@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Vatandoshlar hayotidan”: Zafar Saydaliyev bilan suhbat

 2022-12-18 16:33:16   |     Просмотров: 2166

“Vatandoshlar hayotidan” loyihasining navbatdagi mehmoni Zafar Saydaliyev. Asli Toshkentda tugʻilib oʻsgan vatandoshimiz 2006-yilda poytaxtda institutni tamomlab, oʻqishini Germaniyada davom ettiradi. Oʻqib, ishlab, tajriba toʻplagach, oʻz kelajagini aynan fuqarolik jamiyati sektorida, nodavlat tashkilotlarda koʻradi. 2016-yildan buyon Rossiyaning turli hududlarida urbanizatsiya, shaharlarni faollashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2021-yilda Oʻzbekistonda ham “ACTORS OF URBAN DIALOG” loyihasini boshladi. Shuningdek, u faoliyat yoʻnalishi noodatiy taʼlim va fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash boʻlgan “CULTURE GOES EUROPE”, “SOCIAL IMPULSE HUB Erfurt” NNTlarini boshqaradi.

P/S: Zafar Saydaliyev bilan 2021-yilning yozida suhbatlashgan edik, maʼlum sabablarga koʻra intervyuni eʼlon qilish ortga surildi. Ammo unda aytilgan fikrlar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

— Assalomu alaykum! Bizning “Vatandoshlar hayotidan” loyihamizga xush kelibsiz! Toshkent arxitektura-qurilish institutini tamomlab, xorijda ish faoliyatingizni boshlagansiz. Tilni oʻrganishingiz keyinchalik Venadagi xalqaro tashkilotda ishlashingizga, Germaniyadagi Erfurd universitetida oʻqishingizga turtki boʻlganmi?

— Avvalo, taklif uchun rahmat! Oʻzbekistonda ingliz tili rivojlanib borayotganini kuzatib bordim, chet eldagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqish imkoniyatlarini koʻrib, til oʻrganish oʻzimga ham qiziq boʻldi. Germaniyadagi universitetlar ham maʼlum bir sohalarda taʼlim olishga taklif qiladi. Arxitektura-qurilish institutining menejment yoʻnalishini tamomlaganimdan keyin Oʻzbekistondagi NNTlarda, xalqaro tashkilotlardan (OBSE) ishlab koʻrdim. Keyin Germaniyada davlat boshqaruvi yoʻnalishida konfliktologiya mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga topshirdim. Nemis tilini ham oʻrgandim.

— Oʻn yildan ziyod vaqtdan beri Germaniyadasiz. U yerga moslashish, taʼlim olish jarayoni qanday kechdi? Sizni ajablantirgan, yoqqan jihatlari nimalarda boʻldi?

— Moslashish juda qiyin boʻldi. Ikki yil 30 dan ortiq davlatlardan kelgan talabalar bilan birga oʻqidim. Chunki boshqa soha va boshqa til edi. Asosiy kunim kutubxonada oʻtardi. Oʻqishni bitirgachgina Germaniyada hayot qanaqaligini koʻrishga imkon boʻldi. Koʻnikish, moslashish, insonlar bilan muloqotda boʻlish jarayonlari biroz qiyin kechgan. Vaqt oʻtgan sari baribir koʻnikasiz.

— Germaniya jamiyati boshqa mamlakatlardan xoh oʻqish, xoh ishlash uchun kelganlarga qanday munosabatda boʻladi?

— Germaniyani imkoniyatlar mamlakati, desa boʻladi. Biror kasb-hunarni egallash uchun taʼlim olmoqchi boʻlsangiz, loyihalarni rivojlantirmoqchi boʻlsangiz ham imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Jamiyati bunga ochiq qaraydi. Mening NNTlardagi birinchi tajribam bir loyihani ishlab chiqish boʻlgan. Ikki yosh nemis bilan stol tennisi oʻynardik. Ularga loyihani taklif qilganman. Keyin ular tashkilotga taklif qilgan. Shu tariqa Yevropa Ittifoqining loyihalari asosida ishni boshlaganmiz. Shunda tushunib yetganmanki, yosh nemislarga, kim boʻlishidan, yoshi, millatidan qatʼi nazar, bunday katta imkoniyatlar beriladi, ular oʻzlari ham izlanishadi, dunyo tajribasini oʻrganishadi.

— Ish topishda qiyinchiliklar boʻlganmi?

— Oʻzim istagan sohada ish topish qiyin boʻlgan. Chunki oʻzimni soham kam tarmoqli tashkilotlarda ishlashga moʻljallangan, hatto qaysi sohada ishimni davom ettirishga ikkilanib qolgandim. Tasodif tufayli NNT loyihasida oʻzimni sinab koʻrib, qiziqdim va shu yoʻlda davom etdim. Oʻqish mobaynida “qaysi sohada oʻzimni topsam, rivojlansam boʻladi” degan fikrlar qiynardi.

— Germaniyada xorijdan kelganlarga ish topish masalasi, umuman tizim qanaqa?

— Ish topish, umuman olganda, qiyin emas. Asosiy bilimlar – kompyuter, tilni bilsa, har xil darajadagi xohlagan ishini topsa boʻladi. Xususiy sektorda boʻlishi mumkin, startap biznesini ochish mumkin. Bunday loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi ham. Shaxsan oʻzimning loyiham ham startap, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid edi. Yevropa Ittifoqining dasturi boʻyicha 6 ta mamlakat bilan birga. Yaʼni chet elda yashab, ishlayotgan migrantlar tajribasini oshirib, oʻz sohasida startap ochishga qaratilgandi. “Qanday rivojlantirsa boʻladi?” degan savolga izlanish olib borganmiz. Shuni kuzatdikki, imkoniyatlar keng, asosiysi kompyuter, tilni bilish kerak.

— Imtiyozlar bormi?

— Imtiyozlar yoʻq. Hamma qatori ishlab, tajriba oshiriladi. Oʻqigan kasbida oʻzini yaxshi koʻrsatolmasa, ishini davom ettirishi qiyin.

— Hozirda asosiy ish faoliyatingiz nimadan iborat? Turli loyihalarni amalga oshirishingizdan, nodavlat tashkilotlarni boshqarishingizdan xabarimiz bor. Shu haqda batafsilroq soʻzlab bersangiz?

— 2016-yili bir nemis hamkasbimiz bilan birga trener sifatida ham faoliyati yuritardik.  U bir kuni bizda NNT bor, jamoasi hozir boshqa sohalarga oʻtib ketgan, istasang oʻzingni shu yerda sinab koʻr, boshqarib koʻr deb taklif berdi. Qiziqdim, bunday imkoniyat har doim ham boʻlmaydi. Ozroq ikkilanish boʻldi-yu, lekin, ishlab koʻrsa boʻladi dedim. Tashkilotni tashkiliy jihatdan rivojlantirish, yaʼni loyiha yozish, fandreyzing, volontyorlik dasturlari, xalqaro loyihalarni rejalashtirishni boshladim. Besh yil mobaynida jamoa shakllanib, oʻsdi, 12 kishi va 3 nafar xalqaro volontyorimiz bor, ular Portugaliya, Rossiya, Irlandiyadan. Jamao tarkibi ham turli davlatlardan kelgan turli soha egalari, Ukraina, Indoneziyadan ham bor. Jamoada ikki nafar nemis bor, qolganlari bari boshqa mamlakatlardan.

— Asosiy faoliyat yoʻnalishingiz nimadan iborat?

— Noanʼanaviy taʼlim. Umuman, taʼlim sohasi Germaniyada formal, yaʼni maktab, universitet tizimi kuchli rivojlangan. Lekin insonlarda noaʼanaviy taʼlimga ham ehtiyoj bor. Dasturlarimizda qatnashgan yoshlar aytishadiki, maʼlum bir bilim va tajribalarni insonlar bilan muloqot orqali, boshqa usullar orqali ham bersa boʻladi. Oromgoh shaklida oʻquv dasturlari tuzganmiz. Yoshlar orasida bilim almashinuvi. Shunday loyihalardan birinchisi, Germaniya, Rossiya, Ukraina yoshlarini bir joyga toʻplab, bir hafta davomida turli mavzularda (migratsiya, taʼlim, liderlik) oʻyinlar orqali oʻzaro bilim va tajriba almashishlariga imkon berganmiz. Asosiy loyihalarimizni Yevropa Ittifoqi (Erasmus+), Germaniya fondi moliyalashtiradi.

— Faoliyatingiz yoʻnalishi noodatiy taʼlim yoʻnalishida loyihalarni amalga oshirish va fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ekan. Nima uchun aynan fuqarolik jamiyati sektorini tanlagansiz?

— Yaxshi savol boʻldi. NNT sifatida oxirgi besh yillik tajriba shuni koʻrsatdiki, noaʼnaviy taʼlimga qiziqqanlar bilan ishlasak, ularning dunyoqarashini oʻzgacha, boshqacha. Universitetda maʼlum bir dasturlar oldindan tuzib kelinadi, yaʼni qaysi fan qayi usulda oʻqitilishi, oxirida dissertatsiya yoqlanishi aniq tuzilgan shakl. Dunyoqarash shakllanishi bir yoʻnalishda olib boriladi. Bizning loyihalarimiz orqali esa yoshlar oʻzgacha, kreativ fikrlashi mumkin. Metodikani doim oʻzgartirib boramiz. Yangiliklar kiritilib boriladi. Va bu bizga qiziq. Yaqinda ikki yillik Erasmus+ dasturi loyihasida 5 mamlakat bilan loyihani yakunladik. Raqamli taʼlim orqali yozgi oromgohlar tashkil qildik, onlayn dasturlarni qoʻlladik. Yevropadagi maktablar dasturlariga metodlarimizni taklif qildik. Bu bir misol. Boshqa sohalarda ham shu kabi loyihalarni rivojlantirib kelyapmiz.

— Germaniyada jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati fikri qanchalik ahamiyatga ega? NNTlar qayerdan roʻyxatdan oʻtkaziladi, ularni kim moliyalshtiridi? Ular oʻz xarajatlari haqida kimga hisobot beradi?

— NNTlar Germaniya qonunchiligi asosida kichik jamiyat sifatida tuziladi. Kamida 7 kishidan iborat boʻlishi kerak. Notarius orqali roʻyxatdan oʻtib, oʻzining Nizomini yaratishadi. Moliyalashtirish manbalari turli xil. Koʻpchiligi doneyshn orqali, yaʼni odamlarning oʻz mablagʻlari. Homiylar mablagʻlari bilan moliyalashtiriladi. Biz shu sohani rivojlantirmoqchimiz deb targʻibot ishlarini yurgizishadi va oʻzlari pul tikishadi. Qaysidir sohalar davlatning asosiy sohalariga toʻgʻri kelsa, davlat mablagʻ ajratadigan holatlar ham bor. Bu asosan ijtimoiy yoʻnalishga toʻgʻri keladi. Biz xalqaro donorlar bilan ishlaymiz.

— Xorijiy fuqarolarni NNT tashkil qilishga imkoniyati bormi?

— Imkoniyati bor. Qonunchilik asosida roʻyxatdan oʻtib, faoliyat yuritishi mumkin.

— NNT tomonidan ijtimoiy tashabbuslar amalga oshiriladi. Bu tashabbuslar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadimi?

— Xilma xil, deyish mumkin, aniq bir yoʻnalish yoʻq. Germaniyaninng oʻzida federal yerlar 16 ta. Ular aslida bir-biridan mustaqil. Moliyalashtirish prioritetlari farq qiladi. NNTlar har bir hududda maqsadlarini amalga oshirishi mumkin. Shunga qarab moliyalashtiriladi. Misol uchun, aholi migrantlardan iborat boʻlgan hududlarda migrantlarga moʻljallangan loyiha boʻladi. Qaysidir hududda taʼlim sohasini rivojlantirishga talab katta boʻlsa, taʼlimga oid loyihalar. Men yashaydigan Erdfurd shahrida asosan tadbirkorlikka qiziqish katta. Tyuringem federal tuzilmasi poytaxti. 2 mlnga yaqin aholi yashaydi. Toshkentning yarmi degandek gap. Oʻziga yarasha muammolari bor: aholining koʻchishi, urbanizatsiya juda yuqori. Shu bois yoshlarning koʻchishi kuzatib boriladi, qanday qilib katta shaharlarga (Berlin, Frankfurt)ga koʻchish koʻpayishining oldini olish mumkin kabi masalalarda bosh qotirishadi. Federal vazirliklar koʻmagi bilan ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, koʻchib ketgan yoshlarni jalb qilish boʻyicha loyihamizni amalga oshiryapmiz.

— Ijtimoiy tarmoqda yozgan ekansiz: Shahar bu – binolar, uylar, koʻchalardan iborat emas, balki u odamlar va atmosfera hamdir. Bu urbanizatsiyaga oid loyihalardan kelib chiqib aytilgan fikrmi? Shu maʼnoda Oʻzbekistondagi vaziyatni baholab koʻrganmisiz? Shaharlarimizda urbanizatsiya jarayoni qanaqa? Xulosalaringiz bormi?

— Albatta. Mahalliy sharoitlarni yaxshilash loyihasini Oʻzbekistonga olib kelishdan maqsad ham shu. Oʻzim Toshkentda tugʻilib katta boʻlganman. 2011-yilgacha yashab, ishlab, tajriba oshirganganman. Oʻshanda kuzatib borardim: shahar rivojlanishi juda ham tez. Bir yil kelgan odam ayrim joylarni tanimay qolyapti. Oʻzgarib ketyapti. Bu tabiiy. Lekin shu shaharda yashayotgan odamlarga bu oʻzgarishlar qanchalik qulay? Shahar infratuzilmasi odamlar uchun qulaymi? Yashab turgan joyiga insonlarning qanchalik bogʻliqligi bor? Shu savollarni oʻzimga koʻp beraman. Chunki urbanizatsiya, aktivizm odamlarning yashab turgan joyiga, shahriga befarqligini yoʻqotish, ularga qanday bogʻliqligini paydo qilishdir. “Ha bu shahar meniki, men ham shahrimni rivojlantirishga, biror joyi yaxshi tomonga oʻzgarishiga hissamni qoʻshishim kerak” degan maqsadda boshlanadi. Loyihamizda Oʻzbekistonning kichik shaharlarini – Urganch, Fargʻona, Chirchiq tanlab olindi. Bu shaharlarda ham faol insonlar koʻp. Ularda nimanidir yaxshi tomonga oʻzgartirish fikri boʻladi. Masalan, har kuni avtobus bekatidan foydalanadigan odamda “shuni boshqacha qilsa boʻlardi” degan fikr, albatta boʻladi. Qurilish ishlari shiddat bilan ketayotgan paytda insonlar fikrini inobatga olish har doim ham boʻlmaydi. Biz ekspertlar bilan ishlaganimizda, ularning tajribasida odamlar bilan birga loyihalashtirish bor. Bamaslahat qurilsa, bolalar maydonchasimi, bogʻmi, odamlarning shu yerga bogʻliqligi boʻladi, gʻamxoʻrligi oshadi, beeʼtibor boʻlmaydi. “Bu joy maniki, qurilishida oʻzim qatnashganman” deydi. Lekin, tan olish kerak, shaharlarda ayniqsa, beeʼtiborlik koʻproq. Loyihalar orqali jalb qilish samarali boʻladi, deb oʻylaymiz. Kichik shaharlarda ham odamlar aloqa qiladigan joylar kam boʻladi. Baʼzilarida bolalar oromgohlari boʻladi, lekin ularda odamlar qanchalik toʻplanib suhbatlashib oʻtiradi? Ota-onalar bolalari bilan oʻynaydimi? Bu ham muhim. Urbanizatsiya termini shahar rivojlanishini anglatadi. Loyihamiz shahardagi faollar bilan mahalliy sharoitlarni rivojlantirishga qaratilgan. Maqsad – qatnashchilar tajriba orttirib, yashovchilar bilan, hokimlik, tadbirkorlar bilan dialogga kirishish, muloqot oʻrnatish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak.

— Hozirda Oʻzbekistonda “Mahalliy sharoitlarni yaxshilashda faollar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshiryapsiz. Loyiha qaysi bosqichda?

— Mart oyida boshlagan boʻlsak, dastlab 15 ta ishtirokchini qabul qildik. Rossiyalik, germaniyalik ekspertlar bilan birgalikda birinchi treninglarni oʻtkazdik. Qatnashchilarga noaʼnaviy tarzda maʼlum bir hududni (Fargʻona) keys sifatida olib, “shu yerda birinchi toʻrt kuni nima qilsak boʻladi” deb, xorij tajribasini oʻrtoqlashdik. Dialogni qanday qilib yaratish boʻyicha axborot berdik. Dialog orqali mahallada loyihalar qilinib, unga odamlarning oʻzi hissa qoʻshishi kerak. Maqsadimiz – natijaga erishish emas, muhimi, loyihaning jarayoni, odamlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqa, bir-biri bilan kelishib ishlashi. Ular orasida talaba, oʻqituvchi, mahalla raislari, volonyotralar, umuman turli kasb egalari bor. Qanchalik tez muloqotga kirishilsa, shunga qarab natija boʻladi.

— Bu loyiha boshqa davlatda ham amalga oshirilganmi?

— Ilk loyiha Yevropa mamlakatlarida, Fransiya, Daniyada boshlangan. 2016-yilda “Shahar muloqotda” (“Gorod v dialoge”) loyihasini  Rossiyada amalga oshirdik. Turli shaharlardan yosh, faol urbanistlarni toʻpladik, Germaniya tajribasini koʻrsatdik. Ular tushunib yetishdiki, oʻzi yashab turgan hududni oʻzgartirishga imokniyatlar bor, hatto tajribalar oʻtkazishdi. Masalan, Sankt-Peterburgda tashlandiq joylarni koʻzlab, qanday qilib odamlarga foydali maskanga aylantirish mumkinligi haqida oʻyladik. Bu intervensiya deyiladi. Avval odamlarini chaqirdi, bir piyola choy berdi, muloqot qildi, fikrini bildi. Keyin shunga qarab loyiha qildi.

— Biror natijaga erishildimi?

— Asosiysi – tajriba. Ular boshqa shaharlarda hozir yirik loyihalar bilan ishlashadi. Guruhda hamma ham buni qabul qilolmasligi mumkin, kimdir menga hali erta yoki bu yoʻnalishda ishlashim qiyin, deyishi mumkin. Lekin koʻpchiligi bu soha menga qiziq, rivojlana olaman, deb atrofiga yosh jamoalarni tuzib, misol uchun, yashab turgan shahrida federal tizimlar orqali qurilish jamoasida ishlashadi. Bunga “Proyektnaya gruppa-8” jamoasini misol qilib aytishim mumkin. Rossiya boʻylab yosh arxitektorlar bizning loyihalar orqali rivojlanib, hamkorlik qilib kelishadi, hatto ularni ekspert sifatida ham chaqirib turamiz. Yirik loyihalarda bu tajriba juda muhim, chunki oʻzi sinab koʻrmasa, boshqa loyihalarga maslahat berish qiyin.

— Loyiha doirasida Fargʻonada boʻldingiz. Oʻsha yerlik aholi bilan koʻrishdingiz, gaplashdingiz. Ular hududida oʻzgarishlar, yangiliklar qilishga tayyormi?

— Ha, xohishi katta. Suhbatlashib bildimki, ular oʻzi yashab turgan joyini, odamlarini yaxshi koʻrishadi. Ularda ozgina tashabbus paydo qilolsak, imkoniyatlari keng. Fargʻonada loyihaga jalb qilingan odamlarning oʻzaro munosabatlari yaxshi edi, loyihalarni birgalikda taqdimot qilganda ham kelishib ishlashdi. Eksperiment sifatida koʻp qavatli uy hududidagi boʻsh maydonchani kichkina hashar qilish bilan tozalashni taklif qilishdi.

— Demak, yaxshi tomonga oʻzgarishni xohlashadi...

— Albatta. Menimcha, Oʻzbekiston boʻyicha har bir inson: “men yashab turgan joyimni yaxshilayman” deb aytishi mumkin.

— Baʼzan eʼtiborsizlik ham bor-da...

— Eʼtiborsizlik bu – koʻproq yomon sharoitlarni koʻravergandan boʻladi, bunda odam passivlashib boradi. Atrofida dam olish uchun joy boʻlmasa, doim salbiy fikrlarda boʻlaversa, “bu yerda yashash qiyin, qoʻshnilar bilan gaplashib boʻlmaydi, xech kim atrofini tozalamaydi”, deyuvchi insonlar ham koʻp. Bu tabiiy hol, menimcha. Lekin ijobiy nuqtai nazardan qarasa, ularga ozgina turtki berilsa, odamlar fikrini tez oʻzgartiradi. Oʻsha hashar qilishganda hovlida yashovchilar, yoshi katta ayollar ham chiqib, supurishga tushdi. “Qoʻyavering” desak ham, yoʻq, men shu joyda yashayman,  tozalashim kerak, deyishdi. Afsuski, muloqotni yaratish oson emas, deylik hokimiyat kelib “bu yerda boshqa loyiha qilinadi” desa, odamlar tushkunliika tushadi. Shunda “yana nima qilsak boʻladi”, deb oʻzaro maslahatlashish kerak. Hammani qarashlari, maqsadlari xar xil. Bitta fikrga kelish qiyin. Biz maydonchaga oʻrindiqlar oʻrnatib ketgandik. Ertasiga ikkitasini olib tashlashibdi. Sababini soʻrasak, qariyalarga bolalar shovqini xalaqit qilibdi. Vaholanki, oʻsha joyda bolalarga bu oʻrindiqlar kerak edi, ular boshqa mahallaga borib oʻynasharkan. Issiq kunlarda moshinalar bilan bolalar soya joyni talashishadi. Moshina egasi ham moshinasini soyaga qoʻygisi, bolalar soyada oʻynagisi keladi. Mana shunaqa kichkina faktorlar muloqot yaratishga asos boʻladi. Ayrim yosh oilalarni hasharga qoʻshilishga chaqirsak, “yoʻq biz bu yerda 2-3 oy vaqtinchalik yashaymiz, ketamiz” deyishdi. Vaqtinchalik yashasa ham shu joyni obodligiga hissa qoʻshsa nima boʻladi? Agar buni tahlil qilsak, oʻsha vaqtincha yashagan joyida ham nimadir qilgan odam boshqa doimiy yashaydigan joyida ham qiladi. Yanada yaxshilashi mumkin. Hammasiga ijobiy yondashuv kerak.

