“Biz – donormiz!” aksiyasi tashkil etildi
21-iyun kuni “Yuksalish” harakati Respublika qon quyish markazi ko‘magida “Biz – donormiz!” xayriya aksiyasini o‘tkazdi.
Maqsad – saraton kasalligiga chalingan, og'ir jarohat olgan, murakkab operatsiyalardan so'ng qon quyishga juda muhtoj bo'lgan bemorlarni qo'llab-quvvatlash.
Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o'tkazish shifoxonalar va tibbiyot markazlarini qon bilan yetarli darajada ta'minlashga yordam beradi. Shuningdek, aksiyadan jamiyatda o‘zaro yordamlashish madaniyatini shakllantirish, bu jarayonning ahamiyatini keng tushuntirish, donor qoni taqchilligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadi ko’zlangan. Qon topshirish orqali ko'plab bemorlar hayotini saqlab qolish imkoniyati bor.
JSST ma'lumotlariga ko'ra, aholini qon tarkibiy qismlari bilan taʼminlash uchun donorlar soni har 1 000 nafar aholiga kamida 10 nafar boʻlishi yoki umumiy aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak. Oʻzbekistonda oʻtgan 2023-yilda har 1 000 nafar aholiga qariyb 7,8 nafar donor toʻgʻri keldi, yaʼni aholining 0,78 foizini tashkil etdi. Raqamlar mamlakatda qon donorlari yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.
– Donorlik aksiyalarini o‘tkazish jamiyatda hamjihatlik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi, – deydi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Do'stlari, hamkasblari va tanishlari bunday aksiyalarda faol ishtirok etayotganini ko'rgan har qanday inson o'zi ham qon topshirishi mumkin. Bu esa hamma bir-biriga yordam beradigan, g'amxo'r va birlashgan jamiyat yaratishga yordam beradi. Shifokorlarning ta'kidlashicha, qon yil davomida, har kuni kerak bo'ladi. Biz ushbu zanjir uzilmasligi uchun donorlik harakatini rivojlantirmoqchimiz.
“Biz—donormiz!” aksiyasida 70 dan ziyod kishi ishtirok etdi va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, yoshlar va turli soha vakillarini birlashtirdi. Bunday birlashuv g‘amxo‘r, farovon va sog’lom jamiyat asosidir.
"Yuksalish" harakati matbuot xizmati