@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkentda “Biz botanika bog‘i tozaligi tarafdorimiz!” aksiyasi o’tkazildi

 2024-04-22 15:18:37   |     Просмотров: 2866

21-aprel kuni “Yuksalish” harakati va Botanika bog‘i xodimlari ekolog faollar, NNTlar vakillari bilan hamkorlikda hamda Golden House, Huawei va GROSS kompaniyalari ko‘magida “Biz Botanika bog‘ining tozaligi tarafdorimiz!” aksiyasi tashkil etildi.

Botanika bog‘iga ko‘plab insonlar shahar shovqinidan dam olish, yashillikdan bahramand bo‘lish uchun keladi. Biroq tozalikka rioya qilmaslik, hududda chiqindilarni qoldirib ketish holatlari uchramoqda.

Aksiyadan maqsad – chiqindi muammosiga e’tibor qaratish va Botanika bog‘ining ahamiyatini eslatish. Bu chiqindi tashlaydigan joy emas, balki ilmiy majmuadir.

Aksiyani maktab o‘quvchilari, talabalar, volontyorlar ham qo’llab-quvvatladi. Eng faol ishtirokchilarga eko aksiya shiori yozilgan sumkalar va esdalik sovg’alari topshirildi.

— Botanika bog‘ini chiqindidan tozalash aksiyasining tashkil etilgani nafaqat yashil hudud qiyofasini yaxshilashga, balki ekotizimni saqlashga ham yordam beradi. Botanika bog‘i toza bo’lsa, bu - nafaqat go‘zallik, balki poytaxt aholisi va tashrif buyuruvchilari uchun salomatlik, toza havo demakdir. Qolaversa, aksiya ishtirokchilarda ekologik mas’uliyatni oshirishga ham yordam beradi. Shuningdek, ushbu tadbir doirasida Botanika bog'ida harakatlanish qoidalari aks ettirilgan axborot belgilari ham yangilandi, – dedi “Yuksalish” harakatining Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik bo'limi boshlig'i Saida Mustafoyeva.

— Biz Botanika bo’g’i hududida juda ko'p plastmassa idishlar borligini ko’rdik, ular tabiatga juda zararli. Bugun aksiyada qatnashib, bog’ hududini ushbu chiqindilardan tozalashga hissa qo’shdik. Bog’ xodimlaridan ham minnatdormiz, ular daraxtlar haqida ma’lumotlar berishdi, shuningdek, bu yerga tashrif buyuruvchilar keltirishi mumkin bo'lgan ziyonlar haqida gapirishdi. Tadbir nafaqat ekologik, balki ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi, - dedi IT Community of Uzbekistan vakili Valentina Ustinova.

Atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish muhim, shuningdek, shahrimizning tabiatini asrab-avaylashda birgalikda harakat qilish zarur.

Ma'lumot uchun: Botanika bog'ida 4500 dan ortiq turdagi daraxtlar, gullar va boshqa o'simliklar mavjud. Bu yerda Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika va Yevropa, Kavkaz va Uzoq Sharq florasining xilma-xilligini aks ettiruvchi bir nechta landshaft zonalari bor. Bu – oilaviy, jamoaviy sayr qilish uchun ajoyib joy, lekin tabiat uchun mas'uliyatni ham unutmaslik kerak.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati