Tadbirkorlar ishtirokida networking uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 4-mart kuni Toshkent shahrida “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida networking uchrashuvi tashkil etildi. Tadbir tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda yangi tashabbus va takliflar almashish maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida reklama, xizmat ko‘rsatish, IT, ta’lim, umumiy ovqatlanish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, biznes yuritish jarayonida uchrayotgan ayrim dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va yangi loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlari bilan bir qatorda ijtimoiy mas’uliyatli biznes tamoyillarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida “Yuksalish” harakati tomonidan 2025-yil dekabr oyida e’lon qilingan TOP-20 35 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar reytingidan (https://t.me/uzbyuksalish/5614) joy olgan tadbirkorlarga sertifikatlar taqdim etildi.
Ma’lumt uchun: Mazkur ro‘yxatga reklama, IT, ta’lim, agro soha va boshqa yo‘nalishlarda yangi standartlar yaratib, mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqayotgan, innovatsiyalar joriy etayotgan hamda yuzlab ish o‘rinlari yaratayotgan yosh liderlar kiritilgan edi.