Bepul huquqiy maslahatlar aksiyasida 5000ga yaqin fuqaro qatnashdi
Joriy yilning 26-27-mart kunlari “Yuksalish” harakati va O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorligida navbatdagi “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi o‘tkazildi.
Maqsad fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, fuqarolik huquqlaridan foydalanish sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish, shuningdek, fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Loyiha besh yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda.
Fuqarolar murojaat qilgan ommabop masalalar qatorida ko‘chmas mulkni sotish – 41, meros huquqi – 306, oilaviy munosabatlar – 90, ishonchnomani rasmiylashtirish – 156, hadya – 115, hujjatlar tarjimasini tasdiqlash va migratsiya – 75, ijara munosabatlari – 52, boshqa masalalar – 94 murojaat kelib tushdi va ularga tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, 71 dan ortiq fuqaroga turli masalalar bo‘yicha ariza yozishda yordam ko‘rsatildi.
Bu galgi aksiyada respublikamizning 31 ta lokatsiyasida 88 nafar notarius va yurist xodim tomonidan 5000 dan ziyod fuqaroga yakka tartibda bepul huquqiy maslahatlar berildi. Bundan tashqari, aholi bilan 40 dan ziyod davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Huquqiy aksiyada eng ko‘p fuqaro Qashqadaryo viloyatida ishtirok etdi – 355 nafar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.
“Yuksalish” harakati va Notarial palata o‘rtasidagi hamkorlik 2020-yil sentabr oyida ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Shu vaqtgacha fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan, xayriya tadbirlari va joylarda targ‘ibot ishlarini o‘tkazish bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati