@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti qay darajada va undan oqilona foydalanayapmizmi?

 2023-11-14 19:50:00   |     Просмотров: 1902

Ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillari 14-noyabr kuni Toshkentda ichimlik suvi ta’minoti va undan oqilona foydalanishning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Ushbu tadbir Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida tashkil etildi.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi jiddiy muammolardan biri. Bugunda respublikamiz aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foizni tashkil etadi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich 60 foizdan kam. Ta’minot bo‘yicha respublikadagi ko‘rsatkich eng past hudud Qashqadaryo viloyati sanaladi — 51,6 foiz. Ayrim tumanlarda esa bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 6 yilda ichimlik suvi sohasiga davlat budjetidan 14 trln 500 mlrd so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan. Bu ishlar natijasida 1 000 ta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi. Biroq hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash kerak.

Suv resurslari chegaralangan. Lekin ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilayapti, iste’molning aniq hisobi yo‘q. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan.

Ekspertlar iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi, zahiralar kamayishi muammoni kengaytirayotganini ta’kidladi. Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida har gektarga suv sarfi ayrim davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Chuchuk suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Suv hajmi kamaygan, suv sifati yomonlashgani, suvdan nooqilona foydalanilmoqda. Yer osti va yer usti suvlarining kadastri mavjud emas. Yer osti zahirasi so‘nggi 15 yilda 21 ta hududda 3,5 mlrd metr kubga kamayib, suv sathi 5 metr va undan ortiq satxgacha pasaygan. Ichimlik suvidan boshqa sohalarda foydalanish avj olgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyada ham suv resurslarini tejash masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Strategiyada suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, ichimlik suvidan foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, maishiy texnik ehtiyojlar uchun alohida suv tarmoqlarini joriy qilish vazifalari belgilandi.

Qayd etilishicha, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakunigacha 12 ming km. tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va ta’mirlash vazifasi qo‘yilgan. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 mln 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi, 2 mingta mahalladagi ta’minot yaxshilanadi. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv hamda kanalizatsiya inshootlari barpo etilishi zarur.

Forumda ta’kidlanishicha, suv resurslarining kamayishi va tanqisligi butun dunyoda kuzatilayotgan global muammo. O‘zbekiston bundan tegishli xulosalar qilib, suvni tejash va ratsional ishlatish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalasida ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar yordamida yechim izlashi zarur.

Bugun xorij mamlakatlarida havo suv bug‘idan ichimlik suvini olish texnologiyalari qo‘llanmoqda. Texnologiyalar har bir turar joy binosiga o‘rnatilib, havodan toza chuchuk suv olinmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa xonadonlardagi ochiq suv havzalari (hovuz, basseynlar) ichimlik suvi bilan to‘ldiriladi, avtoulovlarni yuvishda ham toza suv ishlatiladi, bog‘lar ichimlik suvi bilan sug‘oriladigan holatlar ham bor. Umuman, suv isrofgarchiligi juda yuqori.

Bu masalada aholining suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi. Ularning dunyoqarashini ego-sentrik prinsipdan eko-sentrikka o‘zgartirish, atrof-muhit va ekologiyaga bo‘lgan ta’sirlarini tushungan holda hayot kechirishlarini keng targ‘ib etish lozim bo‘ladi.

Mazkur forum suvdan foydalanish, suvning ifloslanishi bilan bog‘liq turli muammolarning sabab va oqibatlarini aniqlash, tahlil qilish, tajriba va bilim almashish, shuningdek, aholi uchun ichimlik suvi sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun “muloqot maydoni” bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Yuksalish” umummillliy harakati matbuot xizmati