“Yuksalish” harakati yo‘llardagi xavfsizlik bo‘yicha so‘rov o‘tkazdi
“Yuksalish” harakati tomonidan “Avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta’minlash, avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llar holati bo‘yicha” aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
So‘rovda jami 2743 nafar respondent qatnashib, ularning 46,36 foizi qishloqda yashovchilar va 44,94 foizini shahar aholisini tashkil etdi.
Respondentlarning 35,55 foizi o‘z yashayotgan hududidagi avtomobil yo‘llarining umumiy holatini “yaxshi”, 27,95% - “qoniqarli”, 18,01% - “qoniqarsiz”, 10,38% - “a’lo”, 7,71% esa “juda yomon” baholadi. Bu aholi o‘rtasida yo‘llarning holati va ularda amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan salbiy munosabat borligini aks ettiradi.
Yashash hududlaridagi ichki yo‘llarning umumiy holatini ishtirokchilarning 33,1% - “yaxshi”, 27,62% - “qoniqarli”, 19,69% - “qoniqarsiz”, 9,68% - “juda yomon”, 9,28% - “a’lo” baholagan. Bu ko‘rsatkich aholining ichki yo‘llar holatiga bo‘lgan munosabati asosiy avtomobil yo‘llariga nisbatan salbiy ekanligini anglatadi.
So‘rovnomadagi “Oxirgi yillarda yashash joyingizda avtomobil yo‘llari ta’mirlanganmi?” degan savolga ishtirokchilarning aksariyati (47,23%) “ha” deb javob bergan bo‘lsa, 26,17% respondent “yo‘q” javobini belgilagan. Ushbu ta’mirlash ishlarining asosiy qismi yangi asfalt yotqizish (28,72%) va eski asfaltni yangilash (13,96%) ishlari tashkil qilishi bildirilgan.
Respondentlarning 39,24% o‘zi yashaydigan hududdagi avtomobil yo‘llari piyodalar uchun xavfsiz emasligini qayd etgan bo‘lsa, 38,98% “o‘rtacha” va 21% “xavfsiz” deb javob bergan. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 40,99% aholi punktlaridan o‘tgan avtomobil yo‘llaridagi piyodalar kesib o‘tish joylarida xavfsizlik ta’minlanganini qayd etgan bo‘lsa, 30,87% xavfsizlik ta’minlanmagan, deb javob bergan, 27,07% esa xavfsizlik “yetarlicha emas”ligini bildirgan. Ushbu raqamlar aholi punktidagi piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq infratuzilmada kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, 44,61% respondent o‘z yashash hududida piyodalar yo‘laklari (trotuarlar) borligini qayd etgan bo‘lsa, 28,75% “yo‘q” va 25,47% “to‘liq emas” deb javob bergan. Piyodalar yo‘laklarining nogironligi bor (aravachadagi) insonlar uchun qulayligi bo‘yicha 39,82% respondent “qisman qulaylik bor”, 38,98% - “qulay emas”, 20,64% -“qulay” deb javob bergan.
Yo‘llarni yaxshilash va xavfsizlikni ta’minlash uchun, asosan, yo‘llarni kengaytirish, sifatli ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildrilgan.
So‘rov natijalari O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarining umumiy holati va piyodalar xavfsizligi borasida aholi o‘rtasida jiddiy tashvish mavjudligini tasdiqladi. Ayniqsa, yo‘llar holatiga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar, piyodalar uchun xavfsizlik darajasining pastligi, piyodalar yo‘laklari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay infratuzilmaning yetarli emasligi bu sohadagi tizimli muammolarni ochiq-oydin namoyon qilmoqda. Mavjud infratuzilmaviy kamchiliklar faqat transport harakatining samaradorligiga emas, balki aholi, xususan, bolalar hayoti va salomatligiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirayotganini alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda odam o‘limi bilan yakunlanayotgan yo‘l-transport hodisalari sonining ortishi yo‘llarda aholi xavfsizligini ta’minlashda ilg‘or yondashuvlar va tizimli islohotlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi. Shundan kelib chiqib, Harakat va ekspertlar tomonidan sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- yetishmayotgan yo‘l belgilarini o‘rnatish, ortiqcha va noo‘rinlarini olib tashlash bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish;
- yo‘l chiziqlari sifati va standartlarga muvofiqligini qat’iy nazorat qilish;
- yo‘l harakatini tashkil etishning barcha texnik standartlarini (belgilar, chiziqlar, yo‘l qoplamasi sifati, masalan, "koleynost") zamonaviy xalqaro me’yorlar asosida yangilash;
- yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan barcha yo‘l obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlana olmaydigan aholi uchun to‘liq moslashtirishni majburiy standart qilib belgilash;
- har bir yo‘l uchastkasining aniq egasini belgilab, javobgarlikni kuchaytirish;
- jarimalar miqdorini ijtimoiy xavflilik darajasi va aholining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib belgilash. Jarimadan tushgan mablag‘larning maqsadli (yo‘l infratuzilmasi va xavfsizlikka) yo‘naltirilishi va shaffofligini ta’minlash;
- barcha yo‘l loyihalarini amalga oshirishdan avval mustaqil ekspertlar tomonidan majburiy xavfsizlik auditidan o‘tkazish tizimini joriy etish;
- yo‘l belgilari va chiziqlarini o‘rnatishga mas’ul SMEUni IIV tarkibidan chiqarib, mustaqil tashkilotga aylantirish yoki alohida nazorat organi tuzish;
- mavjud shaharsozlik normalari va qoidalarini (SHNQ) piyodalar (shu jumladan, nogironligi bor shaxslar) va velosipedchilar uchun xavfsiz, uzluksiz va yoritilgan yo‘laklar yaratish talablari bilan qayta ko‘rib chiqish va ularning bajarilishini qat’iy nazoratga olish;
- muhim va YTH xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda, ayniqsa, maktablar atrofida, ob-havo va kunning vaqtiga qarab o‘zgaruvchan (dinamik) tezlik cheklovlarini ko‘rsatuvchi elektron yo‘l belgilarini sinov tariqasida joriy etish;
- har bir tuman/shahar YHXB va yo‘l xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlarining o‘z hududidagi yo‘llar holati, YTHlar soni va jamoatchilik shikoyatlari asosida ochiq reyting tizimini joriy etish va natijalarini e’lon qilib borish;
- har bir maktab uchun o‘quvchilarning uyidan maktabgacha bo‘lgan eng xavfsiz piyoda yo‘nalishlarini (yoritilgan, piyodalar o‘tish joylari mavjud) aks ettiruvchi interaktiv xaritalar ishlab chiqish va ularni ota-onalar hamda o‘quvchilarga taqdim etish;
- jamiyatda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, piyodalarga hurmat va o‘zaro yordam tamoyillarini targ‘ib qiluvchi ijtimoiy roliklar, ta’lim dasturlari va jamoatchilik aksiyalarini o‘z ichiga olgan uzoq muddatli milliy dastur ishlab chiqish va amalga oshirish;
- aholiga nosoz svetoforlar, yaroqsiz yoki noto‘g‘ri o‘rnatilgan yo‘l belgilari haqida maxsus qisqa raqam yoki mobil ilova orqali tezkor xabar berish imkoniyatini yaratish va bunday murojaatlarga 24 soat ichida javob qaytarilishini ta’minlash;
- barcha darajadagi (respublika, viloyat, tuman/shahar) yo‘l qurilishi, ta’mirlash va harakat xavfsizligini tashkil etishga oid loyihalarni tasdiqlashdan oldin, ularning mustaqil transport ekspertlari, shaharsozlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar vakillari va faol fuqarolardan iborat ekspert-jamoatchilik kengashlari tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkazilishi hamda ijobiy xulosasi olinishi tartibini kuchaytirish.
Avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni oshirish – zamonaviy jamiyatdagi ustuvor vazifalardan biridir. Bu orqali ko‘plab transport muammolariga yechim topish, shu bilan birga davlat darajasida insonlar hayotini saqlab qolish mumkin.