Yoshlar islohotlarda faol ishtirok etishga tayyor
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan “Yuksalish” harakati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e’lon qiladi. Tadqiqot yoshlarning islohotlar jarayonida qanchalik faol ishtirok etayotgani, ularning fikri qarorlar qabul qilishda qay darajada inobatga olinayotgani va faollikka nima to‘sqinlik qilayotganini o‘rganishga qaratildi.
So‘rovda respublikaning barcha hududlaridan 4 581 nafar respondent ishtirok etdi. Ularning 87,7 foizi 18–30 yoshdagi yoshlardir. Shuningdek, 28 ta fokus-guruh muhokamasi o‘tkazilib, 295 nafar yoshning fikri o‘rganildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi yoshlar islohotlarga befarq emas. Aksincha, ular o‘z hududi, mahallasi va mamlakati hayotida faol ishtirok etishga tayyor.
Yoshlar axborotni qayerdan olmoqda?
So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlar islohotlar haqidagi ma’lumotlarni asosan raqamli kanallar orqali olmoqda. Telegram kanallari 64 foiz bilan yetakchi axborot manbai bo‘lib qolmoqda. Instagram va YouTube platformalarini respondentlarning 48 foizi, rasmiy veb-saytlarni esa 40 foizi ko‘rsatgan.
Yoshlar bilan muloqot qilishda uzun va murakkab rasmiy matnlardan ko‘ra, sodda postlar, qisqa videolar, infografikalar va Telegram botlar samaraliroq ishlaydi. Shu bilan birga, ayrim muhim platformalar haqida xabardorlik hali past. Masalan, “Mening fikrim” portali haqida respondentlarning atigi 15,8 foizi ma’lumotga ega. 11,4 foiz yoshlar esa mavjud dastur va imkoniyatlarning birortasi haqida bilmasligini bildirgan.
Demak, imkoniyatlar bor, ammo ular haqidagi axborot hamma yoshga birdek yetib bormayapti.
Tadqiqotga ko‘ra, respondentlarning 31,7 foizi o‘zini “juda faol”, 54,7 foizi esa “o‘rtacha faol” deb baholagan. Ya’ni so‘rovda qatnashgan yoshlarning 86 foizdan ortig‘i jamiyat hayotida u yoki bu darajada ishtirok etishini bildirgan.
Yoshlar eng ko‘p “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida qatnashmoqda — 43,7 foiz. Shuningdek, 31,5 foiz respondent Yoshlar parlamenti yoki mahalla yoshlar kengashlari faoliyatida, 25,3 foizi mahalla yig‘ilishlari va uchrashuvlarda, 21,7 foizi esa xayriya va volontyorlik harakatlarida ishtirok etgan.
Bu natijalar shuni ko‘rsatadiki, yoshlar uchun eng muhim narsa — natijani ko‘rish. Taklif berish, ovoz berish va uning amaliy samarasini ko‘rish yoshlarni yanada faol qiladi.
Respondentlarning 52,6 foizi yoshlar davlat islohotlariga juda katta ta’sir ko‘rsata oladi, deb hisoblaydi. Yana 31,3 foiz respondent yoshlar ma’lum darajada ta’sir ko‘rsata oladi, degan fikrda. Umumiy hisobda yoshlarning qariyb 84 foizi o‘z tengdoshlari islohotlarga ta’sir qila olishiga ishonadi.
So‘rovda qatnashganlarning 50,4 foizi yoshlar fikri eshitilishi va amalda inobatga olinishini bildirgan. Biroq 27,5 foiz respondent “tadbirlar ko‘p, lekin takliflar natijasiz qoladi”, deb hisoblaydi.
Bu juda muhim signal. Yoshlar faqat tadbirlarda qatnashishni emas, o‘z fikri qarorlarda aks etishini istaydi.
Tadqiqot davomida bildirilgan fikrlardan biri buni aniq ifodalaydi:
“Yoshlarni tinglashning o‘zi yetarli emas — ularning ovozi qarorlarda aks etishini ta’minlash kerak”.
Yoshlar faolligiga nima to‘sqinlik qilmoqda?
So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlar ishtirokiga eng ko‘p to‘sqinlik qilayotgan omillar quyidagilar:
- ma’lumot va xabardorlik yetishmasligi — 25,5 foiz;
- vaqt yoki imkoniyat yo‘qligi — 23,1 foiz;
- ishtirok etish uchun aniq imkoniyatlar kamligi — 20,8 foiz;
- “baribir hech narsa o‘zgarmaydi” degan qarash — 19,9 foiz;
- mas’ullar yoshlar fikrini jiddiy qabul qilmasligi — 15,9 foiz.
Bu raqamlar yoshlar siyosatida faqat tadbirlar soni emas, ishonch, qulay mexanizm va aniq natija muhim ekanini ko‘rsatadi.
Yoshlarni nima ruhlantiradi?
Yoshlarni faollikka undaydigan eng kuchli omil — o‘z hududi yoki jamoasidagi muammoni hal qilish istagi. Buni respondentlarning 46,5 foizi qayd etgan.
38,2 foiz yoshlar mamlakat rivojiga hissa qo‘shishni, 30 foizi esa tajriba orttirish va o‘zini rivojlantirishni asosiy motivatsiya sifatida ko‘rsatgan. Bu natijalar bugungi yoshlar shunchaki imkoniyat kutayotgan avlod emasligini ko‘rsatadi. Ular muammoni ko‘radi, yechim taklif qilishni xohlaydi va o‘zgarishda ishtirok etishga tayyor.
Yoshlar qanday o‘zgarishlarni xohlaydi?
So‘rovda yoshlar ishtirokini oshirish bo‘yicha eng muhim takliflar ham o‘rganildi.
Respondentlarning 47,4 foizi davlat organlarida yoshlar uchun kvota va vakolatli o‘rinlar belgilash zarurligini bildirgan. 33,2 foiz respondent yoshlar uchun sodda va qulay raqamli platformalar yaratishni muhim deb hisoblaydi. 32,2 foiz yoshlar tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, 28,1 foiz esa maktab va oliy ta’limda fuqarolik tarbiyasi hamda siyosiy savodxonlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Bu takliflar yoshlar qarorlar qabul qilish jarayonida faqat tinglovchi emas, balki bevosita ishtirokchi bo‘lishni istayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa
Tadqiqot natijalari bir muhim haqiqatni ko‘rsatdi: O‘zbekiston yoshlari islohotlarga befarq emas. Ular o‘z mahallasi, hududi va mamlakat rivoji uchun foydali bo‘lishni xohlaydi. Bugungi yoshlar uchun eng kuchli rag‘bat — bu natija. Agar ular o‘z taklifi orqali real o‘zgarishni ko‘rsa, faollik yanada oshadi. Agar takliflar javobsiz qolsa, ishonch pasayadi.
Shu bois, so‘rov natijalariga ko‘ra yoshlar bilan ishlashda 3 ta yo‘nalish ustuvor bo‘lishi kerak:
- axborotni sodda va yoshlar tushunadigan formatda yetkazish;
- ishtirok etish uchun qulay va ochiq mexanizmlar yaratish;
- har bir taklif bo‘yicha aniq javob va natijani ko‘rsatish.
Yoshlar islohotlarning faqat kelajagi emas. Ular bugungi o‘zgarishlarning faol ishtirokchisidir.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati