“Yuksalish” harakati va Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi
“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Butunbayev o‘rtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjatdan ko‘zlangan maqsad “suv - bebaho” degan g‘oyani ilgari surish, shuningdek, jamoatchilik o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, yomg‘ir va oqova suvlaridan samarali foydalanish, suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi bo‘yicha jamoatchilik monitoringi mexanizmlarini joriy etish, aholining ma'lumot olish huquqini ta'minlash va islohotlar yuzasidan xabardorligini oshirish kabilardan iborat.
Tomonlar ushbu maqsadlarga erishish yuzasidan amalga oshiriladigan vazifalarni kelishib olishdi. Shu bilan birga, “Yuksalish” harakati vazirlik bilan hamkorlikda jamoatchilik monitoringlarini tashkil etish va natijalarini tahlil qilishda ishtirok etishi belgilandi.