Yoshlar uchun onlayn trening: saylovlar jarayonida mediasavodxonlik
23—24-mart kunlari ”Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Xalqaro saylov tizimlari jamgʻarmasi (IFES) koʻmagida "Saylovlar jarayonida mediasavodxonlik: dezinformatsiya va feyklarni aniqlash uchun vositalar” mavzusida yoshlar uchun onlayn treninglar oʻtkazildi.
Trenerlar sifatida PR va kommunikatsiyalar boʻyicha fan doktori (DSc), “New Media Education Center” NNT direktori Beruniy Alimov hamda Sloveniyaning OAV monitoringiga ixtisoslashgan “MEMO 98” nodavlat tashkilotining media eksperti Ivan Godarskiy taklif etildi.
Qayd etilganidek, yangi media davri boshlanishi bilan axborot oqimi kuchayib, soxta xabarlarni haqiqatidan ajratish tobora qiyinlashib bormoqda. Bugungi kunda har qanday Internet foydalanuvchisi endi shunchaki kontent isteʼmolchisi emas, texnologiya tufayli u axborot manbai va tarqatuvchisiga aylanishi mumkin. Axborotni uzatish va qabul qilish usullarining evolyutsiyasi ”fake news”, “matndan parcha” va “posthaqiqat” kabi atamalarning paydo boʻlishiga olib keldi. Baʼzan ular jamoatchilik ongini oʻzgartirmoqda, axborotni qabul qilishiga taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuning uchun, faktcheking koʻnikmalari, yaʼni faktlarni tekshirish va yolgʻon maʼlumotlarni aniqlash nafaqat soha mutaxassislariga, balki barcha internet foydalanuvchilariga bexabarlik tufayli dezinformatsiya (yolgʻon axborot) tarqatuvchiga aylanib qolmaslik uchun zarur. Bu – raqamli texnologiyalar jamoatchilik fikriga taʼsir etuvchi buzgʻunchi vositaga aylanishi mumkin boʻlgan saylovlar kabi muhim siyosiy tadbirlarda, ayniqsa dolzarb.
Treninglar davomida Oʻzbekistonning barcha hududlaridan jami 70 nafarga yaqin yoshlar dunyoda bu yoʻnalishdagi tendensiya va muammolar haqida dastlabki maʼlumotlarga ega boʻlishdi, faktlarni soxta va haqiqiysidan farqlash, ”nafrat tili”ni aniqlashni oʻrganishdi. Amaliy mashgʻulotlarda esa ishtirokchilar fotosuratlar, videolar, veb-saytlar, matnlarning haqiqiyligini tekshirish uchun asosiy faktcheking vositalaridan foydalanib koʻrishdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati