@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yaponiyaning JICA tashkiloti O‘zbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi

 2019-06-26 10:28:00   |     Просмотров: 4645

Bugun “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) delegatsiyasini qabul qildilar. Uchrashuv davomida tomonlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, xususan sud-huquq tizimida so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlarni muhokama qildilar.


Muloqot avvalida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov delegatsiya a’zolariga tashkilotning maqsad va vazifalari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda loyihalari haqida ma’lumot berdi. Xususan, islohotlarning amalga oshirilishi jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilishda faol ishtirok etish, qabul qilinayotgan qarorlar va muhokama jarayonlarini keng jamaotchilikka yetkazish kabi yo‘nalishlardagi ishlar mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.


O‘z navbatida, yaponiyalik mutaxassislar O‘zbekistonda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni doimiy kuzatib borayotganliklarini bildirdilar. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollar tengligi masalalari yuzasidan so‘nggi paytlardagi faol harakatlarni olqishladilar. Shuningdek, agentlikning O‘zbekistondagi bir necha yillik faoliyati davomida fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish, bankrotlik va ma’muriy huquq sohasini takomillashtirish bo‘yicha samarali natijalarga erishilganligi mehmonlar tomonidan ta’kidlandi.


Do‘stona ruhda kechgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vakillari O‘zbekistonda sud-huquq tizimida hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirdilar. Xususan, islohotlar jarayonlarida yaponiyalik mutaxassislarni jalb qilish, texnik va ekspertlik ko‘mak ko‘rsatish imkoni mavjudligi bildirildi. Hamkorlik doirasida mutaxassislar malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va turli mavzularda tadqiqotlar o‘tkazish masalalari yuzasidan fikrlar almashildi.


Ta’kidlash joizki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistonda sud-huquq tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihalari so‘nggi bor 2009 yil amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.