@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Aksilkorrupsiya laboratoriyasi”da o‘tkazilgan ikkita tadqiqot natijalari e’lon qilindi

 2024-02-09 22:21:58   |     Просмотров: 3459

9-fevral kuni Toshkent shahrida “Yuksalish” harakatining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ikkita tadqiqot natijalari taqdimot qilindi.

Tadqiqotlarning birida oliy ta’lim talabalari bilimlarini baholashdagi, ikkinchisida akusherlik xizmatlarini ko‘rsatishdagi nohalollik va korrupsiyaviy xavflar o‘rganildi.

Talabalarning akademik o‘zlashtirishini baholashda korrupsiya xavfi va ularning omillarini aniqlashga harakat qilingan tadqiqotga respublikamizning 14 ta shahridagi 16 ta oliy ta’lim muassasalari qamrab olindi. O‘rganish doirasida ijtimoiy so‘rovlar va intervyular tashkil qilindi. Ularga turli guruh respondentlar – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, OTM rektorlari, prorektorlari, dekanlar, o‘quv bo‘limi, komplayens-nazorat va ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jami 200 ga yaqin kishi jalb etildi.

Normativ-huquqiy baza tahlili va ijtimoiy so‘rovlarning dastlabki natijalari sohadagi mavjud axborot tizimlari mukammal ishlab chiqilmaganini, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari haqida xabardorlik to‘laqonli emasligini, tizimdagi ayrim tartiblar o‘z samarasini yo‘qotganligini va sohada korrupsiya xavfi omillari borligini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda talabalarning akademik o‘zlashtirishi ta’lim shaklidan qat’i nazar, vazirlik tomonidan belgilangan baholash mezonlari asosida uzluksiz, oraliq va yakuniy nazorat imtihonlari orqali baholanadi.

Yakuniy imtihon jarayonlarini muayyan talabalarga dars bermaydigan pedagoglar tomonidan o‘tkazilishi korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan qadamlardan biridir. Biroq talabalar bilimini baholashda ba’zi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Jumladan:

- HEMIS axborot tizimida (2020-yildan O‘zbekiston OTMlarida qo‘llanila boshladi) o‘qituvchi tomonidan kiritilgan shaxsga doir ma’lumot dekanat hamda talabalar uchun ochiq. Demak, tizimdagi ma’lumotlarni uchinchi shaxsning ham ko‘ra olishi va unga o‘zgartirishlar kirita olishi ehtimoli bor. Shuningdek, mazkur tizimning me’yoriy-huquqiy bazasi tasdiqlanmagan, vazifalari aniq qilib belgilanmagan;

- Pedagogik jamoada ham, talabalar orasida ham baholar faqat bilim, iqtidor/qobiliyatga qarab belgilanmaydi va baholarni manipulyatsiya qilish hech kimga bevosita zarar yetkazmasligiga ishonch mavjud;

- Talabalarning yuqori miqdordagi stipendiyaga qiziqishi oraliq imtihonlarni topshirishda korrupsiyaviy xatti-harakatlar qilishga sabab bo‘lmoqda;

- Oliy ta’limda kredit-modul tizimi to‘liq joriy etilmaganligi va ushbu faoliyatni tartibga soluvchi qonunosti hujjatlarining yo‘qligi sababli, har bir OTM bu tizimni tashkil qilishga o‘z imkoniyatlari va vakolatlaridan kelib chiqib yondashmoqda;

- Aksariyat OTMlarda va umuman respublikada talabalarning mustaqil ishlarini plagiatlikka tekshiruvchi axborot bazasi yo‘qligi Internet-plagiatlikni keltirib chiqarmoqda. Plagiatlik talabalar va pedagoglar orasida tizimli va normal holatga aylanib qolgan. Plagiatlikni tekshiruvchi platforma yaratilgan, u tijoriy asosda ishlaydi, shu bois barcha universitetlar uchun hamyonbop emas. Shuningdek, faqat doktorantlar (maqolalar va ilmiy ishlarni tekshirish) uchun amal qiladi, rus va ingliz tillaridagi kontent deyarli plagiatlik uchun tekshirilmaydi. Bu ham talabalar bilimini baholashga nisbatan nohalol munosabatda bo‘lish xavfini keltirib chiqarmoqda.

So‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 74,4 %i talabalarning bilimini baholashda o‘qituvchilarga ta’sir o‘tkazish holati bor, deb hisoblaydi. Respondentlar fikricha, keng tarqalgan korrupsiya xavflari quyidagilar:

 Qo‘yilgan bahoni o‘zgartirish maqsadida talabalar tomonidan o‘qituvchiga bosim o‘tkazilishi (27,88 %)

 Yuqori baho olish maqsadida talabalarning o‘qituvchilarga sovg‘a va mukofotlar taklif qilishi (16,03%)

 OTM ma’muriyati HEMIS tizimidagi o‘qituvchilarning shaxsiy kabinetiga kirish huquqiga ega bo‘lib, baholarni o‘zgartirishi mumkinligi (10,00%)

 Talabaning darsda qatnashmasligi (9,45%)

 Talaba soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim qilishi (8,33%).

Talaba-respondentlarning 27,8 %i bahoni o‘zgartirishga sovg‘a berish (38,9 %), universitetga narsa-buyum olib berish (16,7%), pul berish (5,6 %) orqali ta’sir qilish mumkinligini aytgan.

Shu bilan birga, so‘ralgan pedagoglarning 72,2 %i qo‘yilgan bahoni norasmiy to‘lov evaziga o‘zgartirmasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, so‘ralganlarning 19,3 %i korrupsiyaga qarshi kurashish choralari haqida to‘liq xabardor emasligi va o‘quv muassasalarida korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida xabar berish mexanizmining yo‘qligi hamda 22,8 %i pedagoglarning ish haqi pastligi ham korrupsiya xavfi omillaridan biri ekanini qayd etgan.

“Akusherlik xizmatlarini ko‘rsatishda nohalollik va korrupsiya xavflari” mavzuidagi tadqiqot

Tadqiqotga respublikamizning 7 ta hududidagi (Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) 21 ta tug‘ruqxona qamrab olindi. O‘rganish doirasida ijtimoiy so‘rovlar va intervyular tashkil qilindi. Ularga turli guruh respondentlar – Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, tug‘ruqxonalar bosh shifokorlari, akusher-ginekologlar, neonatologlar, anesteziolog-reanimatologlar, terapevtlar, akusher va hamshiralar, tug‘ruqdagi ayollar va ularning qarindoshlari, jami 400 ga yaqin kishi jalb etildi.

Aytish joiz, respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida muayyan natijalarga erishildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha qator maqsadli milliy dasturlar amalga oshirildi. Bolalarning irsiy va tug‘ma kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish maqsadida respublika va hududiy skrining markazlari tashkil etildi.

2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyada ko‘zda tutilgan islohotlar bosqichlari zamonaviy moliyalashtirish tizimiga o‘tishni, bunda majburiy tibbiy sug‘urtaga va xarajatlarga asoslangan, tibbiy xizmat ko‘rsatishning real narxiga bog‘langan hamda korrupsiyaning oldini olishga katta ta’sir ko‘rsatadigan boshqa ko‘plab qadamlarni tashlashni ko‘zda tutadi. Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha ba’zi ishlar, jumladan, ayrim hududlarda tibbiy sug‘urtani sinovdan o‘tkazish boshlangan bo‘lsa-da, uning natijalari yetarlicha hujjatlashtirilmagan va ayrim chora-tadbirlar (masalan, Tibbiyot xodimlarining odob-axloq kodeksi) to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.

Bugun respublikada 14 ta mustaqil va tug‘ruqxonalar tarkibida tashkil etilgan 46 ta perinatal markaz bor. Hayot uchun xavfli qator jiddiy asoratlar yoki sharoitlardan aziyat chekayotgan yoki mavjud davolash standartlari yoki protokollari bilan qamrab olinmagan ayollar, shuningdek, muddatidan oldin tug‘ilgan yoki jiddiy kasalligi bo‘lgan chaqaloqlar perinatal markazlariga yo‘naltiriladi.

“Aksilkorrupsiya laboratoriyasi”ning mazkur tadqiqotida akusherlik yordamini ko‘rsatishda (bola tug‘ilishi jarayoniga alohida urg‘u berilgan holda) korrupsiya xavfi omillarini aniqlashga harakat qilindi.

Yillar mobaynida akusherlik (ayniqsa, tug‘ruq) xizmatlari uchun norasmiy to‘lovlar tizimli ekanligi haqida ma’lum darajada konsensus mavjud. Masalan, homiladorlar tug‘ruq paytida akusherlik xizmatlarini olish huquqiga ega, biroq norasmiy to‘lovni tashkil etuvchi “suyunchi puli”, tom ta’noda, majburiyga yoki urfga aylangan va bu aholi o‘rtasida keng qabul qilib kelinadi.

O‘rganishlarda aniqlandiki, ayrim shifokorlar bemorlarga tavsiya qilgan dori vositalari shifoxona omborida bor bo‘lsa-da, ular dorilarni (analoglarini yoki ma’lum bir farmkompaniya ishlab chiqarganlarini) sotib olishga undamoqda. Tibbiyot muassasalari xususiy dorixonalarni boshqarishi mumkinligi ham ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradi, bunda muassasalar bemorlar dorilarni ularning dorixonalaridan olishidan manfaatdordir.

Shu kabi tadqiqot natijalari aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar bilan jarayonning asosiy ishtirokchilariga taqdim etildi.

Tadbirda xalqaro ekspertlarning korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari va korrupsiya xavfini baholash metodologiyasi bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

Yakuniy natijalar bilan saytimizning "Nashrlar" ruknida tanishishingiz mumkin.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati