@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qarshi yuridik texnikumida Kontent yaratish markazi ochildi

 2026-05-05 10:54:10   |     Просмотров: 1295

4-may kuni Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida joylashgan yuridik texnikumda zamonaviy Kontent yaratish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus, avvalo, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va yoshlarning media salohiyatini oshirish yo‘lida muhim amaliy qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, markaz Yevropa Ittifoqi ko‘magida, Konrad Adenauer jamg‘armasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Eng muhimi, ushbu markaz aholining, ayniqsa yoshlarning media savodxonligini oshirish, feyk axborotlarga qarshi immunitetni shakllantirish hamda raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu yerda yoshlar nafaqat nazariy bilim, balki atrof-muhit barqarorligi, gender tengligi kabi dolzarb yo‘nalishlarda sifatli media mahsulotlar yaratish bo‘yicha amaliy tajriba orttiradilar.

Loyihani amalga oshirish uchun qariyb 6 ming yevro mablag‘ yo‘naltirilib, markaz to‘liq zamonaviy texnika va jihozlar bilan ta’minlandi. Xususan, noutbuklar, professional kameralar va smartfonlar yoshlar uchun sifatli kontent yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Tantanali ochilish marosimida Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Andre Algermissen ushbu tashabbusga yuqori baho berib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Mazkur markazning aynan Qarshi shahrida ochilayotgani quvonarli. Ishonchim komilki, u nafaqat loyiha doirasida, balki uzoq muddatda ham samarali natijalar beradi va hamkorlikni yanada mustahkamlaydi”.

Yakunda tadbir ishtirokchilari ham yaratilgan sharoitlar yoshlarni yangi bilimlar sari undashi, ularni ijtimoiy faollikka jalb etishini alohida ta’kidladilar. Yangi ochilgan Kontent yaratish markazi nafaqat infratuzilma, balki yoshlar fikrini shakllantiruvchi, ularni jamiyati hayotida faol bo‘lishlarini ta’minlovchi va zamonaviy axborot makonida o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida maydonga chiqmoqda.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati