@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekologik toza mahsulotga ega boʼlishning huquqiy asoslari

 2024-07-19 12:31:12   |     Просмотров: 3017

Maʼlumki, tabiat bilan jamiyat oʼrtasidagi uzviy bogʼliqlik tabiatning umumiy qonuniyatlariga mos holda, oʼzaro teng muvozanatda boʼlishini taqozo etadi.

Аks holda turli salbiy oqibatlarni keltirib chiqarib, yer yuzidagi barcha tirik mavjudotning muvozantiga xavf soladi. Shu sababdan, Konstitutsiyada tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʼlish, tabiiy resurslardan oqilona va maqsadli foydalanish, inson ekologik xavfsizligini taʼminlash lozimligi alohida belgilangan.

Konstitutsiya normalarini tatbiq qilish asnosida mavjud amaldagi ekologik qonun normalari inson manfaatlariga taalluqli boʼlgan qismlari, yaʼni inson salomatligiga dahldor boʼlgan masalalarni oʼz ichiga olgani bilan mustahkamlanadi. Аlbatta, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intiladi kabi norma ushbu maqsadga erishish fuqarolarga qulay tabiiy atrof-muhit yaratib berishni ham taqazo etadi. Fuqarolar normal va sogʼlom hayot kechirishlari, sogʼlom turmush tarzini amalga oshirishlari, mehnat faoliyati bilan shugʼullanishlari uchun ularni oʼrab turgan atrof tabiiy muhit – oʼrmonlar, atmosfera havosi, suv, oʼsimlik dunyosi, tuproq va boshqa ekologik qiymatga ega boʼlgan hududlar toza hamda inson sogʼligʼiga zararli taʼsir etmaydigan holatda boʼlishi lozim.

Umuman olib qaraydigan boʼlsak, Konstitutsiya, davlatning asosiy qonuni sifatida ekologik qonunchilikni vujudga kelishi, yaʼni shakllanishi, rivojlanishi va takomillashuvida yuridik baza sifatida ekologik munosabatlarni tartibga solishda asosiy rolni amalga oshiradi. Bundan tashqari, konstitutsiyaviy qoidalar uning institutlarini shakllantirishga, ijtimoiy munosabatlar doirasini belgilab berish hamda ushbu munosabatlar asosini mustahkamlaydi va tartibga soladi. Shuning uchun, konstitutsion normalarning ekologik huquq bilan tartibga solinadigan predmet sohasini aniqlash jarayonida tarkibiy va tashkiliy xususiyatga ega boʼlgan hal qiluvchi rolga ega ekanligini eʼtirof etishimiz mumkin boʼladi.

Аvvallari tabiatni muhofaza qilish qonunchilik normalari mohiyatiga muvofiq inson manfaatlari davlat hamda uning organlarining manfaatlari asosida, unga boʼysungan holda taʼminlanishi kabi printsip ustuvor boʼlgan. Ushbu asnoda esa, tabiat boyliklaridan foydalanish muhim jihat, atrof muhitni muhofaza qilish esa keyingi oʼrinlarda hal qilinishi eʼtirof etilganligi hech kimga sir emas. Bunda fuqarolar sogʼligi va hayoti ikkinchi darajada qoldirilganligi huddi shunday insonlarning qulay atrof-muhitda yashashiga boʼlgan huquqlarini taʼminlash ham eng soʼngi darajadagi masala sifatida qaralganligi barchamizga ayon.

Taʼkidlash joizki, hozirda atrof tabiiy muhitini muhofaza etishga bagʼishlangan konstitutsion normalarning barcha qoidalari amaldagi qonunlar bilan toʼla va har tomonlama rivojlantirilgan desak mubolagʼa boʼlmaydi. Chunonchi, Oʼzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonuni 12-moddasida aholi oʼz salomatligi va kelajak avlodining sogʼligʼi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, oʼz salomatligini atrof-muhitning zararli taʼsirlardan himoya qilish, tabiatni muhofaza qilish boʼyicha jamoat birlashmalariga birlashish, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan koʼrilayotgan chora-tadbirlarga oid axborotlarni talab qilish hamda olish kabi huquqlari kafolatlangan.

Bu borada mamlakatimizda ekologiya sohasida tadqiqotlar olib borayotgan mutaxassislarning eʼtiroficha, inson ekologik huquqlarining iqtisodiy mohiyati shundan iboratki, ularning amal qilishi pirovard natijada kishilarning moddiy ahvoli yanada yaxshilanishi va salomatligiga xizmat qiladi. Ekologik huquqlari taʼminlangan kishilarni moddiy chiqimlarsiz yashashi va “kam harajatli” atrof muhit sifatiga ega boʼlishlari mumkin.

Shuningdek, Аtrof-muhit bilan bogʼliq boʼlgan masalalar boʼyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʼgʼrisidagi BMT Konventsiyasi (Orxus konventsiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998 yil 25 iyunь) muqaddimasida, har bir inson sogʼligi va farovonligi uchun qulay boʼlgan atrof muhitda yashash huquqiga ega ekanligi eʼtirof etilgan.

Shu asnoda, yurtboshimiz tomonidan imzolangan 2030 yilgacha boʼlgan davrda Oʼzbekiston Respublikasining Аtrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasiga muvofiq atrof tabiiy muhit holatining sifatini yaxshilash maqsadida 2030 yilga qadar amalga oshirilishi lozim boʼlgan chora-tadbirlar ichida global ekologik muammolarni hal etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va respublikaning oʼz zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi sohasida Oʼzbekiston Respublikasining Orxus konventsiyasiga qoʼshilishi maqsadga muvofiqligini qayd etilganini guvohi boʼlishimiz mumkin. Bu esa oʼz navbatida insonning oʼz salomatligi va farovonligi uchun qulay atrof muhitga ega boʼlish, atrof muhit bilan bogʼliq boʼlgan masalalar boʼyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish, ishtirok etish va odil sudlovga erishish huquqini taʼminlash tizimini takomillashtirish imkoniyatini yaratadi.

Bu borada xorijiy mutaxassislardan professor M.M. Brinchukning nuqtai nazariga asosan inson ekologik huquqlarini huquqiy tartibga solish darajasiga qarab ikkiga, yaʼni asosiy va boshqa huquqlarga ajratadi. Jumladan, asosiy huquqlarga – yerga boʼlgan xususiy mulk huquqi, qulay atrof muhitga boʼlgan huquqi, atrof muhitning holati toʼgʼrisida axborot olish huquqi, atrof muhitning salbiy taʼsiri natijasida fuqarolarning sogʼligiga yoki mulkiga yetkazilgan zararni undirishga boʼlgan huquq, tibbiy yordamga boʼlgan huquq, sogʼliqqa boʼlgan huquq kabilar.

Yuqoridagi fikrlarga qoʼshilgan holda qoʼshimcha ravishda insonlarning ekologik toza mahsulotga ega boʼlish huquqini ham asosiy huquqlar toifasiga kiritilishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlaymiz. Zotan, hozirda insonlarning tabiatdan moddiy va boshqa isteʼmol ashyolari sifatida foydalanishi koʼlami kengayib bormoqda.

Shuningdek, ekologik toza mahsulot tushunchasi yuridik adabiyotlarda turlicha talqin qilingan. Misol uchun, Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi tomonidan nashr etilgan, koʼplab ekologik atamalarni oʼz ichiga olgan “Oʼzbek-rus va ingliz ekologik izohli lugʼati”da yozilishicha, ekologik toza mahsulot - tegishli ekologik sertifikatda belgilab qoʼyilgan talab va shartlariga toʼla-toʼkis javob beradigan mahsulotdir. Insonlarning ekologik toza mahsulotga ega boʼlish huquqini taʼminlash ekologik normativlarni oʼrnatish, ekologik standartlashtirish va sertifikatlashtirish orqali amalga oshiriladi.

Maʼlumki, ekologik sertifikatlashtirish mamlakatimizda yangi jarayon hisoblanadi. Unda mahsulot va xizmat sifati amaldagi qonunlarda hamda oʼrnatilgan davlat standartlarida istemolchilarning hayoti va sogʼligʼi, atrof muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan talablar belgilanadi va istemolchilarning hayoti hamda sogʼligiga nisbatan majburiy ekologik sertifikatlartirish oʼtkaziladi. Ushbu sertifikatlashtirishning asosi esa ekologik meʼyor, yaʼni ekologik normativ hisoblanadi.

Qolaversa, ekologik sertifikatlashtirishning muhim ahamiyati shundan iboratki, uning maqsadi ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof tabiiy muhit obʼektlarini ifloslanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash hisoblanadi va u atrof muhitni muhofaza qilish mexanizmlaridan biri ekanligi muhim jihatidir. Ekologik sertifikatlashtirish fuqarolarning toza ekologik mahsulotlarga ega boʼlish huquqini amalga oshirishning alohida kafolatidir.

Аgarda, ekologik sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish masalasini hal etilsa, bir muncha ijobiy oʼzgarishga erishgan boʼlar edik. Jumladan, ichki isteʼmol bozorida ekologik xavfli mahsulotlarni paydo boʼlishi oldi olinadi, ekologik jihatdan xavfsiz uskuna, texnologiya va jarayonlarni tatbiq qilinishiga zamin yaratiladi. Qolaversa, mamlakat iqtisodiyotini xalqaro bozorga inegratsiyalashuvi jarayoni yuz berishini guvohi boʼlishimiz mumkin.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi 435-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasida mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tartibi toʼgʼrisida Nizom”ga muvofiq ekologik markirovkalash tartibotidan oʼtmasdan va mahsulotni ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalashga sertifikat mavjud boʼlmaganda tovar, mahsulotning tavsifida va nomlanishida, teng ravishda reklamada ekologik xavfsizlik belgisidan foydalanish, mahsulotning ekologik xavfsizligiga tegishli biron-bir xossalarini koʼrsatish, shuningdek, «ekologik toza», «ekologik xavfsiz», «ekologik qulay» degan yozuvlardan foydalanish taqiqlanadi.

Xorij tajribasiga tayanadigan boʼlsak, Yevropa davlatlarida ekologik sertifikatlashtirish juda keng rivojlangan boʼlib, unda ayniqsa qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini majburiy ekologik sertifikatsiyalashtirish azaldan joriy etilganligining guvohi boʼlishimiz mumkin. Unda mahsulotlarga qoʼyilgan ekologik belgilar va ular toʼgʼrisida maʼlumotlar matbuotda eʼlon qilinadi, hamda ekologik belgilar esa milliy muvofiqlik belgisini toʼldirib turuvchi mezon sifatida eʼtirof etilgan.

Shu sababdan, atrof tabiiy muhitni mukammal muhofaza qilish maqsadida ekologik meʼyorlashga oid qonunchilik normalarini qaytadan ishlab chiqish, ayniqsa yangi qabul qilinayotgan Ekologiya kodeksida ushbu normalarning mustahkamlanishi, qolaversa, Konstitutsiyada ekologik toza mahsulotga ega boʼlish huquqini taʼminlash bugungi kun bozor iqtisodiyoti munosabatlari talablaridan kelib chiqib, aniq belgilash lozim deb hisoblaymiz.

Bu esa oʼz navbatida bir qator huquqiy va tashkiliy choralarni amalga oshirishlikni taqazo etadi, jumladan: isteʼmolchilar ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, xalq isteʼmoli mahsulotlarining sifati toʼgʼrisida maʼlumot olishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratish, jamoatchilikni ushbu sohada ekologik ekspertizani oʼtkazishda faol ishtirok etishini taʼminlash lozim. Ekologik jixatdan toza hamda sifatli mahsulot ishlab chiqargan tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli ravishda kreditlar yoki subsidiyalar ajratilishini taʼminlash ham hozirgi kunning eng muhim masalalaridan biri boʼlib hisoblanadi. Mazkur masalalar yuzasidan hali oʼz yechimini kutayotgan muammolar talaygina.

Nariman Rajabov

Toshkent davlat yuridik universiteti

 “Ekologiya huquqi” kafedrasi

professori, Yu.f.d.