@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekiston investitsiya muhiti yaponiyalik ekspert nigohida

 2026-05-05 23:24:25   |     Просмотров: 1007

Bugun Samarqand shahri yana bir bor xalqaro hamjamiyat diqqat markazida. Qadimiy shaharda o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida turli davlatlardan kelgan ekspertlar, investorlar va fuqarolik jamiyati vakillari o‘zaro fikr almashmoqda.

“Yuksalish” harakati vakillari tomonidan o‘tkazilgan intervyular ana shu muloqotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq ochib bermoqda. Jumladan, yaponiyalik mutaxassis, Osiyo tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va ularga javob berish tarmog‘i (ADRRN) vakili Takeshi Komino fikrlari O‘zbekistonning xalqaro imiji va investitsion jozibadorligiga berilgan muhim baho sifatida e’tiborga molik. Takeshi Komino O‘zbekiston haqidagi iliq taassurotlarini yashirmadi. U mamlakatni “juda chiroyli”, odamlarni esa “mehmondo‘st va samimiy” deb ta’rifladi. Ayniqsa, uning shaxsiy tajribasi — mehmonxonadan tadbir joyiga 40 daqiqa piyoda yurib borishi va o‘zini mutlaqo xavfsiz his qilgani — mamlakatdagi barqaror muhitning amaliy isboti sifatida e’tiborga loyiq.

Bu kabi fikrlar O‘zbekistonning nafaqat turistik, balki investitsion jozibadorligini ham mustahkamlovchi muhim omil hisoblanadi.

Komino ishtirok etgan sessiyalarda Osiyo Taraqqiyot Banki rahbariyati tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlangani qayd etildi.

Uning fikricha, samarali taraqqiyot yuqoridan pastga (top-down) boshqaruv va pastdan yuqoriga (bottom-up) tashabbuslar o‘rtasidagi muvozanatga tayanadi. Aynan jamoalarning faol ishtiroki barqaror natijalarga olib keladi. ADRRN vakili sifatida Komino iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish masalalari barcha davlatlar uchun umumiy ekanini ta’kidladi. Ushbu anjuman esa ilg‘or tajribalarni o‘rganish, eng samarali yechimlarni almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma vazifasini bajarayotganini qayd etdi.

Ekspertning ta’kidlashicha, Osiyo Taraqqiyot Banki kabi institutlar mamlakatlarga nafaqat moliyaviy resurslar, balki xalqaro standartlar va ilg‘or yondashuvlarni ham olib kirishda muhim rol o‘ynaydi.

U, shuningdek, O‘zbekistonning bunday nufuzli tadbirni yuqori darajada tashkil etayotganini yuqori baholab, mamlakatning mintaqadagi yetakchi rolini alohida e’tirof etdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro muloqotlar uchun ochiq, ishonchli va xavfsiz maydonga aylanib borayotgani kuzatilmoqda. Samarqandda o‘tayotgan mazkur anjuman esa bu jarayonning yana bir amaliy tasdig‘idir.

Takeshi Komino kabi xalqaro ekspertlarning fikrlari shuni ko‘rsatadiki, mamlakat taraqqiyoti faqat davlat siyosati emas, balki inson, oila va jamoa darajasidagi o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. Ana shu yondashuv esa O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng muhim ustunliklaridan biriga aylanmoqda.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati