@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Eshitish qobiliyatida muammolar boʼlgan insonlar qanday qiyinchiliklarga duch keladilar?

 2024-10-09 17:13:09   |     Просмотров: 2733

23-sentabrdan 29-sentabrgacha Xalqaro qulogʼi ogʼirlar xaftaligi boʼlib oʼtdi. Turli mamlakatlarda eshitish qobiliyati buzilgan insonlar har kuni duch keladigan muammolar haqida xalqaro hamjamiyat xabardorligini oshirishga qaratilgan mavzuga oid tadbirlar oʼtkazildi.

JSST ning maʼlumotlariga koʼra, 2050-yilga kelib taxminan 2,5 milliard odam u yoki bu darajada eshitish qobiliyatini yoʼqotishdan aziyat chekadi, 700 million inson esa eshitish qobiliyati buzilganligi tufayli reabilitatsiyaga muhtoj boʼladi.

 Qulogʼi ogʼirlik yengil, moʼtadil, ogʼir va chuqur koʼrinishda boʼlishi mumkin. Eshitish qobiliyati shikastlanish, kasallik yoki tugʼma kasalliklar natijasda yoʼqotiladi.

Oʼzbekiston karlar jamiyati maʼlumotiga koʼra, mamlakatimizda deyarli 60 mingta eshitish qobiliyati past insonlar mavjud. Oʼzbekistonda qulogʼi ogʼirligi sababli nogironligi bor insonlarga katta ahamiyat beriladi. Eshitish va nutq qobiliyatida buzilishlar boʼlgan insonlarning savodini oshirish, ularga koʼrsatilayotgan taʼlim sifatini takomillashtirish uchun 2022-yil 20-oktabrda davlatimiz rahbarining “Oʼzbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida” qarori qabul qilingan. 2023-yil 1-yanvardan boshlab oʼrta taʼlim muassasalari va “Ishga marxamat” monomarkazlarida oʼzbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini oʼrgatish boʼyicha oʼquv kurslari tashkil etib kelinmoqda.

Koʼrish, eshitish va nutq qobiliyati buzilgan insonlar, shuningdek, shu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari uchun mashgʼulotlar bepul asosda oʼtkaziladi. Shuningdek, hujjatda eshitish va nutq qobiliyati buzilgan abiturientlar oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirishda majburiy tartibda surdo-tarjimon xizmatlari bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida eshitish va nutq qobiliyatida muammolar boʼlgan shaxslarni ijtimoiy kuzatish boʼyicha dispetcherlik xizmati tunu-kun faoliyat yuritadi. U kar va eshitishi past darajada boʼlgan shaxslarning murojaatlarini video-chaqiruv va matnli koʼrinishda qabul qiladi.

Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar orasida isteʼdodli insonlar talaygina. Ular sport sohasida ham yuqori darajada mahorat koʼrsatib, medallarga sazovor boʼlmoqdalar. Bu yil Bishkekda (Qirgʼiziston) boʼlib oʼtgan taekvondo boʼyicha jahon chempionatida hamyurtlarimiz Shohruz Аbdurahmonov va Dilbar Tojiboeva, Muxammad Usmonov birinchi oʼrinlarni egallashdi. Turkistonda (Qozogʼiston) boʼlib oʼtgan dzyudo boʼyicha chempionatda Shahbozjon Shoimov shoxsupa cho’qqisiga chiqdi. Eshitish qobiliyati buzilgan hamyurtlarimizdan shaxmatchilarimiz Serbiyadagi musobaqalarda sovrinli oʼrinlarni egallashdi. Marsel Shoyusupov birinchi va Iltifot Аbdulmajidova ikkinchi oʼrinni egalladi.

Yaratilgan qulay sharoitlar va imkoniyatlar bilan bir qatorda eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar duch kelayotgan muammolar ham hamon mavjud. “Yuksalish” harakati shu toifadagi insonlar oʼrtasida soʼrovnoma oʼtkazdi.

Unda Oʼzbekistonda yashayotgan 18 yoshdan 65 yoshgacha boʼlgan eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo’lgan shxslardan 102 kishi ishtirok etdi. Jumladan, respondentlarning yarmidan koʼprogʼi, yaʼni 53,9% ishlayotgan fuqarolar boʼlib, shu qatorda savollarga javob bergan talabalar (19,8%), pensionerlar (11,8%) va ishsizlar (14,7%)ni tashkil etdi.

Respondentlarning umumiy sonidan imo-ishora tilidan foydalanishdagi qiyinchiliklarga har doim duch kelganlar 34,3%, koʼpincha – 21,6%, baʼzan 31,4%, kamdan kam 6,9% ni va hech qachon duch kelmaganlar 5,9% ni tashkil etdi.

 Bunda respondentlarning 55,9% muloqot uchun texnologiyalardan foydalanishini aytgan. Respondentlarning 26,5% oʼquv materiallari ochiqligini, 39,2% esa ularni olish qiyinligi, 34,3% umuman bu materiallarni olomasligini taʼkidlagan.

Ixtisoslashgan maktablardagi oʼquvchilarning 52,9% sharoitlar oʼrtacha, 24,5% – yaxshi, 11,8% – aʼlo, 10,8% esa yomon, deya baholagan.

 Ishga joylashish jamiyatga integratsiyalashuvning yana bir muhim bosqichi hisoblanadi. Ishga joylashish shart-sharoitlari bo’yicha 7,8% respondent aʼlo, 18,6% – yaxshi, yarmidan koʼpi – 51,5% esa ularda hamma imkoniyatlar ham berilmaganligini taʼkidlagan va 22,5% respondent ishga joylashishning imkoni yoʼqligini aytgan.

59,8% respondent tibbiy xizmatlar har doim ham ochiq emas, deb hisoblaydiki, bu sogʼliqni saqlash sohasidagi muammolarni oʼrganishga alohida yondashishni talab etadi. Ijtimoiy faollik uchun imkoniyatlarni 49% respondent yaxshi, 39,2% – cheklangan deb baholagan va 11,8% imkoniyat yoʼqligini aytgan.

Soʼrovnoma eshitish boʼyicha nogironligi boʼlgan shaxslar turmushning turli sohalarida hamon qiyinchiliklarga duch kelayotganini koʼrsatadi. Аsosiy muammolar aloqa, taʼlim, texnologiyalar, tibbiy xizmatlar ochiqligi va ishga joylashish imkoniyatlari bilan bogʼliq.

Respondentlarning javoblari asosida ishlab chiqilgan takliflar

Texnologiyalar ochiqligining ta’minlanishi eshitish qobiliyati buzilgan shaxslarning turmushiga sezilarli taʼsir koʼrsatib, ularning muloqot qilishini osonlashtiradi, maʼlumotlarga yoʼl ochilishini yaxshilaydi va taʼlim olish hamda ishlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Tibbiy xizmatlar sohasida ham, ixtisoslashgan maktablarda ham eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi boʼlgan shaxslarga xizmatlar taqdim etishning ochiqligini chuqur oʼrganish zarur. Eshitish boʼyicha muammosi boʼlgan insonlarga moslashtirilgan darsliklar yaratish va imo-ishora tilida oʼqitish sifatini yaxshilashni davom ettirish, shuningdek, nogironligi bo’lgan shaxslar uchun yangi ish oʼrinlari yaratish yoki ularni ishga oladigan ish beruvchilar uchun imtiyozlarni kengaytirish zarur. Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar duch keladigan muammolar, shuningdek, ularni qoʼllab-quvvatlash imkoniyatlari haqida jamiyatni xabardor qilish alohida ahamiyatga ega.

Bu yoʼnalishda ko’riladigan chora-tadbirlar nafaqat eshitish boʼyicha nogironligi boʼlgan shaxslarning turmushini yaxshilashga, balki ularning jamiyatga integratsiyalashuviga koʼmak beradi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati