Jamiyatni nima yuksaltiradi yoki orqaga tortadi: Ijtimoiy so‘rov
2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Mazkur yo‘nalishda belgilangan yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan “Milliy yuksalish: faollar nigohida” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
So‘rovda respublika bo‘ylab 450 nafar ijtimoiy faol — ziyolilar, ekspertlar va jamoatchilik fikri yetakchilari ishtirok etdi. Jumladan, siyosatshunos Farhod Tolipov, media ekspert Beruniy Alimov, fuqarolik jamiyati faoli Dilmurod Yusupov, davlat va jamiyat arbobi Shahnoza Soatova, jurnalist Ilyos Safarov kabi jamoatchilik vakillari o‘z fikr-mulohazalari bilan qatnashdi.
So‘rov doirasida jamoatchilikka 2 ta asosiy savol taqdim etildi. Birinchi savolda jamiyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni qayd etish so‘raldi. Respondentlar bunga javoban loqaydlik, tanish-bilishchilik va korrupsiya, boqimandalik, isrofgarchilik va dabdababozlik, mahalliychilik, shuningdek mas’uliyatsizlik hamda beparvolik kabi omillarni qayd etdilar. Ikkinchi savolda esa jamiyat yuksalishi uchun zarur bo‘lgan qadriyatlar haqida fikr bildirildi. Ishtirokchilar qonun ustuvorligi, ilm va bilimga hurmat, shaxsiy mas’uliyat, adolatli bo‘lish hamda halollik va oriyat kabi qadriyatlar jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ekanini belgilab o‘tdilar.
Rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan omillar
Birinchi savol natijalari shuni ko‘rsatdiki, jamiyat rivojiga eng katta to‘sqinlik qilayotgan omil — bu loqaydlikdir. Respondentlarning 61,6 foizi (277 ta javob) atrofdagi voqealarga befarq qarash, “menga daxli yo‘q” degan munosabatni asosiy muammo sifatida qayd etdi. Shuningdek, javoblarning yirik ulushi sifatida tanish-bilishchilik va korrupsiya illati ham 52,4% (236 ta javob) bilan jamiyatning muhim muammolari safiga kirgan.
Ayrim javoblar, xususan, 51,6 % (232 ta javob) holatda boqimandalik kayfiyati tanlagan bo‘lsa, 45,8 % (206 ta javob) respondent to‘y va marosimlardagi dabdababozlikni taraqqiyotga xalaqit beruvchi omil deb hisoblaydi. 43,3 % (195 ta javob) ishtirokchi beparvolik va mas’uliyatsizlik jamiyat birdamligiga eng katta to‘siq bo‘layotganini qayd etdi.
Mahalliychilik, hasad va g‘iybat, vaqtni qadrlamaslik, shuningdek, yoshlar fikri bilan hisoblashmaslik kabi odatlar so‘rov ishtirokchilari tomonidan nisbatdan kam tanlagan javoblar sifatida qayt etilgan.
Yuksalish uchun ustuvor qadriyatlar
Jamiyatni taraqqiy ettirish uchun qaysi qadriyatlar tayanch bo‘lishi kerak, degan savolga faollar so‘rovda shaxsiy fikrlarini turlicha nisbatda qayd etishgan.
Tanlangan javoblar orasida respondentlarning 66,9 foizi (301 ta javob) qonun ustuvorligini eng muhim omil sifatida ko‘rsatdi. Bundan tashqari, 46,7 % (210 tav javob) ishtirokchi ilm va bilimni yuksalishning ajralmas sharti sifatida qayd etdi. Ya’ni jamiyat rivojini malakali kadrlar va bilimli avlodsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, shaxsiy mas’uliyat (43,6 %, 196 ta javob) , adolat (43,3 % , 195 ta javob), halollik va faol fuqarolik pozitsiyasi (35,1 %, 158 ta javob) ham muhim qadriyatlar sifatida e’tirof etildi.
Jamoatchilik faollarining qo‘shimcha mulohazalari
So‘rov davomida ishtirokchilar bir qator ma’naviy masalalarga ham alohida e’tibor qaratdilar. Avvalo, oila, insonparvarlik va o‘zaro hurmat jamiyatning eng muhim ustuni ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, rivojlanishning muhim sharti sifatida vaqtdan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi. Faollar milliy urf-odatlarni asrab-avaylash bilan bir qatorda, jamiyatda ochiqlik va sog‘lom muloqot muhitini shakllantirish muhim ekanini ham alohida urg‘u bilan bildirdilar. Bundan tashqari, halollik, oriyat va tinchlikni qadrlash ma’naviy yuksalishning poydevori sifatida e’tirof etildi.
Xulosa
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jamiyat faollari 2026-yilda amalga oshiriladigan yangilanishlarda nafaqat iqtisodiy o‘zgarishlar, balki chuqur ma’naviy va huquqiy yangilanishlarni ham kutmoqda. Ularning fikricha, yuksalishning asosi — qonun ustuvorligi, adolat, ilm va shaxsiy mas’uliyatdir.
Demak, mazkur o‘rganish “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshiriladigan yangilanishlarda iqtisodiy islohotlarning o‘zi yetarli emasligi ko‘rsatmoqda. Asosiy e’tibor inson kapitalini o‘zgartirishga, ya’ni fuqarolardagi loqaydlikni bartaraf etish va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilishi zarur. Boshqacha aytganda, biz loqayd jamiyatdan mas’uliyatli jamiyatga o‘tishimiz shart. Aynan mana shu yondashuv 2026-yil uchun belgilangan dastur yo‘nalishlarining mazmun-mohiyatini belgilashi lozim.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati