@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati raisi AQSh Davlat departamenti vakillari bilan uchrashdi

 2024-05-22 15:08:02   |     Просмотров: 3154

21-may kuni “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov AQSH Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi xalqaro kurashish va huquqni muhofaza qilish masalalari Byurosi (INL)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy dasturlari rahbari Kayl Ojima bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Harakat xodimlari Shamshod Yunusov, Lyudmila Stayshyunayte hamda AQSh elchixonasining INL dasturlari bo’yicha vakillari Neyt Rettenmayer va Aziz Yusupov ham qatnashdi.

Maqsad – ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini ko’rib chiqish.

Mehmonlarga “Yuksalish” harakatining korrupsiyaga qarshi olib borayotgan ishlari, jumladan, “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasidagi tadqiqotlar, yoshlarni korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash usullaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan yangi loyiha haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida korrupsiyani qabul qilish tendensiyalari, davlat idoralari tomonidan olib borilayotgan va OAV orqali jamoatchilik xabardorligini oshirish borasidagi ishlarga ham to’xtalib o’tildi.

INL vakillari korrupsiyaga qarshi kurashish muhimligini ta’kidlab, shu bilan birga, O’zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurashish bo’yicha ham qilinayotgan ishlarni yuqori baholadi. Xususan, “Yuksalish” harakati Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlik qilib kelishidan, birgalikda mavzuga doir jamoatchilik muhokamalarini o’tkazib kelayotganidan xabardorligini aytdi.

Tomonlar mazkur yo’nalishlarda fuqarolar xabardorligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan yangi to’lqin yaratish taklifini o’rtaga tashladi. Bu haqda davlat va nodavlat tashkilotlari, faollar ko‘proq gapirishi qolaversa, ixtisoslashgan NNTlar faoliyatini kengaytirish kerakligi ta’kidlandi.

AQSh Davlat departamenti vakillari korrupsiya, giyohvandlik, huquqni himoya qilish masalalarida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati