@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Top-40: Jamoatchilik fikri yetakchilari

 2024-02-28 15:12:38   |     Просмотров: 16202

Jamoatchilik fikri – aholining umumiy manfaatlari ifodasidir. Bugun fuqarolarimiz mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni kuzatish, tanqid qilish bilan cheklanmayapti, balki bevosita o‘zi ham qatnashayapti, takliflar kiritayapti. Prezident ta’biri aytganda, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori”ga aylanayapti.

Jamoatchilik fikri aniq natijalarga ham erishmoqda. Toshkent propiskasi, avtomobil oynalarini qoraytirish (“tonirovka”), maktab formasi, ekologik muammolar, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kabi masalalarda jamoatchilik fikri g‘alaba qozonganini ko‘rdik. Bunda OAV, media makonning o‘rni katta. Jurnalist va blogerlar, mustaqil ekspertlar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy, jamiyatdagi dolzarb mavzularni ochiq muhokama qilishi uchun yangi-yangi “maydon”lar tashkil etilmoqda. Natijada turli muammo va chaqiriqlarga e’tiborni qaratuvchi, konstruktiv tanqidiy fikr bildiruvchi, yechim izlashga undaydigan jamoatchilik fikri yetakchilari yetishib chiqdi.

“Yuksalish” harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘magida O‘zbekistonning jamoatchilik fikri yetakchilari Top-40 reytingini tuzdi.

Reytingga mamlakat axborot makonida fikrlar xilma-xilligini ta’minlashga, milliy kontent yaratishga hissasini qo‘shib kelayotgan jurnalistlar, blogerlar, huquqshunoslar, iqtisodchilar-u siyosatchilar va boshqa jamoatchilik faollari kiritildi.

Ro‘yxat qanday shakllantirildi?

Birinchi bosqichda davlat idoralari, siyosiy va ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazildi. Respondentlar orasida vazirliklar, milliy va xorijiy axborot agentliklari, radio va telekanallar xodimlari, internet-nashrlar muharrirlari hamda siyosatshunoslar, turli soha mutaxassislari, blogerlar bor edi.

So‘rovnoma ishtirokchilari quyidagi jihatlardan kelib chiqib, jamoatchilik fikrini shakllantirayotgan beshtadan nomzod taklif qildi:

- Jamoatchilik orasida, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda faolligi va taniqliligi;

- Dolzarb mavzularni omma e’tiboriga ko‘tarib chiqishi, muhokama qilishi va yechim taklif qilishi;

- Jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi, ijobiy o‘zgarishlar tashabbuskori bo‘lishi;

- Jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishi, ularning ishonchini qozonganligi.

Ikkinchi bosqichda taklif qilingan nomzodlar ekspertlar tomonidan tahlil qilindi. Ularning fikrlaridan iqtibos olinganlik indeksi, materiallarining qamrovi va izohlar soni, milliy va xorijiy OAVlarda tilga olinishi baholandi. Nomzodlarning mutaxassisligi, yo‘nalishi bo‘yicha bilim darajasiga, tajribasiga ham tayanildi.

Top-40 talikka kiritilganlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari obunachilari soni 20 milliondan ziyod (unikal foydalanuvchilar 7-7,5 million), e’lon qilgan materiallarining oylik qamrovi 45 milliondan oshadi.

Reytingga kiritilganlar alifbo tartibida berilgan.

Jamoatchilik fikri yetakchilari:

Abdukarim Mirzayev – jurnalist, rejissyor. O‘z vaqtida radiokanallarda “Dilkash”, “Uchinchi odam”, “Dastxat” kabi, telekanallarda esa “Yettinchi qadam”, “Yo‘ldagi odam” kabi loyihalari keng ommalashgan. Ularda, asosan, insonlar hayotida, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy masalalar olib chiqilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy, falsafiy mazmundagi chiqishlari bilan katta auditoriyaga ega.

Abdurahmon Tashanov – “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi. O‘zbekistondagi faol huquq himoyachisi bo‘lib, inson huquqlari, qamoqxonalardagi vaziyat bilan bog‘liq bir qator muhim masalalarga e’tibor qaratadi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol. Uning yozganlari yirik internet-nashrlarida qayta chop etiladi, fikrlaridan iqtibos keltiriladi, ma’lum bir mavzularda tez-tez intervyularga chaqiriladi.

Aziza Umarova – davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis, iqtisodchi, tadbirkor. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining loyiha ofisi rahbari. Davlat boshqaruvini isloh qilish, elektron hukumat va gender tenglik, ijtimoiy himoya, bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash masalalarida faol chiqishlar qiladi, takliflar, tashabbuslarni ilgari suradi. Xalqaro doiralarda ma’ruzalari bilan qatnashadi. O‘zbekistonda ilk bolalar xospisi tashkil etilishida uning ham hissasi bor.

Alisher Qodirov – siyosatchi, deputat, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi. Asosan, ta’limni rivojlantirish, kambag‘alikka barham berish, sud-huquq tizimidagi islohotlar, milliy an’ana va qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashga oid mavzularda faol chiqishlar qiladi. O‘zining notiqligi, jamoatchilik keng muhokama qiladigan masalalarda munosabatini bildirishi bilan tanilgan. Uning fikrlaridan OAVda tez-tez iqtibos keltiriladi.

Anora Sodiqova – jurnalist. Jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy masalalar, xususan, so‘z erkinligi, monopoliya, korrupsiya, amaldorlar mas’uliyati haqida bir qancha tanqidiy maqolalar, videolavhalar, jurnalistik surishtiruvlarni e’lon qilgan.

Aqida Moxirova (Aqida Xanum) – ayollar huquqlari faoli. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolarni yoritish va muhokama qilishda faol. Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga amaliy yordam berib keladi.

Behzod Hoshimov – iqtisodchi, sharhlovchi. Telegramda “Iqtisodchi kundaligi” kanalini, YouTube'da “Hoshimov iqtisodiyoti” videoblogini yuritadi. Iqtisodiyot, moliya yo‘nalishidagi tahliliy maqolalari, sharhlari, podkastlari bilan tanilgan. Fikrlari OAVda tez-tez qayta chop etiladi, iqtibos keltiriladi, intervyularga chaqiriladi.

Bobur Bekmurodov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi. Jamiyatdagi dolzarb masalalarda taklif va yechimlar berib keladi, rossiyalik siyosatchilarning O‘zbekistonga oid fikrlariga faol munosabat bildiradi, ma’lum bir sohalarda islohotlarni ilgari suradi. Fikrlari OAVda tez-tez qayta chop etiladi, iqtibos olinadi, intervyularga chaqiriladi.

Botir Shermuhammad – huquqshunos, “Migrant.uz” portali asoschisi. Migratsiya va migrantlar huquqlariga oid dolzarb mavzulardagi maqola va suhbatlarni e’lon qilgan. Migrantlarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatib ham keladi.

Dilfuza Qurolova – inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqshunos, advokat. Inson huquqlari, gender tengligi, ayollar va bolalarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha fikr va takliflarini faol ilgari suradi. Senat ishchi guruhi a’zosi sifatida ayollar va bolalarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi. Qonun jamoatchilik muhokamalaridan so‘ng 2023 yilda qabul qilindi. Gender tengligi eksperti sifatida intervyular beradi, fikrlaridan iqtiboslar olinadi.

Dilmurod Yusupov – mustaqil tadqiqotchi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish, inklyuziv ta’lim va bandlik masalalarini faol yoritib keladi. Maqolalari normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar kirtilishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Doniyor G‘aniyev – deputat. Chiqishlarida jamoat transportini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, energetika, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarida fikr-mulohazalari, takliflari bilan bo‘lishadi, muhokamalarda faol ishtirok etadi. OAVda uning fikrlaridan iqtiboslar keltiriladi, intervyularga tez-tez chaqiriladi.

Eldor Asanov – tilshunos, jurnalist. Asosan, til, tarix va antropologiya mavzularida tahliliy va ommabop kontent yaratadi. Bu esa o‘zbekzabon auditoriya uchun ushbu sohalardagi muhim ma’lumot manbaiga aylangan.

Farhod Tolipov – siyosatshunos, siyosat fanlari nomzodi, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy-ta’lim muassasasi direktori. Geosiyosat, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy integratsiya masalalarida milliy va xorijiy nashrlarda tahliliy maqolalar e’lon qilgan. Intervyularda ekspertlik fikrlari bilan faol qatnashadi.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev – jurnalist, “Fikrat” loyihasi muallifi. O‘zbekiston aholisining ijtimoiy-siyosiy va tarixiy mavzularda dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qiluvchi tahliliy ko‘rsatuvlar muallifi. Axborot xavfsizligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari erkinligi, xalqaro munosabatlar, milliy til muammolari kabi dolzarb masalalarni ko‘taradi.

Hamid Sodiq – huquqshunos, siyosiy-tahlilchi. Ijtimoiy-siyosiy masalalar muhokamalarida faol. Tahliliy fikrlari OAVda qayta chop etiladi, iqtiboslar olinadi, intervyularga chaqiriladi. O‘zi ham turli soha ekspertlari bilan suhbatlar uyushtiradi. “Siyosatshunoslar klubi” tashkilotchilaridan biri.

Hikmat Abdurahmonov – tadbirkor. TEAM University, Groundzerouz kovorking markazi, O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi hammuassisi. O‘zbek tadbirkorlarining xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish ishlarida hamda ta’lim, biznes mavzularida taklif berishi bilan faol.

Ilyos Safarov – jurnalist. Siyosiy-ijtimoiy, adabiyot yo‘nalishidagi maqolalari, suhbatlari bilan tanilgan. Dolzarb masalalarga o‘z munosabatini faol bildirib keladi.

Irina Matviyenko – gender masalalari bo‘yicha ekspert, "Nemolchi.uz" loyihasi asoschisi. Maishiy zo‘ravonlikka uchraganlar haqida bong urib, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga chaqiradi. Ayollar va bolalarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Qonun jamoatchilik muhokamalaridan so‘ng 2023 yilda qabul qilindi. Gender tengligi eksperti sifatida intervyular beradi, fikrlaridan iqtiboslar olinadi.

Jamshidxon Ziyoxonov – Youtube'da “Subyektiv” loyihasi orqali yaxshi tanish. Dolzarb ijtimoiy mavzularni noodatiy, qiziqarli formatda yoritishi bilan ajralib turadi. Digital Marketing Awards 2023 marosimida eng yaxshi ijtimoiy kontent sifatida e’tirof etildi.

Kamola Aliyeva – gender masalalari bo‘yicha ekspert, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Uning faoliyati Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol kampaniyasi kabi global tashabbuslar bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekistonda zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish uchun aholining xabardorligini oshirish va harakatlarni safarbar etishda muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy tarmoqlar, internet-nashrlarida va boshqa platformalarda zo‘ravonlik va gender stereotiplariga qarshi kurashish bo‘yicha muhokamalarda faol qatnashadi. Ayollar va bolalarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Kamoliddin Rabbimov – siyosatshunos. Geosiyosat, sotsiologiya yo‘nalishlarida turkum chiqishlar, ko‘rsatuvlar, intervyular tashkil qilib keladi. Jamiyatdagi dolzarb masalalar, islohotlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildiradi, fikrlari OAVda tez-tez qayta chop etiladi, iqtiboslar olinadi.

Kiril Altman – jurnalist, bloger. "Alter Ego" mualliflik loyihasida mamlakatdagi siyosiy va madaniy jarayonlar bilan tanishtiradi, jamoat faollari, taniqli shaxslar bilan suhbatlar uyushtiradi. Suhbatlardan iqtiboslar ko‘p olinadi, dolzarb mavzularda o‘z fikrlarini doimiy bildirib turadi.

Mo‘tabar Xushvaqtova – ekofaol, “O‘rikguli” taxallusi bilan blogerlik faoliyatini yuritadi. Turli ekologik loyihalar va targ‘ibot ishlarida faol qatnashadi. O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilash va atrof-muhit muammolaridan xabardorlikni oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Muhrim A’zamxo‘jayev – jurnalist. Turli ijtimoiy-siyosiy mavzularni muhokama qilishda, sharhlashda faol ishtirok etadi. Internet-jurnalistika rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z auditoriyasiga ega.

Nikita Makarenko – jurnalist, bloger, prodyuser, dramaturg. O‘zbekiston media olamidagi serqirra shaxs. Jurnalistik faoliyatida ochiq, tanqidiy fikrlari bilan tanilgan. Shuningdek, madaniy merosni asrab-avaylash, ekologik muammolar, jamoat transporti, tirbandlik va piyodalar xavfsizligi kabi mavzularda munosabatini, fikr-mulohazalarini bildirib keladi.

Nurbek Alimov – bloger. Xalqaro munosabatlar, ijtimoiy siyosat, falsafa, tarix va kitob mutolaasi bilan bog‘liq mavzularni faol muhokama qiladi.

Otabek Bakirov — iqtisodchi. Nafaqat iqtisodiy, balki boshqa ijtimoiy-siyosiy mavzularni chuqur tahlil qila olishi bilan taniqli. Shuningdek, energetika, soliq, bojxona, migratsiya, monopoliya singari masalalarda mavjud holatga tanqidiy qarab, asosli takliflar berib keladi.

Qamariddin Shayxov – jurnalist. Qalampir.uz internet sayti bosh muharriri. Ochiqlik siyosati, davlat idoralarining ochiqligi, so‘z va matbuot erkinligi masalalarida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.

Qobil Hidirov – jurnalist, Davletov.uz telegram kanalini yuritadi. Kanalda yangi qonun hujjatlari, tayinlovlar, jamiyatdagi voqea-hodisalar tezkorlik bilan yoritiladi. Dolzarb masalalarda mustaqil fikr-mulohazalarini faol bildirib keladi, fikrlari OAVda qayta chop etiladi, iqtiboslar olinadi, intervyularga chaqiriladi.

Rasul Kusherbayev – jurnalist, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi. Ochiqlik, so‘z erkinligi, sudlar mustaqilligi va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, monopoliyaga, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarda faol fikr bildirishi bilan tanilgan. Uning fikrlari OAVda qayta chop etiladi, iqtibos olinadi, ijtimoiy tarmoqlarda keng auditoriyaga ega.

Shahnoza Soatova – adliya vaziri maslahatchisi, bloger, jamoatchilik faoli. Uning maqola va postlarida ijtimoiy va siyosiy masalalar, jamiyat muammolari aks etadi. Prezident qo‘lidan mukofot qabul qilib olgan ilk bloger sifatida e’tirof etilgan.

Sherzodxon Qudratxo‘ja – jurnalist, jamoat arbobi. Ayni paytda Milliy media assotsiatsiyasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini boshqaradi. “Xalqaro press-klub” asoschisi. O‘zbek media olamida turli mavzulardagi chiqishlari, ko‘rsatuvlari, loyihalari bilan taniqli shaxs.

Temurmalik Tojiddinzoda – bloger, o‘ziga xos uslubga ega “Fayzbog‘” kanalini yuritadi. Kanal ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy mavzularni qamrab oladi, shuningdek, tahliliy va tanqidiy kontentni taqdim etadi. Materiallarida hazil, karikatura unsurlari bo‘lgani bois auditoriyaga jozibador.

Umid G'ofurov – bloger, “Troll.uz” loyihasi muallifi. Chiqishlarida jiddiy ijtimoiy, siyosiy mavzularni yumor, kinoya uyg‘unligida yoritishi bilan ajralib turadi. Ta’lim, korrupsiya mavzularidagi tanqidiy fikrlari bilan tanilgan. U ko‘targan mavzular keng muhokama qilinadi.

Xayrulla Hamidov – jurnalist, publitsist, futbol sharhlovchisi. Shuningdek, nasriy va she’riy ijod mahsullari keng ommalashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng auditoriyaga ega.

Xushnud Xudoyberdiyev – huquqshunos. O‘zA Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari. Jurnalist, bloger sifatida turli, shu jumladan, ta’lim, migratsiya, sud-huquq mavzularida fikrlarini, takliflarini faol ilgari suradi. Uning Toshkent shahrida doimiy propiska muammosi haqida yozgan qator materiallari keng muhokama qilindi, natijada ushbu muammoga barham berilishiga erishildi.

Yuliy Yusupov – iqtisodchi, mustaqil ekspert va tahlilchi. Iqtisodiy strategiyalar va islohotlarni ishlab chiqish bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarida faol ishtirok etadi, iqtisodiy masalalarga oid ko‘plab maqola va tadqiqotlar muallifi. Shuningdek, u ma’muriy va siyosiy-huquqiy islohotlar, ayniqsa, sud-huquq tizimi va davlat boshqaruvini demokratlashtirish kontekstida o‘tkazish masalalari ustida ish olib boradi.

Zafar Hoshimov – tadbirkor. Biznes, moliya, soliq sohasidagi o‘zgarishlar, islohotlar yuzasidan munosabatini faol bildirib keladi. Fikrlaridan OAVda tez-tez iqtibos keltiriladi, intervyularga chaqiriladi, ijtimoiy tarmoqlarda ham faol, auditoriya bilan muloqotga kirishimli.

Zafarbek Solijonov – huquqshunos, bloger. Asosan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy masalalarda o‘z fikrini, nuqtayi nazarini faol bildirib keladi. Internet-nashrlarida faoliyati davomida jamiyatdagi dolzarb mavzularni yoritgan.

Izoh: Taklif etilgan nomzodlar bilan bir qatorda katta auditoriyaga ega bo‘lgan diniy mavzularni yorituvchi blogerlar, jumladan Abror Muxtor Aliy, Mubashshir Ahmad va boshqalarning nomzodlari ham ekspertlar tomonidan ilgari surildi. Tadqiqot jamoatchilik orasida ijtimoiy, siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni ko‘tarayotgan va ilgari surayotgan fikr liderlari orasida o‘tkazilganligi sababli, diniy yo‘nalishdagi faollar reytingga kiritilmadi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati