@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Buxoro viloyatida “Tashabbusli byudjet” loyihalarining holati qay ahvolda?

 2024-12-25 18:50:44   |     Просмотров: 1168

“Yuksalish” harakati tomonidan xalqimizni katta qiziqishi va faolligiga sabab bo'layotgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari doimiy monitoring qilib borilmoqda. Xususan, Harakatning Buxoro viloyati bo'linmasi faollar bilan hamkorlikda 2023 yilda g'olib deb topilgan tashabbuslarni ijro holatini o'rgandi. Jamiyat monitoringlari 2024 yilning 20 iyunidan 2 iyuliga qadar o'tkazildi.

Viloyatda 2023 yil “Tashabbusli byudjet” jarayonida qariyb 2 million aholidan kelib tushgan 6 496 ta taklifdan 297 ta tashabbus g'olib bo'lgan va ularga 267,7 milliard so'm mablag' ajratilgan. Ushbu mablag'ga 148 ta maktab, 8 ta bog'cha va 57 ta tibbiyot muassasalarini jihozlash va ta'mirlash, 42 ta loyihada ichki yo'llarni ta'mirlash, hamda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash, sport maydonchalarini qurish va shu kabi 42 ta boshqa loyihalar amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.
Mas'ul tashkilotlardan olingan ma'lumotlar tahlil qilinib, viloyatning Shofirkon, Peshku, Jondor, Buxoro, G'ijduvon tumanlari hamda Buxoro va Kogon shaharlarida tanlov asosida jami 40 ta loyihaning ijro holati o'rgandilar.

Monitoringlar davomida ob'ektlarda bajarilgan ishlar, xarid qilingan jihozlar va anjomlarning sifati o'tgan yilarda bajarilgan ishlar bilan taqqoslaganda ijobiy tomonga o'zgarganini ko'rish mumkin. Masalan, Shofirkon, Buxoro tumanlari, Buxoro va Kogon shahar tibbiyot birlashmalariga zamonaviy, har tomonlama qulay, yuqori darajadagi tibbiy xizmat ko'rsatayotgan tibbiy uskunalar va jihozlar xarid qilinganligi hamda bugungi kunda aholi yuqori darajali tibbiy xizmatlardan foydalanib kelmoqda. Xususan, Shofirkon tumanidagi 4-son, Jondordagi 43-son, Buxoro tumanidagi 2-son, G'ijduvondagi 30-sonli umumta'lim maktablarida qurilish, rekonstruktsiya ishlari sifatli, o'z vaqtida bajarilib, foydalanishga topshirilgan. Yoki bo'lmasa, Shofirkonning “Iskogare” qishlog'ida aholi tomorqalarini sug'orish uchun 200 metr chuqurlikda tik quduq qazilgan, buning uchun yangi transformator o'rnatilib, 700 metr masofaga elektr liniyasi tortish ishlari juda sifatli amalga oshirilgan.

Biroq, o'tkazilgan monitoringlar davomida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar va tizimli muammolar ham aniqlanibdi.

Jumladan, Shofirkondagi 44-sonli umumta'lim maktabida loyiha asosida 80 o'rinli yangi o'quv binosi qurilgan bo'lib, loyihaga 1,3 milliard so'm mablag' sarflangan. O'rgatishlar jarayonida qurilish ishlari yakunlangan bo'lsa-da, binoning ichki devorlari sifatsiz holga kelib qolgan. Binoning pol qismi sifatsiz, notekis qilingan.
Shuningdek, ushbu ob'ektning loyiha-smeta hujjatlarida ko'zda tutilgan bir qancha ishlar amalga oshirilmaganligi aniqlanibdi. Jumladan, quyosh panellari hamda binoning ichki va kirish qismiga kuzatuv kameralari o'rnatilmagan, yong'in sodir bo'lganda ogohlantiruvchi signalizatsiya jihozlari va yong'inga qarshi kurashish burchagi o'rnatilmagan. Yuqorida nazarda tutilgan kamchiliklar bo'lishiga qaramasdan tegishli komissiya tomonidan maktab binosi foydalanishga qabul qilingan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Peshku tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy poliklinikada elektron raqamlashtirish tizimini tashkil etish bo'yicha 400 million so'm mablag' sarflanib qo'shimcha dasturiy ishlar bajarilgan. Ammo, poliklinikani elektron raqamlashtirish uchun kerak bo'lgan barcha jihozlar yetkazib o'rnatilganiga 1 yil bo'lgan bo'lsa-da, muassasa ma'muriyati ushbu tizimdan hali ham foydalanmay kelmoqda. O'rgatish jarayonida tizim statistika bazasi ko'rilganda 3 oy (aprel, may, iyun) davomida bor yo'g'i 15 nafar bemor DMED elektron poliklinika dasturi orqali ro'yxatga olingan, xolos. Yo'laklardagi navbat chaqirish tablolari va monitorlar nosoz holatda.

Peshku tumanidan o'tuvchi yuqori bosimli gaz quvuridan “Obod turmush” qishlog'iga 4700 metr uzunlikda quvur o'tkazish loyihasi g'olib deb topilgan va 420,0 million so'm ajratilgan. "Hududgazta'minot" AJ tomonidan mazkur loyihaning texnik imkoniyati mavjud deb xulosa berilgan. "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi orqali 2023 yil 12 dekabrda "Hududgazta'minot" AJ bilan "PROJECT CONSTRUCTION CONSALTING" MCHJ o'rtasida loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo'yicha 12,0 million so'mga shartnoma imzolanib, 3,6 million so'm avans mablag'lar ham moliyalashtirilgan. Biroq, oradan 5 oy o'tib, 2024 yil 15 martdagi "Hududgazta'minot" AJning yana bir xatida ushbu loyihani bajarish uchun qo'shimcha 1 milliard 580 million so'm mablag' talab etilishi hamda qo'shimcha mablag' ajratilmagan taqdirda mazkur loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi ma'lum qilingan. O'z-o'zidan savol tug'iladi, loyiha ovoz berish jarayoniga qadar Ishchi komissiyasi tomonidan nega atroflicha o'rganmasdan turib tasdiqlangan?

Buxoro shahridagi 1-son umumta'lim maktabining hojatxonasini kapital ta'mirlash uchun 158,4 million so'm mablag' yo'naltirilgan. O'rgatish jarayonida kapital ta'mirlanish ishlari amalga oshirilgan bo'lsa-da, tashqi devorlarining suvoq qismi to'kilgan va ichki qismi antisanitariya holatida ekanligi aniqlangan. Xulosa qilib aytganda, byudjet mablag'lari asosida amalga oshirilgan loyiha etiborsiz qaralgan.

Jondor tuman Koryakin kanalidan suv oladigan O'zbekiston ariğini “Xo'jahayron” mahallasidan “Dovud” mahallasiga qadar 4 km masofada qazish uchun loyiha doirasida 1,06 milliard so'm mablag' yo'naltirilgan. O'zbekiston ariğini qazish va bir qismini betonlashtirish ishlari bajarilgan. Biroq, ushbu ariq "Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli"ga qarashli Murg'ak - Yakkatut stansiyalari oralig'idagi beton ko'prigining ichidan suv quvurini o'tkazishga ruxsat etilmayotganligi sababli ishga tushirilmayapti. Tegishli mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan "Tashabbusli byudjet" loyihasiga taklif berilishidan oldin ushbu masalalar o'rganilib hal qilinmaganligi sababli bugungi kungacha aholi ushbu ariqdan foydalanmay kelmoqda.

Yuqoridagi kabi muammolar boshqa ob'ektlarda ham ko'zga tashlandi. Ularni hal etish bo'yicha respublika va mahalliy boshqaruv organlari taklif va tavsiyalar taqdim etildi.