Аholi uy-joy sotib olishi va rekonstruktsiya qilish uchun subsidiya taqdim etish jarayonlari
Fuqarolarga subsidiya ajratish jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlash va iqtisodiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga ega. Bu chora daromadlardagi tengsizlikni kamaytirishga, odamlarning asosiy ehtiyojlarini qondirishga va ularning turshmush darajasini yaxshilashga yordam beradi.
2024 yilda 27 ming fuqarolarga subsidiya berish boʼyicha maqsadli koʼrsatkichlar belgilangan (20 000 nafar fuqaroga yangi uy-joy sotib olish va 7 000 nafar fuqaroga uy-joyini rekonstruktsiya qilish va taʼmirlash uchun). 2024 yilning 1 iyul kuniga qadar 3 415 nafar fuqaroga (12,1%) 112,3 mlrd soʼm miqdorida subsidiya toʼlangan.
2024 yilning 1 iyun kunidan boshlab "Mahalla yettiligi" tavsiyasi asosida va Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʼlari hisobidan kambagʼallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʼlgan shaxslarga ipoteka kreditlari ajratish amaliyoti joriy etildi.
2023 yilda “Yuksalish” harakati tomonidan ipoteka kreditlari asosida aholini uy-joy bilan taʼminlash jarayonini jamoatchilik monitoringi asosida oʼtkazilgan natijalaringa koʼra, soʼrovnoma ishtirokchilari koʼp yillik qiyinchiliklardan soʼng oʼz uy-joylariga ega boʼlganini bildirishdi. Shu bilan birga, baʼzi koʼrsatkichlarga erishishda toʼsqinlik qiluvchi bir qator omillar ham aniqlandi. Shuningdek, subsidiyalarni toʼlash va ulardan foydalanish bilan bogʼliq muammolar 2024 yilda ham dolzarb boʼlib kelmoqda.
Oʼzbekistonda aholining uy-joyga boʼlgan ehtiyojini qondirish va muhtoj qatlamlarga maqsadli yordam koʼrsatish davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biridir. Bu sohada uy-joy sharoitini yaxshilash muhtoj oilalarga davlat byudjetidan uy-joy qiymatining 10% miqdorida subsidiya beriladi va ipoteka kreditlari boʼyicha foiz stavkasining 10 foiz bandining oshgan qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.
Xususan, 2023 yilda 30 ming nafar fuqaroga subsidiya berish boʼyicha stavkalar belgilangan (24 958 nafar fuqaroga yangi uy-joy sotib olish uchun, ular ichida 5 042 nafar fuqaro 2022 yildan oʼtib kelgan) jami 1 655,9 mlrd soʼm miqdorida belgilangan. 2023 yilning olti oyi davomida subsidiya olish uchun 251 907 ta ariza tushdi (2022 yilga nisbatan 2,5 barobar koʼp), shulardan 28 283 tasiga ijobiy xulosa berildi (2022 yilda ijobiy xulosalar soni 29 000 ta).
Maʼlumot uchun: 2021 yil 9 dekabrdagi PF-33-sonli Prezident farmoniga koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarda bitta qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining maksimal miqdori 327,3 mln soʼmni, Toshkent shahrida esa 416,5 mln soʼmni tashkil etadi. Dastlabki toʼlovning bir qismini (10%) qoplash uchun subsidiyaning belgilangan miqdori 32,0 mln soʼmni, qolgan 15,0 mln soʼm (5%)ni esa qarz oluvchi oʼzi toʼlashi lozim.
2023 yilda xonadonlarning oʼrtacha narxlarini oʼrganish natijasida quyidagilar aniqlandi:
• Viloyat markazlari va yirik shaharlarda (korobka holatdagi) xonadonning bir kvadrat metri taxminan 6-10 million soʼmni tashkil etadi.
• Tumanlarda - 4,5-6 million soʼm atrofida.
• Toshkentda - 12 million soʼmdan yuqori.
Shu o’rinda, subsidiya hisobidan uy-joy sotib oluvchilarda tanlov imkoniyati cheklangan, chunki narxlar koʼpincha belgilangan, subsidiya qiymati mavjud. Bundan tashqari, subsidiya oluvchilar uchun qurilish tashkilotlari tomonidan uy-joy tan-narxini sunʼiy ravishda oshirib koʼrsatish holatlari kuzatilgan.
Аholi tomonidan qanday muammolar qayd etilgan?
Masalan, Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi toʼrt farzand otasi T.B. 2022 yilda subsidiya olgan. Unga past qavatlardagi arzonroq xonadonlarni naqd pulga, qimmatroq xonadonlarni esa subsidiyaga taklif qilishgan. U taklif etilgan narxlarni toʼlay olmasligi sababli ipotekadan voz kechgan.
Urgаnch shahrida yashovchi uch farzandning onasi, beva M.D., oʼqituvchi boʼlib ishlaydi va 2023 yilda subsidiya olgan, biroq quruvchilar undan bir kvadrat metr uchun naqd 4 million soʼm oʼrniga subsidiya hisobidan 5 million soʼm soʼraganligi sababli subsidiyadan foydalana olmagan
Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanida yashovchi D.А. subsidiya haqida faqatgina monitoring davomida bilgan, bu esa uning oʼz vaqtida subsidiyadan foydalanishiga imkon bermagan.
Аndijon viloyatida yashovchi А.D. aytishicha, unga mos keladigan uy-joy yoki quruvchilardan kerakli hujjatlar yoʼqligi sababli u kadastr hujjatini oʼz vaqtida olmagan, bu esa subsidiya muddati tugashiga olib kelgan.
Qashqadaryo viloyati Yakkabogʼ tumanida yashovchi K.G. subsidiya uchun mos keladigan hujjatlari bor yangi xonadon topa olmagan.
Subsidiya toʼgʼrisidagi xabarnomaning qisqa muddati
2023 yilda subsidiya toʼgʼrisidagi xabarnomaning amal qilish muddati toʼrt oyni tashkil etadi. Qurilayotgan uylarning aksariyatida kadastr hujjatlarining yoʼqligi fuqarolarga uy tanlash va hujjatlarni oʼz vaqtida tayyorlashga toʼsqinlik qiladi.
Subsidiyadan voz kechish
Baʼzi fuqarolar uy-joy uchun dastlabki toʼlovni amalga oshira olmaganligi sababli subsidiyadan voz kechishadi.
Subsidiya hisobidan uy-joy bilan taʼminlashga taʼsir etuvchi asosiy omillar:
• Yangi uy-joylarning narxi qimmatligi;
• Subsidiyaga beriladigan uy-joylarning yetishmasligi;
• Obʼektlarni topshirish boʼyicha aniq rejalar va muddatlarning yoʼqligi;
• Tenderlarni oʼtkazish va moliyalashtirishda kechikkuvlar, bu esa taʼmirlashda uzilishlarni keltirib chiqaradi.
Bu boʼyicha poytaxt aholisi nima deydi?
Toshkent shahrida yashovchi G.M. 2024 yilda uy-joy qidirayotganini, lekin shaharda narxlar juda yuqori ekanligini taʼkidladi. Shu bilan birga, kadastr hujjatlari bor tayyor uylar juda qimmatga tushishi, qurilishi tugallanmagan xonadonlar esa subsidiya uchun mos kelmasligini aytib oʼtdi.
I.V. ham uy-joy qidirayotgani, lekin subsidiya olish uchun murojaat qilganda, dastlab mavjud boʼlgan bir xonali xonadonlar birdaniga sotilgan yoki 200-300 million soʼm miqdorida qoʼshimcha toʼlov talab qilinayotgani aniqlandi.
G.B. – davlat subsidiyalari aslida oʼz qiymatini yoʼqotganini, quruvchilar uy narxini subsidiya miqdoriga oshirib, uy-joyni xarid qilish imkoni mavjud boʼlmay qolganini aytishmoqda.
Shu bilan birga, koʼpchilik oylik daromadlari subsidiyani hisobga olgan holda uy-joy harajatlarini qoplashga yetarli emasligini taʼkidlashdi.
Yuqoridagi muammolarni oldini olish hamda aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi omillarni bartaraf etish uchun quyidagilarni taklif etiladi:
1. Uy-joy ipotekasini subsidiyalashni ikkilamchi bozor uchun ham ruxsat berish;
2. Subsidiyadan foydalanish muddatini uzaytirish;
3. Toshkent shahri va markaziy shaharlarda ipoteka kreditining eng koʼp miqdoriga oshirish;
4. Qurilayotgan uy-joylarning pastki qavatlarini mahalliy hokimliklar buyurtmasi asosida subsidiya oluvchilar uchun rezervlash.
"Yuksalish" harakati matbuot xizmati