@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkentda Ayollar huquqlari bo‘yicha jamoatchilik siyosati maktabi ish boshladi

 2024-11-13 15:35:10   |     Просмотров: 1758

13-noyabrdan 15-noyabrgacha Ayollar huquqlari bo‘yicha jamoatchilik siyosati maktabi bo‘lib o‘tadi.

Maktab “Yuksalish” harakati va “ARGO” Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uyushmasi (Qozog‘iston) hamkorligida Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Maktabdagi o‘quv mashg‘ulotlari ijtimoiy siyosat sohasidagi mutaxassislarning salohiyatini oshirishga qaratilgan. Dastur siyosiy jarayonlarni tahlil qilish, strategiyalarni ishlab chiqish va ijtimoiy kampaniyalarni boshqarish mavzularini qamrab olgan. Ma’ruzachilar sifatida milliy va xalqaro ekspertlar taklif qilingan bo‘lib, bu ishtirokchilarga tajriba almashish hamda kasbiy yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi.

Maktabda Farg‘ona, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridan 30 nafar fuqarolik jamiyati, xotin-qizlar boshchiligidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, mahallalar yetakchilari tinglovchi sifatida ishtirok etdi.

Maktabning asosiy yo‘nalishlari qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani tahlil qilish, davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik, chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish va gender yo‘nalishli jamoatchilik kampaniyalarini boshqarish, shu jumladan byudjetlashtirish va ijtimoiy-siyosiy hayotda teng ishtirok etish mavzularini o‘z ichiga oladi.

Ochilish marosimida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘tkazilayotgan “Empowerment Now” loyihasi doirasidagi kichik grantlar tanlovi g‘oliblari bo‘lgan 10 ta nodavlat notijorat tashkilotiga sertifikatlar topshirildi.

Ma’lumot uchun: grant dasturi O‘zbekistonning beshta pilot hududini qamrab olgan bo‘lib, u yerda ayollar va qizlarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari olingan mablag‘larni gender tengligi va ayollar va qizlarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollarni qarorlar qabul qilish va muloqotga jalb etishga yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati