@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik eshituvi: Aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatishda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar va muammolar

 2023-11-22 14:25:00   |     Просмотров: 2544

Joriy yilning 21-noyabr kuni Oliy Majlis Senati va “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Unda, senat a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan, hayot sifatini ko‘rsatadigan muhim ijtimoiy xizmat. Yurtimizda bu xizmatdan kuniga 10 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalanadi.

Eshituvda dastlab Transport vazirligi mas’ullari sohada amalga oshirilgan ishlar holati bilan tanishtirdi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportlarining oraliq intervallari qisqartirildi, zamonaviy yangi metro bekatlari ishga tushirildi, avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etildi hamda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari joriy etildi. Shuningdek:

- Bugunda avtomobil transportida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 4 ming 50 ta tadbirkorlik subyekti bor. 179 mingta avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashilmoqda

- Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya bilan xalqaro yo‘nalishlarda 22 ta avtobuslarning muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yilgan

- O‘tgan 10 oyda respublika bo‘ylab 101 ta yangi qatnov yo‘nalishlari tashkil etildi

- 1169 ta yangi avtobuslar sotib olindi. Yana 100 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgan

- Poytaxt jamoat transporti uchun 1000 dona zamonaviy avtobus xarid qilindi. Ular isitish, sovutish tizimi bilan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslab jihozlangan

- Avtobuslarning harakat nuqtasini kuzatish maqsadida “Toshkent transrorti” mobil ilovasi ishga tushurildi

- 2023-yil 1-noyabrdan aholiga qulay tariflar joriy qilindi. Elektron to‘lovlar ommalashtirilmoqda.

O‘tgan vaqt davomida xalqaro va mahalliy havo yo‘nalishlarida yo‘lovchi va yuklarni tashish sertifikatiga ega bo‘lgan “Qanot sharq”, “Ranorama airways”, “Humo air”, “Sentrum air”, “Silk avia”, “Asia Union Airlines” va “Tashkent air” kabi aviakompaniyalari tashkil etildi hamda xalqimizga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Shu bilan birga, sohadagi muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.

— Jamoat transporti rivojlanishi, qulay bo‘lishi va vaqtida harakatlanishi kerak. Lekin bu borada jiddiy muammolar bor, - dedi “Yuksalish” harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov. — Masalan, yaqin yillarda ichki turizm ommalashtirilishi natijasida xalqimiz boshqa shaharlarga sayohatga chiqishni, ziyoratlarga borishni o‘rgangandi. Temiryo‘l chiptalari narxi oshirilishi yoki chiptalar tanqisligi bunga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Toshkentdan Buxoroga bormoqchi bo‘lgan odam safarini bir oy oldin rejalashtirishi kerak bo‘lyapti. Kassada chipta yo‘q, lekin “tanish-bilish” qilinsa bor. Bunday holatlar davlatga, tizimga nisbatan adolatsizlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Shaharlararo avtobus qatnovlari masalasi ham bor. Odamlar asosan, temiryo‘l va havo yo‘llari orqali qatnamoqda. Mingta avtobus sotib olingani bu – fragmental qadamlar. Biroq muammolarni vazirlik va idoralar qanday qilib yechmoqchi, strategiyasi bormi? Bir yildan keyin, besh yildan keyin nima bo‘ladi? Resurslar cheklanib borayotgan bir davrda jamoat transportini qanday rivojlantirish mumkin? Hozir, nazarimda, shu savollarga javob topish ham eng katta muammo.

Jamoatchilik eshituvida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mas’ullari hozirda 6 ta tezyurar poyezd xarid qilinishi bo‘yicha shartnomalar imzolanish arafasida ekanligini ma’lum qildi. Ammo bu yiliga 8 mingtaga oshib borayotgan O‘zbekiston aholisi uchun yetarli emasligi, sohaga nega investorlar jalb qilinmasligi yuzasidan e’tirozlar bildirildi.

O‘zbekiston iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, transport xizmatlarini ko‘rsatishlarda kamchiliklar bo‘yicha aholi tomonidan 252 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning aksariyati Termiz, Urganch, Nukus yo‘nalishlaridagi poyezdlarda xizmat sifati pastligi, vagonlarning achinarli ahvoli haqida bo‘lmoqda. Tezyurar poyezdlardagina xizmat sifati yaxshi tashkil etilgani, biroq oddiy aholi tezyurar poyezdlardan kam foydalanishi ta’kidlandi.

Mutasaddilar bunga javoban shaharlararo qatnov uchun 30 ta elektropoyezdlar olib kelinishi rejalashtirilganini, shunda xizmat sifati ham oshishini aytdi.

Eshituvda yana bir dolzarb masala – Toshkent shahrida kuzatilayotgan tirbandliklar ham muhokama qilindi. Tirbandliklarning oldini olish jamoat transporti jozibadorligini oshirish bilan bog‘liq. O‘tgan yilning noyabr oyida 470 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, hozirda ular 1 mlnga yaqinlashgan. Tirbandliklar faqat avtobuslarni sotib olish bilan cheklanmasligi, infratuzilmani ham rivojlantirish, yo‘llarni moslashtirish kerakligi qayd etildi.

Ma’lumotga ko‘ra, bugun Toshkent shahrida 3,5 mln doimiy harakatlanadigan aholi bo‘lsa, yana 1,5 mln aholi viloyatlardan kirib chiqadi. Kun davomida poytaxtda o‘rtacha 1 mlnga yaqin avtoransport vositasi harakatlanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, bitta yengil avtomobil 3 ta yo‘lovchini, bitta avtobus o‘rtacha 580 ta yo‘lovchini tashimoqda. Metroda kunlik yo‘lovchilar soni 275 mingdan 650 mingga oshgan.

Tadbirda ishtirok etgan faollar tomonidan mutasaddilarga jamoat transportlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududlarida joriy etilmagani, Toshkent shahridagi bekatlar tadbirkorlarga berilishini tartibga solish kerakligi, shuningdek, avtobuslarda, avtoshohbekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun chiqish moslamalarining o‘rnatilmaganligi yuzasidan savollar berildi.

Muhokamalar yakunida aholiga transport xizmatlarini yanada takomillashtirish uchun zarur choralar ko‘rilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati