@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Samarqandda Jamoatchilik maslahat kengashlari uchun Yozgi maktab boshlandi

 2026-06-29 19:52:16   |     Просмотров: 1094

Bugun Samarqand shahrida «Samarali mahalliy boshqaruv uchun Jamoatchilik maslahat kengashlari» mavzusida Yozgi maktab o‘z ishini boshladi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va “Yuksalish” harakati tomonidan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish» loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Yozgi maktabning asosiy maqsadi mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi Jamoatchilik maslahat kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularning amaliy salohiyatini kuchaytirish hamda jamoatchilik nazorati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Tadbirda 7 ta pilot hudud, ya’ni Buloqchi, O‘zbekiston, Bulung‘ur, Uchquduq, Buxoro, Yangiariq va Taxtako‘pir tumanlaridan jami 28 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ular orasida Jamoatchilik maslahat kengashlari a’zolari, tuman hokimliklari vakillari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bor.

Yozgi maktabning birinchi kuni Jamoatchilik maslahat kengashlari va davlat xizmatlari ko‘rsatish asoslariga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekistonda davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy darajadagi muammolar, foydalanuvchiga yo‘naltirilgan va raqamlashtirilgan xizmatlarning ahamiyati muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, loyiha doirasida avval Jamoatchilik maslahat kengashlari a’zolari uchun maxsus o‘quv moduli va treninglar dasturi ishlab chiqilgan. Joriy yilning may oyida Farg‘ona, Buxoro va Urganch shaharlarida hududiy seminar-treninglar o‘tkazilib, ularda Farg‘ona, Andijon, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 69 nafar ishtirokchi o‘qitilgan.

Mazkur tashabbus mahalliy darajada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirish hamda davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati