@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Mamlakat ravnaqi yo‘lida vatandoshlarning roli va ahamiyati”

 2019-06-21 13:37:00   |     Просмотров: 4485

Mazkur mavzudagi maslahat uchrashuvi 2019-yilning 21-iyun kuni “Yuksalish” umummilliy harakati majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda bugungi kunda xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi ishlarning borishi hamda ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar mas’ullar ishtirokida ochiq muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda vatandoshlar, xususan, xorijda istiqomat qilayotgan va professional faoliyat olib borayotgan olim va malakali mutaxassislar bilan muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mutaxassislarni xorijda malakasini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligida esa maxsus bo‘lim faoliyat boshladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish va aholining turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy bilimlar va loyihalarni ishlab chiqish maqsadida “Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi. Uning Ekspertlar kengashi bugungi kunda dunyodagi 150 dan ortiq vatandosh-mutaxassislarni yagona platforma atrofida birlashtirmoqda.  

Shu bilan birga, “Yuksalish” umummilliy harakatining faoliyat yo‘nalishlaridan biri ham — chet eldadagi vatandoshlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni respublikadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayoniga faol jalb qilish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi vakilining fikriga ko‘ra, vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan vazirlik nomiga 60 dan ortiq takliflar kelib tushgani, ularning 20 dan ortig‘i o‘zining amaliy ifodasini topgani haqida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, qator vazirlik va idoralarda vatandoshlar bilan ishlash, shu jumladan “yo‘l xarita”larini shakllantirish bo‘yicha  muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Vatandoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralar o‘rtasida yagona kalendar rejasini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

 O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakilining fikriga qo‘ra, bugungi kunga qadar vatandoshlar mavzusiga oid 76 ta tadbir o‘tqazilgan bo‘lib, mamlakatning global imijini yaxshilashda turizmning ahamiyati muhim ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, vatandoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashinuvi yo‘qligi ham alohida  qayd etilib,  vazirlik va idoralar o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi organ tashkil qilish taklifi ilgari surildi.

“Buyuk kelajak” XNNT ekspertlarining fikricha, vatandoshlar masalalari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarning ko‘pligi muammoga tizimli yondashuvni qiyinlashtirmoqda. Xalqaro ekspertlarni ishga taklif qilish, ularning oylik maoshlari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qator tizimli muammolar mavjudligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, yurtga qaytgan vatandoshlarning jamiyatga moslashish jarayonini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Xorijiy ekspertlarning oylik maoshlari bo‘yicha esa xaqqoniylik prinsiplariga asoslangan yondashuvning zarurligi ta’kidlandi.

Chet elda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan vatandoshlarning ilmiy darajalarini tan olish masalasi ham hanuzgacha kun tartibida dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan, uchrashuvda ishtirok etgan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti vakili tomonidan nostrifikatsiya masalasini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar taqdim etildi. 

“Madad” huquqiy yordam ko‘rsatish markazi direktorining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida 1,3 mln vatandoshimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 80 foizi oliy ma’lumotga ega emas. Vatandoshlarning asosiy qismini ishchi migrantlar tashkil etishini inobatga olib, ularning huquqiy bilimlarini kuchaytirish, til ko‘nikmalarini yaxshilash bo‘yicha takliflar berildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha vatandoshlar bilan hamkorlik qilish sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi. 

“Yuksalish” umummiliy harakati matbuot xizmati