@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Fuqarolik jamiyati va huquqiy kafolatlar: NNTlar faoliyatida yangi bosqich

 2025-03-17 17:51:36   |     Просмотров: 1625

Nodavlat notijorat tashkilotlari dolzarb masalalarni hal etishda muhim o‘ringa ega. Ular davlat tuzilmalari va jamiyat o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini o‘taydi.

Biroq, bunday tashkilotlarning samarali faoliyati uchun ma'muriy to‘siqlar va aralashuvlardan himoya qiladigan mustahkam huquqiy kafolatlar zarur. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida NNTlar faoliyatini takomillashtirish va huquqiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

"O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat NNT faoliyati, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish va ma'muriy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bir qator o‘zgartishlarni nazarda tutadi.

Xususan, davlat organlari mansabdor shaxslarining NNT faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun ma'muriy javobgarlikni joriy etish taklif qilinmoqda. Bu tashkilotlarni noqonuniy bosimdan himoya qilish uchun qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarni yaratadi. Shuningdek, loyiha davlat organlariga jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha tayyorlangan hujjatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish majburiyatini yuklaydi. Agar bu talab bajarilmasa, ma'muriy choralar ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Joriy qilinishi kutilayotgan qonun o‘zgarishlariga doir fikrlari bilan “Yangi media ta'lim markazi” NNT direktori, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov bo‘lishdi:

— Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning nufuzli xalqaro minbarlardan turib qilayotgan har bir tarixiy ma'ruzasi, jamoatchilik vakillari bilan olib borayotgan ochiq muloqotlarida O‘zbekistondagi yangi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga shaxsan e'tibor qaratayotganliklari biz uchun katta sharaf.

Shuningdek, respublikadagi yetakchi partiyalar, vazirliklar va idoralarning, umuman olganda siyosiy elitaning NNTlarga nisbatan munosabati o‘zgarayotganini ijobiy holat sifatida baholayman. Chunki har qanday erkin, demokratik jamiyatning taraqqiy etishida NNTlarning o‘rni beqiyos.

Biroq hozirgacha saqlanib qolayotgan ayrim eskicha qarashlar va stereotiplar bunga halaqit beradi. Vaholanki, nohukumat tashkilotlar davlat tashkilotlarining qo‘li yetmaydigan ayrim muammolarni joyida hal qilish, jamiyatning quyi bo‘g‘inlari bilan bevosita yaqindan ishlash imkoniyatiga ega. Bu borada ular davlat tashkilotlari uchun eng yaqin hamkor bo‘la oladi. Shu sababdan tobora shakllanayotgan o‘zaro ishonch, professional munosabatlar yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga ishonaman.

Ayniqsa, hozir ko‘rib chiqilayotgan qonunchilik loyihasi doirasida muhokama qilinayotgan jiddiy o‘zgarishlar, xususan NNTlar faoliyatiga ortiqcha aralashuvlar, tekshiruvlarning oldini olish, shu bilan birga moliyaviy hamda ularni turli soliq bosimlaridan ozod qilish, ular kiritayotgan tahliliy o‘rganishlar natijalarini inobatga olish va boshqalar jamoatchilik tashkilotlari uchun suv bilan havodek zarur.

O‘ylaymanki, ushbu o‘zgarishlarning barchasi NNTlar faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Pirovardida xalqimiz hayotini, kundalik turmushini yengillashtirishga, jamiyatimizni yuksak cho‘qqilarga olib chiqishga,  shuningdek, Yangi O‘zbekistonning xalqaro media maydondagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

21-martga qadar barcha xohlovchilar qonun loyihasiga oid takliflarini Qonunchilik palatasi saytida qoldirishi mumkin.

 “Yuksalish” harakati matbuot xizmati