Respublikamizning 71 ta lokatsiyasida “Mening oilam — mening huquqim” aksiyasi tashkil etildi
Joriy yilning 22—23 avgust kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlikda “Mening oilam — mening huquqim” shiori ostida navbatdagi aksiyani o‘tkazdi.
Aksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad – fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlash. Shuningdek, fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda, shu jumladan nikoh, ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish (hadya, oldi – sotdi shartnomalari, ayriboshlash shartnomalari), hujjatlar tarjimasini bir tildan boshqa tilga o‘girish, uy-joy bo‘ycha ishonchnoma maslahati, er-xotinning umumiy mulkdagi shartnomasi, nizolarni sudgacha hal qilish va meros masalalari yuzasidan bepul huquqiy maslahatlar va amaliy yordam ko‘rsatishdir.
Bu galgi aksiyada respublikamizning 71 ta lokatsiyasida 108 nafar notarius xodimi tomonidan 2000 dan ziyod fuqaroga bepul huquqiy maslahatlar berildi.
Aksiya davomida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, hadya masalalarida 500 ga yaqin, meros bo‘yicha – 400 ga yaqin, nikoh shartnomasi bo‘yicha – 170 ta, garov shartnomasi bo‘yicha – 162 ta, mehnat va oilaviy munosabatlar bo‘yicha – 153 ta, qarindoshlar o‘rtasida shartnomalar tuzishga oid – 151 ta murojaat kelib tushgan va ularga tushuntirishlar berilgan.
Huquqiy aksiyada eng ko‘p fuqaro Farg‘ona viloyatida ishtirok etdi – 560 nafar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.
“Yuksalish” harakati va Notarial palata o‘rtasidagi hamkorlik 2020 yil sentyabr oyida ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Shu vaqtgacha fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan xayriya tadbirlari va joylarda targ‘ibot ishlarini o‘tkazish bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Har ikki tashkilot o‘rtasidagi samarali hamkorlik davom etmoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati