlari Samarqand shahrida “Huquq va ishtirok: huquqiy savodxonlikdan kommunikatsiya orqali jamoatchilik ishtirokiga” mavzusidagi mintaqalararo yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum Yevropa Ittifoqi tomonidan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda jamoalarni inklyuziv rivojlantirish uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarligida milliy hamkor — “Yuksalish” harakati bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Forum Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan yosh faollar, yuridik klinikalar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va universitetlar vakillari hamda ekspertlarni birlashtiradi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘z tashabbuslarini taqdim etishi, hududlaridagi muammolarni muhokama qilishi hamda huquqiy savodxonlikni oshirish, fuqarolik ishtirokini rivojlantirish va aholini muhim ijtimoiy, huquqiy hamda ekologik masalalar haqida xabardor qilishga qaratilgan g‘oyalarni amalga oshirish uchun ekspert ko‘magini olishi mumkin bo‘lgan maydon yaratishdan iborat.
Forumning birinchi kunida ishtirokchilar hududlarda loyiha faoliyati doirasida tayyorlangan yoshlar tashabbuslarini taqdim etdilar. Jamoalar aniqlangan muammolar, taklif etilgan yechimlar, maqsadli auditoriyalar, amalga oshirish shakllari va kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Ikkinchi kun yuridik klinikalar faoliyati va hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish amaliyotlari, yoshlarning jamoatchilik nazoratidagi roli, advokatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan ishlash imkoniyatlarini muhokama qildi.
Mazkur forum tajriba almashish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Forum yakunida keyingi qo‘llab-quvvatlash uchun tavsiya etilgan tashabbuslar e’lon qilinadi, hamkorlikning keyingi bosqichlari belgilanadi va ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati