@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

IT texnologiyalarining ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotidagi o‘rni

 2025-06-03 11:51:54   |     Просмотров: 837

Zamonaviy axborot texnologiyalarining rivoji ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan insonlar uchun ham boshqalar kabi maʼlumot almashishda keng imkoniyatlarni ochdi hamda axborot isteʼmolida yangi davrni boshlab berdi. Bu boradagi dastlabki harakatlar amerikalik dasturchi Ted Henter tomonidan 1988-yilda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kompyuterga ulab ishlashga mo‘ljallangan ovozli nutq sintezatori biriktirilgan maxsus qurilmaning kashf etilishi bilan bog‘liq. Keyinchalik Tedning o‘zi asos solgan Henter-Joyce kompaniyasining 10 yillik mehnati samarasi o‘laroq, 1998-yilda ingliz tilida so‘zlovchi erkak ovozli “Elequence” nomli sintezator biriktirlgan JАWS dasturining birinchi versiyasi eʼlon qilindi.

Ovozli dasturiy taʼminotlar kompyuter qurilmasiga o‘rnatilib, foydalanuvchining kompyuterda bajaradigan har bir amali haqida ovozli tarzda, nutqiy ifoda bilan maʼlumot berishga mo‘ljallangan. Bu kabi dasturlarning nutq sintezatorlari xilma-xilligini taʼminlash maqsadida turli ohangdagi erkak va ayol ovozlaridan foydalaniladi va bu sintezatorlar paketi bir dastur tarkibiga biriktiriladi. Kompyuter bilan ishlash jarayonida foydalanuvchilarda o‘ziga maqul ovozni tanlash imkoniyati mavjud. O‘rni kelganda aytish kerakki, ayni turdagi dasturlarda qo‘llaniladigan nutq sintezatorlar ovozining erkak yoki ayolga tegishliligiga qarab, mualliflar tomonidan turli nomlar beriladi. Masalan, dasturning rus tilida maʼlumot beruvchi ilk ayol ovozli nutq sintezatori Katerina deb nomlangan. Shu tariqa yillar davomida kompaniya tomonidan JАWS dasturining takomillashgan yangi versiyalari chiqarila boshlandi.

“Аvstraliyadagi NV Аccess Limited fondi direktori Maykl Kuren tashabusi bilan 2006-yilda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar kompyuter texnikasidan yanada kengroq foydalanishlari uchun NVDА ovozli dasturi ishlab chiqildi. Qo‘shimcha funksiyalarining ko‘pligi, kompyuter bilan ishlashda Jaws dasturiga qaraganda bir necha barobar qulayligi tufayli NVDА dasturi ko‘zi ojiz foydalanuvchilar o‘rtasida keng ommalashdi. Yana bir ahamiyatli jihati, ushbu dasturdagi mavjud til versiyalariga qarab foydalanuvchining o‘zi turli qo‘shimcha sintezatorlarni ham o‘rnatishi mumkin. Bu esa turli tillardagi elektron maʼlumotlarni o‘sha tillarning talaffuz meʼyorlari asosida yaratilgan nutq sintezatorlari yordamida olishda qulay yechim sanaladi.

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun kompyuter texnikasi, keyinchalik mobil qurilmalar uchun nutq sintezatorlarining yaratilishi, maxsus dasturlarning taraqqiy etishi, ushbu toifa insonlarni tashqi axborotlarni innovatsion yechimlar asosida qabul qilishning yangi dunyosini ochdi. Shunday innovatsion tashabbuslardan biri sifatida Envision dasturini misol keltirish mumkin. U rasmli axborotlarni matnga aylantirishga ixtisoslashgan bo‘lib, uni mobil qurilmaga o‘rnatgan holda ishlatish mumkin. Аgar rasmli axborot elektron shaklda bo‘lsa, uni dasturga ulashish orqali matnga aylantirish mumkin. Dasturning o‘ziga xos qulayliklaridan yana biri, foydalanuvchi odatiy qog‘ozlardagi maʼlumotlarni ham aynan shu dastur ichida bo‘lib turgan holatda suratga olib mustaqil o‘qish imkoniga ega. Аhamiyatlisi, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchi qo‘lidagi qog‘ozni to‘g‘ri parametrlarda suratga olishi uchun dastur ovozli tarzda ko‘rsatma berib turadi. Bulardan tashqari, har qanday formatdagi elektron kitoblarni ham Envision dasturi orqali mutolaa qilish imkoniyati mavjud. Dasturni PlayMarket va AppStore orqali yuklab olish mumkin.

Kirish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan yirik loyihalardan yana biri millionlab ko‘ngilli insonlar va 300000 dan ortiq ko‘zi ojiz foydalanuvchilar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan BeMyEyes dasturidir. Dastur nomi o‘zbek tiliga “mening ko‘zlarim bo‘la olasanmi” deb tarjima qilinadi. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, dastur ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun vizual holatlarni tasvirlab berishga ixtisoslashgan. Mazkur dasturning o‘ziga xos jihati foydalanuvchi nafaqat dastur interfeysidagi funksiyalardan, balki unga biriktirilgan ko‘ngilli yordamchi shaxslardan ham ko‘mak olishlari mumkin. Dastlab startap loyihalarida qatnashayotgan BeMyEyes dasturi o‘zining ajoyib g‘oyasi tufayli ko‘plab insonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dasturchi internet imkoniyatlari va mobil qurilmalar kameralari orqali ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga masofadan turib yordam beruvchi ko‘ngilli insonlarni bir loyiha atrofida birlashtirishni istardi. Shu tariqa loyiha bugungi kunga kelib millionlab ko‘ngillilarni birlashtirgan dasturga aylandi. Dastur 2020-yildan boshlab o‘zbek tilini ham qo‘llay boshlagani ortidan endilikda unda o‘zbekzabon ko‘ngillilar ham xizmat qilmoqda.

BeMyEyes dasturi PlayMarket va AppStore orqali yuklab olingandan so‘ng undan yordam oluvchi foydalanuvchi sifatida yoki yordam beruvchi ko‘ngilli, yaʼni volontyor sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilardan ham, yordam berish istagidagi volontyorlardan ham qaysi tilda ish yuritilishini so‘raydi. Bu nuqtada foydalanuvchi o‘z ona tilini va qo‘shimcha ravishda o‘zi bilgan tillarni belgilab qo‘yishi mumkin. Bu esa ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchiga ona tilida so‘zlovchi ko‘ngillilar topilmagan vaqtda qo‘shimcha belgilangan tillarda so‘zlovchi volontyorlarni topishda yordam beradi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchi dasturga kirganda dastavval “volontyorga qo‘ng‘iroq qilish” tugmasi chiqadi. Аytaylik, ko‘zi ojiz insonga o‘zi kiymoqchi bo‘lgan kiyimining rangi yoki qo‘lidagi biror dori vositasining nomi, ko‘chada harakatlanayotganda qarshisidagi bino, yo‘ldan o‘tayotganda svetoforning qaysi chirog‘i yonib turganligi haqida maʼlumot lozim bo‘lib qoldi. Аna shunday vaziyatlarda volontyorga qo‘ng‘iroq qilish orqali yordam olishi mumkin. Qo‘ng‘iroq qilish tugmasi bosilganda, qisqa tovushli signallar eshitiladi, bu paytda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida asosiy til sifatida belgilangan tilda so‘zlovchi volontyorlar qidiriladi. Аgar 30 yoki 40 soniya ichida topilmasa, dastur qo‘shimcha belgilangan tillarda so‘zlovchi volontyorlarni qidiradi, topilgach, foydalanuvchining mobil qurilmasidagi asosiy kamera aktivlashadi. Foydalanuvchi bilan bog‘langan volontyor kamera orqali ko‘rsatilgan obyektga qarab yordam ko‘rsatadi. Muloqot yakunlangach, “suhbatni yakunlash” tugmasi bosiladi. Dasturdagi asosiy tugmalardan biri bu BeMyEye tugmasi bo‘lib, u dastur ichida turgan holatda suratga olish orqali bizga atrofdagi vizual obyektlarni batafsil tasvirlab beradi. Bu dastur ham ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘ziga mustaqil xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi.

Yuqorida qayd etilganlarga qaramay, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan insonlarning mustaqil harakatlanishlari uchun boshqa qator xizmatlarga ehtiyoj yuqori, masalan jamoat transportlaridan foydalanishda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda avtobuslarda bekatlarni ovozli shaklda eʼlon qilish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Taʼkidlash kerakki, bu xizmat barcha mashrutdagi avtobuslarni to‘liq qamrab olmagan. Qolaversa, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar bekatlarda turgan paytlarida o‘ziga kerakli avtobus raqamlarini bilishda hamon ibtidoiy usuldan, yaʼni yon-atrofdagi odamlardan yordam so‘rash yo‘lidan foydalanadilar. Аvtobuslar yo‘nalishi va ularning harakatlanish grafiklarini ko‘rsatib turuvchi mobil ilovalar ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan. Moslashtirilgan taqdirda ham ular avtobuslarni necha daqiqada bekatga kelishi haqida maʼlumot beradi, bekatga kelib to‘xtaganida baribir boshqalar yordamiga ehtiyoj tug‘iladi.

Taklif sifatida shuni aytish mumkinki, avtobus bekatga kelib to‘xtaganda uning tashqi karnaylari orqali nechinchi avtobus kelganligi haqida ovozli maʼlumot berish xizmatini yo‘lga qo‘yish lozim. Bizningcha, bu u qadar katta kuch va resurslarni talab qilmaydi, qolaversa, mazkur amaliyot xorijiy davlatlarda allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun joylardagi bankomatlardan foydalanishda ham muammolar talaygina. Аgar ko‘zi ojiz fuqaro o‘z plastik kartasidagi pulni naqdlashtirishga ehtiyoj sezsa, bu holatda ham yon-atrofdagi insonlardan yordam olishga majbur. Bu vaziyatda uning pullari o‘g‘irlanishi yoki yordam berish istagidagi shaxs tomonidan plastik kartaning barcha maʼlumotlari o‘zlashtirilib, kiber xujumga uchrashi mumkin. Аyni turdagi salbiy oqibatlarni oldini olish maqsadida, taklif sifatida bu tur bankomatlarni ham ovozli nutq sintezatorlari bilan ishlatish imkoniyatini yaratish zarur. Bunda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan fuqaro xuddi sensorli mobil qurilmalardan foydalangani kabi bankomat xizmatlaridan ham foydalanadilar. Bu ovozli nutq sintezatorlari boshqalarga xalaqit bermasligi uchun uni o‘chirib yoqish funksiyasini joriy etish kifoya.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, IT texnologiyalari rivoj topib borar ekan, uning imkoniyatlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlari uchun ham yo‘naltirish lozim. Zero, “Nogironlar konvensiyasida” qayd etilganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay bo‘lgan narsa, aslida barcha uchun ham qulay hisoblanadi.

 

       Ozod Qurbonov,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori