@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkentdagi istirohat bog‘lari va yashil hududlarga oid so‘rov natijalari bo‘yicha hisobot

 2025-05-14 16:46:07   |     Просмотров: 7221

2025-yil may oyida “Yuksalish” harakati tomonidan “Toshkent bog‘larini qanday yaxshilash mumkin? Shahar aholisi fikri” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovning maqsadi — bog‘lar va yashil hududlar borasida shahar aholisi ehtiyojlari va kutilmalarini o‘rganish hamda bu hududlarda zarur o‘zgarishlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu hisobotda Toshkentdagi bog‘lar va yashil hududlar haqidagi jamoatchilik fikri, ular qaysi maqsadlarga xizmat qilayotgani va yaxshilash bo‘yicha istaklar tahlil qilinadi. So‘rov quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi: bog‘larga har qancha muddatda tashrif buyurilishi, aholining mamnunlik darajasi, mavjud muammolar, yangi yoki yangilangan bog‘larda aholi ko‘rishni istagan jihatlar, qo‘shimcha bog‘larga bo‘lgan ehtiyoj va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar.

So‘rovda 18 yoshdan 60+ yoshgacha bo‘lgan turli yoshdagi 403 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ulardan ayollar — 56,3%, erkaklar — 43,3%ni tashkil etadi.

Respondentlar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Chilonzor, Olmazor, Yakkasaroy, Shayxontohur, Sergeli, Bektemir, Yangihayot/Yashnobod va Uchtepa kabi tumanlaridan bo‘lib, bu so‘rovning keng geografik qamrovga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Диаграмма ответов в Формах. Вопрос: 1. Yoshingiz/ Ваш возраст:. Количество ответов: 400 ответов.

Bog‘larga qancha muddatda tashrif buyurishga oid savolga quyidagicha javoblar olindi:

  • 32,3% respondent “Haftasiga bir necha marta” deb javob berdi;
  • 32,6% respondent “Oyda bir marta” deb javob berdi;
  • 28,3% respondent “Juda kamdan-kam” deb belgiladi;
  • 5,8% respondent esa bog‘larga har kuni tashrif buyurishini bildirdi.
    Faqat 3 nafar ishtirokchi bog‘larga umuman bormasligini ma’lum qildi.

 

Toshkentda eng ko‘p tashrif buyuriladigan bog‘lar va “yashil hududlar” sifatida respondentlar quyidagilarni ko‘rsatdilar:

  1. “Tashkent City Park” – 35%
  2. G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i (Dream Park) – 31,2%
  3. “Magic City” – 29,7%
  4. “Ko‘k gumbazlar” bulvari – 23,9%
  5. “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘i – 23,2%
  6. Yapon bog‘i – 22,4%
  7. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekopark – 20,9%
  8. Ulug‘bek nomidagi markaziy park – 19%
  9. “Do‘stlik” bog‘i (sobiq Bobur bog‘i) – 15,9%
  10. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i – 14,4%
  11. Navoiy nomidagi milliy park – 13,9%
  12. Ashxobod bog‘i – 12,8%
  13. “Lokomotiv” bog‘i – 12,1%
  14. “G‘alaba bog‘i” – 9,6%
  15. Furqat nomidagi bog‘ – 7,6%


Shuningdek, quyidagi joylar ham sanab o‘tilgan: Botanika bog‘i, “River” bog‘i, Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘, “Quyoshcha nuri” bog‘i (Bektemir tumani), “Yangi Sergeli” bog‘i, Adiblar xiyoboni, Amir Temur xiyoboni.

Keyingi savolda esa respondentlardan Toshkentdagi bog‘lar holatidan mamnunlik darajasi haqida fikr so‘raldi.

 

Bog‘lar holatidan mamnunlik va mavjud muammolar
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p "Umuman olganda mamnunman, lekin kamchiliklar bor" degan javob belgilandi (57,7%). Bu respondentlarning bog‘larga nisbatan ijobiy munosabatda ekanligi, ammo ehtiyojlar to‘la qoniqtirilmayotganini ko‘rsatadi.

  • Respondentlarning salmoqli ulushi (30,9%) jiddiy muammolar mavjudligini ta’kidladi.
  • 7,6% ishtirokchi mavjud bog‘lardagi holatdan umuman qoniqmaydi.
  • 3,8% respondent esa bog‘lardan to‘liq mamnun ekanini bildirdi.


Bog‘lardagi mavjud muammolar
orasida quyidagilar eng ko‘p qayd etildi:

  • Yashillik va soya-salqin joylarning yetishmasligi – 73,9%. Bu deyarli barcha javoblarda eng ko‘p tilga olingan muammo sanaladi.
  • Skameykalar va soyabonlar yetarli emas – 66,3%
  • Chiqindilar va gigiyena muammolari – 45,8%
  • Shovqin va betartiblik (ko‘pincha baland musiqa va attraksionlar bilan bog‘liq) – 36,2%
  • Nogironlar uchun sharoitlar yo‘qligi – 37,5%

Shuningdek, quyidagi kamchiliklar ham eslatib o‘tildi:

  • Bolalar va sport maydonchalarining yetishmasligi
  • Narxlar balandligi
  • Yoritish va qo‘riqlash tizimining yo‘qligi
  • Bepul o‘yin maydonchalari yetishmasligi
  • Chiqindi qutilarining yo‘qligi va boshqalar

Yangi yoki yangilangan bog‘larda aholi ko‘rishni istagan jihatlar

Respondentlarning asosiy istagi bu — “Yashil hududlarning ko‘proq bo‘lishi”. Bu bevosita eng muhim muammo yechimi hisoblanib, 87,2% respondent shu javobni belgilagan.

Bundan tashqari, ishtirokchilar quyidagi xohishlarni qayd etgan:

  • “Ochiq osmon ostidagi kutubxonalar / o‘qish burchaklari” – 53,1%
  • “Ijodiy zonalar / master-klasslar” – 44,3%

Shuningdek, aholida quyidagi qulaylik va hududlarga ehtiyoj borligi aniqlandi:

  • Oilaviy dam olish uchun hududlar
  • Veloyo‘laklar va yugurish yo‘lakchalari
  • Etnomaydonlar (madaniy-etnografik zonalar)
  • Madaniy tadbirlar
  • Sport (tennis, basketbol, voleybol) maydonchalari
  • Favvoralar, suv obyektlari, ariqlar
  • Ekologik talabga mos piknik zonalari
  • Yoga va meditatsiya uchun joylar
  • Toza hojatxonalar
  • Chiqindi uchun maxsus qutilar
  • Bolalar uchun bepul o‘yin maydonchalari

 

Yashash hududi atrofida qo‘shimcha bog‘ga ehtiyoj bormi?

Qo‘shimcha bog‘larga ehtiyoj va taklif etilgan g‘oyalar

Aholining yashash joyi yaqinida qo‘shimcha bog‘ kerakmi degan savolga:

  • Ko‘pchilik “Ha” deb javob berdi. Bu esa shahar bo‘ylab bog‘larga ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
  • Ayniqsa Yashnobod, Sergeli va Qumariq (3-aeroport yaqinida) hududlarida bu masala alohida ta’kidlandi.

“Toshkent bog‘larini qanday yaxshilash mumkin?” degan savolga berilgan 178 ta ochiq javob tahlili quyidagicha tasniflandi:

A. Yashillik

  • Katta, soyali daraxtlar (platan, eman, ignabargli daraxtlar) ekish
  • Mavjud daraxtlarni saqlab qolish va kesishni taqiqlash
  • Vertikal va landshaft uslubida ko‘kalamzorlashtirish

B. Sokinlik va osoyishtalik

  • Shovqinli musiqa va attraksionlarsiz bog‘larni ko‘paytirish
  • Bog‘larda savdo nuqtalarini kamaytirish
  • Sokin dam olish zonalarini yaratish

C. Qulayliklar

  • Skameyka va soyabonlarni ko‘paytirish
  • Sifatli piyodalar yo‘laklari va veloyo‘laklar
  • Yoritish, qo‘riqlash, videokuzatuv tizimlari
  • Toza hojatxonalar, ichimlik suvi favvoralari
  • Sport maydonchalari, yoga zonalari
  • Bolalar uchun o‘yin komplekslari

D. Hamma uchun birdek imkoniyatlar

  • Nogironlar uchun infratuzilma
  • Kirish bepul yoki hamyonbop bo‘lishi

E. Boshqaruv

  • Doimiy tozalash va parvarish
  • Tartibni saqlash nazorati
  • Sug‘orish va o‘simliklarni parvarishlash

Asosiy xulosalar:

  1. Yashillik va soyaga ehtiyoj juda yuqori – bu respondentlar tomonidan eng ko‘p qayd etilgan muammo.
  2. “Tabiiy” bog‘larga talab katta – odamlar attraksionlarga to‘la savdo maskanlari emas, tinch, yashil dam olish joylarini ma’qul ko‘radi.
  3. Asosiy infratuzilmani yaxshilash zarur –skameykalar, soyabonlar, toza hojatxonalar, chiqindi qutilari, piyoda yo‘lakchalarini ko‘paytirish kerak.
  4. Bog‘lar ham jismonan, ham moliyaviy jihatdan barcha uchun ochiq bo‘lishi lozim.
  5. Yangi bog‘lar kerak – ko‘p tumanlarda yashil hududlar yetishmaydi, aholining bu boradagi ehtiyoji yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Tadqiqot asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar:

  1. Eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangi bog‘lar yaratishda katta, soyali daraxtlar ekish va yashil maydonlarni ko‘paytirishga ustuvorlik berilishi lozim.
  2. Bog‘lar ichida zonalarni aniq ajratish: ma’lum hududda faol zonalar (sport, attraksionlar) hamda kengroq hududda sokin zonalar (dam olish, o‘qish, sayr qilish) bo‘lishi kerak.
  3. Savdo nuqtalari va attraksionlarni joylashtirish siyosati rekreatsion va yashil hududlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
  4. Har bir bog‘da quyidagilar bo‘lishi kerak: yetarlicha skameykalar, chiqindi qutilari (ajratilgan holda), bepul va toza hojatxonalar, ichimlik suvi favvoralari va yoritish tizimi.
  5. Veloyo‘laklar va piyodalar yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish zarur.
  6. Aholi bilan muntazam aloqada bo‘lish, ularni bog‘lar rejalashtirishi va rivojlantirish jarayonlariga jalb qilish kerak.
  7. Mavjud yashil zonalarni qat’iy himoya qilish, ularni qurilish maydonlariga aylantirishga yo‘l qo‘ymaslik zarur.