@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Konrad Adenauer fondining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi

 2024-01-13 19:40:15   |     Просмотров: 1633

Joriy yilning 11-12-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan hisobot anjumanida “Yuksalish” harakati hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi 2023-yildagi hamkorlikni sarhisob qildi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Harakatning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlari, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etgan anjumanda yillik faoliyat, amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalar sarhisob qilindi, istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.

Bugunda Harakat a’zolari soni 58 300 nafardan oshgani, o‘tgan yilning o‘zida 40 mingdan ziyod fuqarolar a’zolikka qabul qilingani, yetakchi NNTlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, turli sohalar bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlar platformasi yaratilgani alohida e’tirof etildi.

Harakat huzurida faoliyat olib borayotgan Toshkent xalqaro munozara klubi, Markaziy Osiyo ekspertlar alyansi, Markaziy Osiyo nodavlat tashkilotlari forumi kabi platformalar xorijiy va mahalliy 350 dan ziyod ekspert va siyosatshunoslarni hamda qariyb 50 ta “aql markazlari”ni birlashtiruvchi “maydon” bo‘lib xizmat qilmoqda.

2023-yilda Harakat tomonidan xalqaro tashkilotlarning 2 mln dollarga yaqin grantlari jalb etildi. Ular asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashishga, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi loyihalar ishga tushirildi.

Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha umumxalq referendumi oldidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida illustratsiyalashtirilgan interaktiv formatdagi 24 ta videomaterial, 15 ta maxsus animatsion video-rolik, elektron formatdagi 30 ta poster, 14 turdagi flayer va buklet tayyorlandi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovlari oldidan nomzodlarining dasturlarini keng jamoatchilikka tanishtirish va bo‘lib o‘tgan debatlarni yoritishga ko‘maklashish maqsadida 20 ta infografika va boshqa media materiallar tayyorlandi. Prezidentlikka nomzodlar vakillari teledebatlarining qiziqarli qismlaridan lavhalar keng tarqatildi.

2023-yilda “Yuksalish” harakati fuqarolik jamiyati yo‘nalishida faol ishladi. Milliy va mintaqaviy darajada 2 ta yirik tadbir: “Farg‘ona vodiysida do‘stlik ko‘priklari” Markaziy Osiyo yoshlar forumi va Ayollar NNTlari forumi o‘tkazildi. An’anaviy “Fuqarolik jamiyati haftaligi” 4 kun mobaynida 13 ta hududda tashkil etildi. Bu gal ichimlik suvi ta’minotidan tortib, ijtimoiy mas’uliyatli biznes, nogironlik va gender tenglik, ma’muriy islohotlargacha dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.

Haftalik doirasida K.Adenauer nomidagi jamg‘arma hamkorligida “Boshqaruvda ayollar” mavzusida TED Talks formatidagi konferensiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xotin-qizlarining siyosat va jamiyat hayotidagi o‘rni, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri muhokama qilindi. So‘nggi yillarda xotin-qizlar tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetgani, 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilayotgani ta’kidlandi. Konferensiyada jamg‘arma vakili mavzuga oid ma’lumotlarni Germaniya misolida so‘zlab berdi.

Qayd etish kerak, “Yuksalish” harakati har yili davlat tuzilmalari va tashkilotlaridagi rahbar ayollar reytingini e’lon qiladi. 2023 yilgi reytingdan nodavlat tuzilmalari vakilalari ham o‘rin oldi. Chunki bugunda davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda ular ham faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, ilk bora Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari Top-40 reytingi ham tuzildi.

2023-yilda “Hayot ulash” aksiyasiga start berildi. Aksiya doirasida O‘zbekistonning chekka mahallalaridagi 40 mingga yaqin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsad qilingan. Bugungacha Xorazm, Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridagi olis mahallalar aholisi obihayotdan bahramand bo‘ldi.

Yil davomida hududlardagi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhlari tomonidan davlat va hududiy dasturlar, shuningdek, Prezident hujjatlari ijrosi yuzasidan 182 ta monitoring o‘tkazilib, 500 dan ortiq turli xil obyektlarga borib, o‘rganildi. 71 ta jamoatchilik muhokamalari va eshituvlari tashkil etildi. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha muqobil hisobotlar tayyorlandi. Bunda Harakatning Xorazm, Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi bo‘linmalari faoliyati samarali baholandi. Shuningdek, hududiy bo‘linmalar tomonidan viloyat va tuman kengashlariga 24 ta masala kiritilib, hal etilishiga erishildi. Misol uchun, Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi tibbiyot muassasasi faoliyati o‘rganilganda, rentgen apparatlarining uzluksiz ishlashi uchun qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash zarurati borligi aniqlandi. Ushbu masala Kengash sessiyasiga kiritildi, shundan so‘ng, mahalliy budjetdan 600 million so‘m mablag‘ ajratilib, zarur uskunalar xarid qilindi.

Hududiy bo‘linmalarning jamoatchilik loyihalarini ilgari surishi natijasida esa Navbahor tumanidagi “Yangi kuch” mahalla fuqarolar yig‘inining 5 ta ko‘chasiga quyosh batareyalari o‘rnatildi. Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Aydarko‘l va Arnasoy ko‘llarida 15 gektar cho‘l maydoniga saksovullar ekildi.

“Yuksalish” harakati 2023-yilda xalqaro tashkilot maqomini oldi. Joriy yilda mintaqa va rivojlangan mamlakatlardagi jamoat institutlari, “aql markazlari” hamda siyosiy doiralar bilan aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishni rejalashtirgan. Harakat raisi Bobur Bekmurodov xalqaro tashkilot istiqbollarini belgilash bo‘yicha yillik rejani taqdimot qildi. Unga ko‘ra, Harakatning ustuvor maqsadi – ilg‘or xorijiy tajribalarni, global taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surish, O‘zbekistonning xalqaro maydonlagi nufuzi va ta’sirini oshirish bo‘ladi.

“O‘zbekistonning do‘stlari” xalqaro tarmog‘i, inson huquqlari himoyachilari, ekologlar, tadbirkorlar, yetakchi yoshlar, yetakchi NNTlarda iborat milliy tarmoqlar, Harakat a’zolari, ekspertlar, jamoatchilik fikri liderlaridan iborat hududiy tarmoqlar yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Kelgusida Harakatning K.Adenauer jamg‘armasi bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan doimiy va tizimli monitoring olib borish, turli muammoli masalalalarda tadqiqotlar, so‘rovlar va izlanishlar o‘tkazish, ularning yechimi bo‘yicha asoslangan takliflar ilgari surish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qamrovini yanada kengaytirish rejalashtirildi.

Tadbirda yil yakunlari bo‘yicha eng faol ishlagan, yuqori natijalarni ko‘rsatgan Harakatning Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hududiy bo‘linmalari taqdirlandi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati