@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik muhokamasi: “O‘zbekistonning axborot makoni: dolzarb masalalar va ularning yechimlari”

 2024-01-31 12:03:00   |     Просмотров: 3648

Bugun mamlakatimiz ichida va uning atrofida bo‘layotgan voqealarga fuqarolarimizning munosabati qanday? Turli sohalardagi milliy manfaatlarimizni tushunishda yagona yondashuv mavjudmi yoki bu yondashuvni shakllantirishga, xalqimizga tushuntirishga xizmat qiluvchi axborot manbalari yetarlimi?

Joriy yilning 30-yanvar kuni “Yuksalish” harakati tomonidan “O‘zbekistonning axborot makoni: dolzarb masalalar va ularning yechimlari” mavzusida jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Unda tegishli davlat idoralari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati, OAV vakillari hamda milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonda so‘z erkinligini va OAV faoliyati erkinligini ta’minlash bo‘yicha bir qator ijobiy qadamlar tashlandi. Bugun milliy medialandshaftga nazar solsak, so‘nggi 7-8 yilda ro‘yxatdan o‘tgan OAVlar soni 41 foizga oshganini ko‘rish mumkin. Agar 2016-yilda 1 514 ta OAV ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib ularning soni 2 100 tadan oshdi, 65 foizi nodavlat OAVlardir.

Ro‘yxatdan o‘tgan telekanallar soni 65 tadan 84 taga (+29%), internet-nashrlar 395 tadan 745 taga (+88%) oshgan, gazetalar soni esa 691 tadan 631 taga kamaygan (-9%).

Bu raqamlar, ma’lum ma’noda, yurtimizdagi islohotlar, inson huquqlari, ijtimoiy manfaatlarni targ‘ib qilib, uni xalqqa yetkazishda, faol fuqarolik pozitsiyasini bildirishda jurnalist va blogerlar faollashganidan darak.

— Davlat milliy kontent bo‘lishiga ma’lum bir sharoitlarni yaratdi. Buni soliq imtiyozlarida, OAVlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yengilliklar berilishida ko‘rish mumkin. Hozirda Axborot kodeksi ishlab chiqilib, xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ko‘rib chiqilyapti. Jurnalistik faoliyatga aralashmaslik bo‘yicha maxsus qonun loyihasi ham tayyorlangan, - deydi AOKA boshqarma boshlig‘i Marat Aitov.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat axborot makonida milliy kontentning holati qoniqarli ahvolda emasligi, ayniqsa, turli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalarda milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan sifatli kontent kamligi ta’kidlandi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston jamoatchiligini tashvishga solgan bir qator tashqi “axborot xurujlari” sodir bo‘lgani, bu kabi xurujlar orasida mamlakatimiz suvereniteti, davlatchiligimiz tarixini shubha ostiga olish kabi holatlar ham uchrayotgani qayd etildi.

Bu masalaga davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida munosabat bildirar ekan: “O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, - dedi.

Shuningdek, muhokamada milliy kontentni rivojlantirish yo‘nalishidagi muammolarga, masalan, milliy mavzudagi resurslarni yaratish uchun mablag‘ yoki kadrlar yetishmaganligi sababli bo‘shliqlar chet davlatlarnikidan ko‘chirib to‘ldirilayotganiga to‘xtalib o‘tildi. Milliy axborot makonimiz chetdan kirib kelgan axborotlar bilan to‘lib-toshar ekan, bu holat milliy kontent rivojlanishdan to‘xtab qolishiga olib keladi. Axborotlarni nafaqat o‘zimizning, balki xorijiy resurslarda ham yoritib borish, dunyoga ma’lum qilish, tahliliy jurnalistikani kuchaytirish zarur.

Shahnoza Soatova, adliya vaziri maslahatchisi, bloger:

— Muammolardan bir shuki, milliy kontent yaratuvchilari, ya’ni axborot tayyorlovchi va tarqatuvchilar kam. Saviya masalasi ham oqsaydi. Texnik ta’minot to‘liq bo‘lsa ham sifatli, tez tarqaladigan kontent yaratish qiyin. Bunga kreativ industriya va kadrlar yetishmayotgani rost. Jurnalistlar uchun etika, professionallik, ijtimoiylashuv, g‘oya uchun birlashuv masalalarida ham muammolar bor. Umumiy g‘oya va maqsadlarni to‘g‘ri qo‘ya bilish kerak, degan fikrdaman.

Xushnud Xudoyberdiyev, O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari:

— Biz tashqi axborot xurujlariga qay darajada javob bera olyapmiz? Ayniqsa, jiddiy va siyosiy masalalarda xurujlar bo‘lsa, har kim o‘z fikrini bildirishi mumkin, lekin hamma baribir davlatdan rasmiy munosabat kutadi. Rasmiylar chiqish qilib, fikrini aytsa, jamiyatda ichki qo‘rquv (senzura) bosiladi, “shu mavzuda gapirsa bo‘lar ekan” deb o‘z-o‘zidan davom etadi. Hozir xohlaymizmi, yo‘qmi shunaqa tizimdamiz. Balki yillar o‘tishi bilan bu yo‘qolar. Zamonga qarab moslashmoqchi ekanmiz, rasmiylar ko‘proq gapirishi kerak. Bu ham kontentni rivojlantirishning yo‘llaridan biri. Umuman olganda, kontent ko‘p, mavzulari ham turlicha. Faqat kuzatib boruvchi auditoriya boshqa-boshqa. Ayrim mavzularda bo‘shliqlarimiz bor, ayrim mavzularda iste’molchining o‘zi yetarli.

Kamoliddin Robbimov, siyosatshunos:

— Jamiyatdan yig‘ilayotgan ijtimoiy muammolarni eshitish, to‘g‘ri malakalash va to‘g‘ri yechim taklif qilish qobiliyati bo‘lishi kerak. Bu juda katta siyosiy malakani talab qiladi. Bugun O‘zbekiston neytral bo‘lishga, ko‘p vektorli tashqi siyosat olib borishga harakat qilayapti. Prezident nutqida nima uchun axborot suvereniteti bilan xavfsizlikni bog‘ladi? Sababi oddiy – bugungi kundagi har qanday harbiy harakatlar ortida intensiv axborot urushi yuz beryapti. So‘z erkinligiga to‘laqonli erishishimiz uchun davlatning o‘zi, institutlari, jamiyat bilan ishlash, jamiyatni eshitish va yechim topish qobiliyatlarini oshirish kerak. Yana bir afsuslanarli masala shuki, O‘zbekiston aholisining 90 fоizini qamrab olgan telekanallarda milliy kontent qoniqarli emas. Telekanallarda ijtimoiy tafakkurni shakllantirish, jamiyat bilan davlatning uzviyligini ta’minlash darajasi juda past, bahs-munozara yo‘q.

Muhrim A’zamxo‘jayev, Gazeta.uz internet-nashri bosh muharriri o‘rinbosari:

— Darhaqiqat, davlat televideniyesi tashqaridan kelgan “axborot xurujlari”ga bemalol “signal” berishi mumkin. Davlat nashrlari bor, lekin ularda o‘tkir, tanqidiy materiallar uyoqda tursin, biror salbiy mazmundagi maqolalarni uchratmaymiz. Ijodiy erkinlik bo‘lishi kerak. Ba’zi ommabop ilovalarni milliylashtirish, milliy axborot bilan to‘ldirish muhim.

Muhokama ishtirokchilari tobora avj olayotgan “axborot xurujlari”ga munosib javob qaytarish, axborot suverenitetini ta’minlash va sifatli axborotlar oqimini ko‘paytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi:

  • Sifatli kontent iste’molchisi ham bo‘lishi kerak. Bugun jamiyat, qaysidir ma’noda, yengil-yelpi kontent iste’molchisi bo‘lib qolmoqda va bu yerda sifatli kontentni qabul qiladigan avlodni tarbiyalash masalasi ham kun tartibiga chiqmoqda;
  • Xorijiy siyosiy mavzularni yoritadigan ko‘rsatuvlar, dasturlarni maxsus grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash zarur. Bunday loyihalar kam, borlarini esa ozchilik ko‘rmoqda va natijada moliyaviy naf yo‘qligidan davom ettirilmayapti;
  • Ba’zi katta kanallar, ma’lum bir ma’noda, bugungi axborot makonining ob-havosini belgilab bermoqda. Lekin ular tarqatayotgan axborot sifatli emas, fakt-chekingga muhtoj, ba’zan yolg‘on. Shunday kanallarni yurituvchilarning salohiyatini oshirish, o‘qitish masalalarini o‘ylab ko‘rish zarur. Ularning aksari anonim tarzda faoliyat yuritadi. Bu mas’uliyatni his qilmaslik, qonunbuzilishiga olib kelishi mumkin;
  • “Axborot xurujlari”ga munosabat bildirish bilan cheklanmay, amaliy ishlarga o‘tish, jamoviy jasorat ko‘rsatilishi kerak. Xuruj qilingan manbalarga jamoatchilik cheklovlarini (ban-list) kiritish yoki “istalmagan shaxs” (non grata) deb e’lon qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati