@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish Talks": Boshqaruvda ayollar

 2023-11-17 15:46:00   |     Просмотров: 1944

Joriy yilning 17-noyabr kuni Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida TED Talks formatidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar o‘zlarining "Muvaffaqiyat tarixi" – ijtimoiy va siyosiy maydonda ishtirok etish tajribasi, shuningdek, ayollarning qaror qabul qilish jarayonlariga ta’siri, tashkilotlarni boshqarishda ayollarning roli, yutuqlar va to‘siqlar bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir maqsadi: Xotin-qizlarning siyosat va jamiyat hayotidagi o‘rni, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini muhokama qilish, mamlakat hayotida yanada faol ishtirok etishga chaqirish. Yosh qizlarga motivatsiya berish.

Ahamiyati: Adolatli va teng huquqli jamiyat yaratish uchun boshqaruvda gender tengligi muhim ahamiyatga ega. Ayollar boshqaruvga o‘ziga xos va an’anaviy yondashuvlardan farq qiladigan yangi g‘oyalar, bilim va tajribalarni, xilma-xillik va inklyuzivlikni olib kelishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori lavozimlarda ayollar ishlaydigan kompaniya va tashkilotlar ko‘pincha samaraliroq va daromadliroqdir. Buning sababi ayollarning ijtimoiy mas’uliyatni ko‘proq his qilishi bilan bog‘lanadi. Shunga qaramay, ayollar hali ham butun dunyo bo‘ylab boshqaruvda ozchilik bo‘lib qolmoqda. Ayollarning yuqori lavozimlarni egallashiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ish joyidagi kamsitishlarni bartaraf etish zarurati tug‘ilmoqda. Jamiyat ayollarning boshqaruvda yuqori lavozimlarni egallashini, ularning malakasi va yetakchilik fazilatlarini tan olib, qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Ma’lumot uchun: So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetdi. 2022-yilda O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibidagi ayollar ulushi 28,2 foizni tashkil etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardir. Mamlakatimizda barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi. Bugunga ayollar 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga rahbarlik qilmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati har yili davlat tuzilmalari va tashkilotlaridagi rahbar ayollar reytingini e’lon qiladi. Joriy yilgi reytingdan nodavlat tuzilmalari vakilalari ham o‘rin oldi. Chunki bugunda davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda ular ham faol ishtirok etmoqda.

Konferensiyada ayollarning boshqaruvda ishtirok etishi va muvaffaqiyatlarga erishishi uchun shart-sharoit yaratish, davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda, dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda ularning ishtirokini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati