Ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi boʻlgan yoshlar bilan ishlash: tajriba va natija
2025-yil 2-iyul kuni “Yuksalish” harakati, “Umidvorlik” markazi va Germaniyaning SODI tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Loyiha 2023–2025-yillarda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) ko‘magida amalga oshirilib, Toshkent shahrida “Yoshlar ijtimoiy markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Maqsad — 18–35 yoshdagi nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning huquqiy, psixologik, kasbiy salohiyatini oshirish va ularning hayot sifatini yaxshilash.
Yig‘ilishda davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibor, normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining faoliyati qayd etildi. Mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini himoya qiluvchi 830 dan ortiq NNTlar faoliyat yuritayotgani alohida ta’kidlandi.
“Yuksalish” harakati vakili Saida Mustafayeva loyihaning ahamiyati haqida gapirdi va bu turdagi faoliyati tizimli hamda davomiy yondashuvni talab qilishini ta'kidladi. — Inklyuziv jamiyatni barpo etish butun davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir, — dedi u.
Markazda yoshlar uchun elektron savdo, marketpleyslarda ishlash bo‘yicha kurslar tashkil etildi. Ayrim ishtirokchilar shu kurslar yordamida o‘z biznesini boshlab, mustaqil daromad topmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularning oilasida iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida yoshlarga psixolog, ijtimoiy yurist, biznes trener kabi mutaxassislardan bepul xizmat ko‘rsatildi. 1036 kishi xizmatlardan foydalandi, 800 nafarga individual maslahat berildi, 365 kishi seminar va treninglarda qatnashdi, 130 kishi hunarmandchilik ustaxonasida ko‘nikma oldi, 88 nafar talaba-volontyor tayyorgarlikdan o‘tdi.
Yoshlar orasida uy-joyli bo‘lganlar, kasb egallab ish boshlaganlar ham bor.
— Biz loyiha orqali ijtimoiy yordam tizimiga metodik yondashuv olib kirdik. Qiyin vaziyatda qolganlarga psixologik, yuridik va ijtimoiy maslahat berish – katta mehnat, lekin bu ishlar natija berayotganini ko‘rib turibmiz, — dedi SODI tashkiloti vakili Ulrike Push.
Tadbirda loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etganlarga tashakkurnomalar topshirildi. Anjuman qatnashchilariga loyiha natijalari asosida tayyorlangan metodik qo‘llanma tarqatildi. Uni “Yuksalish” saytidan yuklab olish mumkin.
Bu kabi tashabbuslar – qiyin hayotiy vaziyatda qolgan yoshlarga ishonch va imkoniyat berish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yordamlashish yo‘lidagi muhim qadamdir.