@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

TENGlikdan KENGlikga: O’zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ilgari surish imkoniyatlari

 2024-05-15 19:16:09   |     Просмотров: 2580

Joriy yilning 15-may kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi, “Yuksalish” harakati va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi tomonidan O’zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga qaratilgan xalqaro anjuman o’tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko’magida amalga oshirilayotgan “O'zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. Bu 2021-yilda boshlangan mazkur loyihaning yakuniy anjumanidir.

EQUAL loyihasining asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishlarga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashish. Loyiha orqali ikkita asosiy vazifaga erishishga harakat qilindi:

  • O'zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa, kamsitishlarga moyil bo'lgan zaif guruhlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning asoslari hamda mexanizmlaridan foydalanishlari uchun zarur bilim va tajribaga ega bo'lishi;
  • O’zbekiston fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda xalqaro huquqni yanada samarali tatbiq etish.

Tadbirda loyiha natijalari, olingan qimmatli saboqlar muhokama qilindi, shuningdek, hamkorlar va benefitsiarlarning dastlabki nuqtai nazarlari taqdimot qilindi. Anjumanda ishtirok etgan xalqaro va milliy ekspertlar ham mavzu doirasida fikr-mulohazalarini bildirdi. Ularda asosiy eʼtibor inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni tatbiq etishda Oʻzbekistonning milliy mexanizmlari muhimligiga qaratildi.

- So’nggi yillarda O’zbekiston xalqaro va milliy hujjatlarda mustahkamlab qo’yilgan inson huquqlarini kafotlashda katta yutuqlarga erishdi. Bu borada davlat boshqaruvining shaffofligi va hisobotliligini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollar, bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish va ta’minlash masalalari bo’yicha sezilarli yutuqlarni xorijiy ekspertlar, siyosatshunoslar va xalqaro tashkilotlar ham ta’kidlamoqda. Albatta, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi jarayonlar hanuz kamchiliksiz emas. Ushbu kamchiliklarni joylarda hal etishda, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar masalalarini ilgari surishda horijiy hamkor tashkilotlarning tajribasiga tayangan holda shu kabi loyihalarni davom ettirish tarafdorimiz, - deydi “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov.

- Global tengsizlik va ishonchsizlik kuchayib borayotgan bir paytda, inson huquqlaridan, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlardan siyosatning asosi sifatida foydalanishimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishimizga va dunyoni barcha uchun yaxshiroq qilish imkoniyatini berishiga ishonamiz, – deya ta’kidladi BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissarining Markaziy Oliyodagi mintaqaviy boshqarmasi xodimi Pavlo Byalyk.

Anjuman yakunida xalqaro huquqlarni qo'llash bo'yicha bu kabi loyihalarni davom ettirish, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik, sohada yangi mexanizmlarni ishlab chiqish takliflari ilgari surildi.

Ma’lumot uchun: EQUAL loyihasi doirasida shu vaqtga qadar Oʻzbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish, BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini amalga oshirish, BMT shartnomaviy organlariga davriy hisobotlarni ishlab chiqish va taqdim qilishda fuqarolik jamiyatining roli, O'zbekistonda ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilishning samarali choralari, mamlakatda badiiy ijod erkinligi va boshqa madaniy huquqlarni himoya qilish mavzularida xalqaro jamoatchilik muhokamalari va konferensiyalar o'tkazildi. Shuningdek, 2023-yilda fuqaolik jamiyati faollari, NNT vakillari, ekspertlari uchun Inson huquqlari bo’yicha yozgi maktab tashkil etildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati