@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati hamda Yevroosiyo xalqlari assambleyasi o’rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi

 2023-10-25 10:54:00   |     Просмотров: 1570

Joriy yilning 24-oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Yevroosiyo xalqlari assambleyasi Bosh kotibiyati rahbari Svetlana Smirnova bilan uchrashdi.

B.Bekmurodov Harakatning maqsad va vazifalari bilan tanishtirar ekan, tashkilot o‘z faoliyatini nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi darajasida kengaytirishga, yanada samarali, inklyuziv hamkorlik uchun mintaqa mamlakatlarining fuqarolik jamiyatlari va “aql markazlar”i bilan birgalikda ishlashga intilayotganini qayd etdi. Shuningdek, Harakat bugungi kunda Rivojlanish bo‘yicha Osiyo alyansi, Demokratiya va fuqarolik jamiyati sohasidagi xalqaro tashkilotlar global alyansi hamda Butunjahon nodavlat tashkilotlar assotsiatsiyasining a’zosi ekani, qolaversa, Latviya mahalliy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar munitsipalitetlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani haqida gapirdi.

S.Smirnova Assambleya faoliyati haqida so‘zlar ekan, uning maqsadlari tinchlikni, do‘stlik, sheriklikni mustahkamlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik uchun keng “muloqot maydoni”ni yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida “Yuksalish” harakati hamda Yevroosiyo xalqlari assambleyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari – ta’lim va madaniyat, “yashil” iqtisodiyot va ijtimoiy mas’uliyati biznes, raqamlashtirish doirasida qator muloqotlar, mavzuli muhokamalar, o‘quv seminarlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun: “Yevroosiyo xalqlari assambleyasi” (Rossiya) nohukumat tashkilotlari xalqaro ittifoqi 2017-yilning may oyida Moskva shahrida tashkil etilgan. Ittifoq qit’aning 100 ta davlatidan 2500 nafar jamoat birlashmalari, ilmiy va ijodiy ziyolilar, ishbilarmon doiralar vakillarini birlashtiradi. Bugungi kunda Assambleyaga Yevroosiyoning 50 dan ortiq davlatidan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari aʼzo.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati