@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Nima uchun aholining zaif qatlamlarini psixologik qo'llab-quvvatlash kerak?

 2024-07-26 14:35:31   |     Просмотров: 1875

Poytaxtimizda “Loyihalar davomida va keyinchalik aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini psixologik qo‘llab-quvvatlash: resurslar va barqarorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Yuksalish” harakati tomonidan Germaniyaning Solidaritätsdienst International e.V. (SODI) nodavlat tashkiloti va “Umidvorlik” NNT bilan birgalikda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) moliyaviy ko'magida amalga oshirilayotgan "Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi boʻlgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi doirasida o'tkaziladi.

Tadbirda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ijtimoiy loyihalarda ishlovchi psixologlar ishtirok etdi. 

“Jamiyatda ba'zi alohida ehtiyojli odamlar borki, ular faol, ba'zilari esa o‘zini past baholaydigan va fobiyaga moyil, ijtimoiy izolyatsiyaga uchragan bo'ladi, – deydi psixologiya fanlari nomzodi Sanobar Oxunjonova. – Shunday qatlamlar bilan ishlashda shaxsiyat diagnostikasi muhim o'rin tutadi. Tashxisdan so'ng, tashqi va ichki resurslarni izlashga o'tiladi. Resurslar nafaqat moliyaviy, balki psixologik ham bo‘lishi mumkin. Masalan, qarindoshlar, do'stlar, ularning yordami. Bu aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlaydigan mutaxassislar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ta'kidlandiki, psixologlar har bir insonning individual ehtiyojlariga qaratilgan yondashuvlardan foydalanishlari kerak. Xavfsiz va qo'llab-quvvatlovchi muhitni yaratishda mijozlarning ruhiy va jismoniy holatini hisobga olish muhimdir. Psixologlar uchun shaxsiylashtirilgan davolash rejalarini ishlab chiqish, moslashuvchan ko'nikma va qobiliyatlarni oshirishga e'tibor qaratish va hissiy yordam ko'rsatish ahamiyatga ega. Inklyuziv muhit yaratish va ijtimoiy chetlanishning oldini olish uchun oilalar va jamoalar bilan ishlash talab etiladi.

– Bizga turli xil qiyin hayotiy vaziyatga tushgan yoshlar keladi, ular bilan individual ishlaymiz, maslahat beramiz, – deydi “Yoshlar ijtimoiy markazi” psixologi Gulshan Kattaxo‘jayeva. – Yoshlar, asosan, shaxsiy va oilaviy masalalarda murojaat qiladi, shuningdek, munosabatlarni to'g'rilash, o'ziga ishonchni oshirish, ichki "men"ini yuzaga chiqarish bo'yicha ham maslahat so'raydi. Talaba yoshlar bilan ham ishlaymiz, ularning kasb tanlash, uni egallash bo'yicha ko'nikmalarini oshirishga yordam beramiz.

Davra suhbatida “Ishonch va hayot” NNT, “Hayot” terapevtik markazi, “Intilish” NNT va O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi vakillari so'zga chiqib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida gapirdi. Bunday qo'llab-quvvatlov odamlarga "ruhiy jarohat", stress va tashvishlarni osonroq yengishga, ularning hotirjamligini ta'minlashga va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishini qayd etdi. 

Aholining zaif qatlamlariga psixologik yordam ko'rsatish loyihalar doirasida amalga oshirilsa, loyiha yakunidan keyin ham buni davom ettirish, dasturlarning barqarorligini ta'minlash muhimdir. Mutaxassislar bu borada hamkorlikda ishlashga, tajriba almashishga kelishib oldi.

Tadbir yakunida onlay ishtirokchilarning savollariga javob qaytarildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati