@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakatining Toshkent shahar bo‘linmasi rahbari keng jamoatchilikka tanishtirildi

 2019-07-02 16:52:00   |     Просмотров: 5056

Bugun, 2-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida vazirlik va idoralarning shahar boshqarmalari, mahalliy deputatlar, jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy deputatlar orasidan “Yuksalish” umummilliy harakatining Toshkent shahar bo‘linmasi rahbari etib saylangan Dilshod Shoumarov keng jamoatchilikka tanishtirildi. 


O‘z navbatida, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov yig‘ilish qatnashchilariga tashkilotning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, bugungi kunda amalga oshirayotgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. 


Jumladan, Harakatning mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygani, xususan davlat dasturlarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari yoki fuqarolarning u yoki bu dolzarb masalalar yuzasidan tashabbuslarini o‘rganish va uning natijalarini Parlament, Prezident Adminstratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligini aytib o‘tildi. 


Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yuksalish” umummilliy harakati bugungi kunga kelib deyarli barcha viloyatlarda va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining hududiy bo‘linmalariga ega bo‘ldi. Ushbu bo‘linmalar rahbarlari viloyat hokimi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.


Yig‘ilishda Harakatning Toshkent shahar bo‘linmasi barcha davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda, sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda faoliyat olib borishi, bunda avvalo fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek hokimlik vakillariga aholining taklif va tavsiyalaridan kelib chiqqan holda yangi g‘oyalar taqdim etib borish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishi bildirildi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev “Yuksalish” umummilliy harakati faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, uning faxriy a’zosiga aylandi.