@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik muhokamasi: An’anaviy giyohvandlikdan zamonaviy narkosavdogacha

 2024-05-06 20:25:07   |     Просмотров: 3631

Giyohvandlik global ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Giyohvandlikka qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar, chora-tadbirlar, reabilitatsiya dasturlari ishlab chiqilganiga qaramay, dori vositalarining yangi turlari va ularning targ‘iboti kundan-kunga kuchayib bormoqda. Mazkur masalada O‘zbekistondagi holat qanday? 6-may kuni “Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etilgan navbatdagi jamoatchilik muhokamasida shu haqda so’z bordi.

Muhokama avvalida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim mudiri Shuhratjon G‘ulomov respublikamizda giyohvandlik bilan bog’liq vaziyatga to’xtaldi.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, narkotik moddalar bilan jinoyat sodir etishlar soni 2023-yilda avvalgi yilga nisbatan 15,3 %ga oshgan. Ya’ni 10 mingdan ortiq jinoyat. Bu O’zbekiston uchun oxirgi yillardagi rekord ko’rsatkichdir. So’nggi besh yilda 17 tonnadan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan.

– Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarining yangi xurujlari paydo bo’lmoqda, - deydi Shuhratjon G’ulomov. – Uning tarqalishida Internet tarmoqlaridan keng foydalanilmoqda. Narkotikka tobelik, narkojinoyatlar tendensiyasi ham o’zgarib boryapti. An’anaviy giyohvandlik moddalaridan ko’ra, sintetik va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moli ortgan.  

Yana raqamlarga yuzlansak: 2018—2019-yillarda 350 gr.dan ortiq “sintetik dorilar” musodara qilingan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 78,6 kg.ni tashkil etdi. 2022-yilda narko dispanserlarda 330 nafar giyohvand ro’yxatga olingan bo’lsa, 2023-yilda ularning soni 845 nafargacha oshgan. Umumiy ro’yxatdagilar orasida ayollar ulushi 2,3 %ni, 15-29 yoshlilar ulushi 42,7 %ni tashkil etgan. Afsuski, giyohvandlik “yosharib bormoqda”.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida O'zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo'yicha 2024 – 2028-yillarga mo'ljallangan milliy strategiya ishlab chiqildi. Strategiyani ishlab chiqishda 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Ichki ishlar vazirligi mutaxassisi Qobil Zohidov ta’kidlashicha, sintetik dori vositalarining asosiy qismi 2023-yilga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aniqlangan. O’tgan yili bu Andijon, Surxondaryo va Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlariga ham kirib bordi.

Mamlakatimizda yoshlarni ularning zararli ta’siridan xabardor qilishga qaratilgan profilaktika tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, vazirlik va idoralar tomonidan sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan sport tadbirlari, flesh-moblar o‘tkazib kelinayotgani salbiy ijtimoiy hodisaga qarshi turishda o‘ziga xos to‘siq bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bojxona qo‘mitasining kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi Baxtiyor Irgashev ta’kidlashicha, narkosavdogarlar narkotiklarni mamlakat hududiga olib kirishning yangi usullaridan foydalanmoqda. Bu borada Qozog’iston, Rossiya maxsus xizmatlari bilan birga, xalqaro darajadagi tezkor qidiruv tadbirlari o’tkazib kelinmoqda. Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar kontrabandasi ham ko’paymoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi narkologi Muqaddas Rustamova giyohvandlik irsiy moyillik, shuningdek, ijtimoiy muhit kabi omillar tufayli yuzaga kelishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, oilada qo'yilgan poydevor va qadriyatlar muhim ahamiyatga ega. Mutaxassisning fikricha, bolaning ijtimoiylashuvini e'tiborsiz qoldirmaslik kerak.

– Hozirda axborot texnologiyalari faol rivojlanmoqda, bolalar, o’smirlarning turli o'yinlarga ishtiyoqi katta. O’yin markazlarida ularga "shu dorini ichsang, xotirangni kuchaytiradi, o’yinda yutasan” degan aldovlar bilan narkotiklar berilayotgan holatlar bor. Ba’zi ota-onalar bolasining qayerda, nima qilayotganini va doriga “o’tirib qolganini” bilmaydi. Shuning uchun oilada sog'lom muhitni shakllantirish kerak, - dedi Muqaddas Rustamova.

“Regnum Rehab” reabilitatsiya markazi rahbari G'ayrat Namozov qayd etishicha, afsuski, giyohvandlik “yosharib” boryapti. Markazga avval 18 yoshdan oshganlar murojaat qilgan bo’lsa, yaqinda hatto 12 yoshli bola olib kelingan. "Muammoni yashirish katta xato, biz boshqalar nima deyishidan qo'rqamiz yoki giyohvandning irodasiga tayanamiz. Biroq bunday hollarda qarindoshlar faqat vaqtni behuda sarflashadi", - dedi u.

Giyohvandlikka qarshi nafaqat davlat idoralari, balki jamoat tashkilotlari ham hamkorlikda kurashishi muhim. Muhokamada 20 yildan beri OIV, giyohvandlikka chalinganlar bilan shug’ullanib kelayotgan “Ishonch va hayot” jamiyati vakillari ham ishtirok etib, bu borada qilinayotgan ishlarga to'xtalib o'tdi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekistonda giyohvandlik holati bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmayapti. Giyohvandning psixologik portretini yaratish qiyin. Hozirda sintetik dorilarni qabul qilayotganini bittada anglab bo’lmaydi. Tobelikning belgilari, “lomka” holatlari sezilmaydi. Eng achinarlisi, ularda psixoz uyg’onyapti, ya’ni ruhiy holati yomonlashmoqda. Qolaversa, dorilarni qabul qiluvchilarning o’zi qaramlikni darhol tan olmaydi.

Tadbirda so’zga chiqqanlar masala har qachongidan ham dolzarbligini ta’kidlagan holda zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqdi.

Tadbir AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan "Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar" dasturi doirasida Yevroosiyo jamg'armasi ko'magida o’tkazildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati