Davra suhbati: “O’zbekistonda aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash. Bugun va istiqbolda”
Joriy yilning 29-oktabr kuni tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirokida ushbu mavzu yuzasidan fikr almashindi, mavjud masalalar, yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Tadbir O’zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi anjumanlar zalida “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Eslatib o’tamiz, 2023-yilning aprel oyidan “Yuksalish” harakati va “Umidvorlik” markazi tomonidan Germaniyaning Solidaritätsdienst International e.V. (SODI) nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Moliyaviy ko‘mak – Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi.
Maqsad – 18-35 yoshdagi nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga innovatsion xizmatlar ko‘rsatish, ularga o‘z huquqlarini, shaxsiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda imkoniyatlarni kengaytirish orqali turmush sifatini yaxshilash.
Loyiha doirasida Toshkent shahrida Yoshlar uchun Ijtimoiy markaz ochilgan. Markaz faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida “Ishonch telefoni” (+998 95 196 97 97) ham yo‘lga qo‘yilgan.
Davra suhbatida Germaniyaning SODI tashkiloti, “Yuksalish” harakati, O’zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi rahbariyati, Yoshlar ishlari agentligi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Inson” markazlari, O‘zbekiston Milliy universitetining “Ijtimoiy ish” kafedrasi, Yuridik universitetining “Yuridik klinika”si hamda “Ish Plus” loyihasi vakillari ishtirok etdi.
– O’zbekistonda aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashning alohida metodik yondoshuvlarini ko’rdim. Ayniqsa, qiyin vaziyatda qolgan insonlar, shu jumladan yoshlar uchun alohida markazlar tashkil etilishi, murojaat qilib kelganlarga yuridik, psixologik, ijtimoiy maslahatlar berilib, yo’l ko’rsatilishi menga juda ma’qul bo’ldi, – dedi SODI tashkiloti loyiha rahbari Ulrike Push xonim.
Ishtirokchilar o’z ma’ruzalarida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning bugungi holati, nodavlat sektorda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va davlat organlari bilan hamkorlik tajribasi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirish bo’yicha o’tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga to’xtalib o’tdi.
– Turli qiyin vaziyatlarda qolgan yoshlar uchun tashkil etilgan Ijtimoiy markazimizda psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodim, IT-trener, biznes-maslahatchi, hunarmandchilik xizmatlari bepul ko‘rsatilib kelinmoqda. Shu yilning o’tgan davri mobaynida Markazga 250 ga yaqin yoshlar murojaat qildi. Ijtimoiy xodimdan 208 nafar, psixologdan 156 nafar, huquqshunosdan 186 nafar yoshlar maslahat va yo‘nalish oldi. Psixologik, biznes va IT treninglarda 450 dan ziyod o’g’il-qizlar ishtirok etdi, – dedi loyiha koordinatori, “Umidvorlik” nogiron bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Marina Teperina.
Tadbir yakunida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, qiyin vaziyatdagi, nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati