@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Sinov tariqasida tanlab olingan davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga sertifikatlar topshirildi

 2019-07-04 15:30:00   |     Просмотров: 4509

Bugun “Yuksalish” umummilliy harakatida O‘zbekistonda “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Shuningdek, ular ishtirokida “Jamoatchilik kengashlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi samarali muloqot o‘rnatish yo‘lida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori Rustam Komilov, Qozog‘istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi direktori Kaysha Ataxanova so‘zga chiqib, “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturining dastlabki natijalari, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, jumladan davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar haqida fikr yuritdilar.

Shuningdek, Dastur doirasida g‘olib deb topilgan 5 ta davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari vakillari ham o‘z fikrlarini bildirib, ushbu loyihada sinov tariqasida ishtirok etish orqali faoliyatlaridagi yutuq va kamchiliklarni aniqlashga, yanada rivojlanish uchun xizmat qilishini ta’kidladilar.

Tadbirda tanlovning hay’at a’zolari tomonidan tanlab olingan quyidagi 5 ta davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga sertifikatlar topshirildi: 

1.    Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi

2.    Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi

3.    Buxoro viloyati hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi

4.    Qo‘qon shahri hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi

5.    Namangan viloyati adliya bo‘linmasi huzuridagi jamoatchilik kengashi

Bundan tashqari, ishtirokchilar jamoatchilik kengashlari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bugungi kundagi mavjud muammolar, milliy qonunchilik tahlili hamda dastur doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlarga bag‘ishlangan “world cafe” formatidagi treningda qatnashdilar. 

Trening davomida jamoatchilik kengashlarining asosiy maqsad va vazifalari, uning tarkibi, fuqarolik jamiyatini qurishda JKlarning tutgan o‘rni hamda bu boradagi Markaziy Osiyo davlatlarining ilg‘or tajribalari muhokama qilindi. 

Eslatib o‘tamiz: “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi “Yuksalish” umummilliy harakati va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston) tomonidan AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihaga joriy yilning aprel oyida start berilib, uning doirasida NNTlar uchun bepul kovorking markazi faoliyat yuritmoqda.