— Loyihangizni amalga oshirish uchun nega aynan Oʻzbekistonni tanladingiz? Jamoangiz bunga qanchalik xayrixoh?

— Yaxshi savol boʻldi. Aslida Oʻzbekistonga bir necha yildan beri biror nima qilishga harakat qilardik. Birinchidan, shu yerda katta boʻlganman, bu yerdagi NNTlar bilan aloqalarimiz bor edi, imkoniyatlarini bilardik, birgalikda loyiha qilishni oʻylab kelardik. Ikkinchidan, ekspertlarimiz uchun ham Oʻzbekiston qulay boʻldi. Muloqot tili, shahar tuzilmasi, planlashtirilishi oʻxshash.

— Xalqaro tashkilotlarda karyera qilmoqchi boʻlgan yoshlarga qanday maslahat bergan boʻlardiz? Ular nimalarni bilishi kerak?

— Xalqaro tashkilotlarda hamma ishlagisi keladi. Bu nufuz, dunyo tajribasini oʻrganish imkoniyati. Xuddi shu savolni germaniyalik professorga berganimda: “Ishlashing mumkin, lekin hayoting zerikarli oʻtadi, hozir yoshlikda kuch-quvvat borida shunday loyihalar qilginki, bir umr eslab yurgin” deb maslahat bergandi. Boshida hayron boʻlganman, lekin universitetdan keyin NNTlarda ishlab koʻrib tushundim. Toʻgʻri, hozir yoshlikda faol, shijoat bilan loyihalar qilish, dunyo kezish, boshqa tashkilotlar bilan fikr almashinish imkoniyati katta ekan. Yoshlarga maslahatim – karyerani boshlashda NNTlarda kichik loyihalarni amalga oshirib koʻring, yangi yoʻnalishlarni oching, har sohada oʻzining yangiliklari boʻladi, sinab koʻrish mumkin. Katta tashkilotlarida bunday imkoniyat, ishlash uchun erkinlik koʻp emas. Katta-katta forumlar qilardik, galstuklarda borardik, qogʻozda chiroyli gaplar yozardik, lekin katta oʻzgarishlar qilolmaysiz. U sizga bogʻliq boʻlmaydi-da. NNTlar esa ochiq gorizont.

— Oʻzbekistonda qancha vaqt boʻlmadingiz va qanday oʻzgarishlarni koʻrdingiz?

— Yilda bir marta kelib turishga harakat qilaman. Bu yerda doʻstlarim, tanishlarim bor. Yangiliklar orqali oʻzgarishlarni kuzatib boraman. Oʻzgarishlar katta va tez. Har yili kelganimda manzilda adashaman. Imkoniyatlarni his qilaman. Yana nima ish qilsak boʻladi, deyman. Bu jihatdan juda xursandman.

— Yaqin yillarda qaysi sohada oʻzgarishlar qilish kerak, deb oʻylaysiz?

— Taʼlim. Barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan taʼlim juda muhim. Kimdir qoʻshilar, kimdir qoʻshilmas. Germaniya tajribasida koʻraman, maktab oʻqituvchilarini juda qadrlashadi. Solishtirsam, bizda ish hajmi, yuklamalari koʻp. Asosiy vazifasi taʼlim berishdan koʻra ortiqcha vazifalari koʻp. Mamlakatni keyingi 20-30 yillik rivojlanishini belgilab beruvchi soha bu – taʼlim. Noodatiy taʼlimni ham rivojlantirish kerak. Maktabda, universitetda bolalardan forma emas, bilim talab qilish muhimroq...

— Baʼzan eʼtiborsizlik ham bor-da...

— Eʼtiborsizlik bu – koʻproq yomon sharoitlarni koʻravergandan boʻladi, bunda odam passivlashib boradi. Atrofida dam olish uchun joy boʻlmasa, doim salbiy fikrlarda boʻlaversa, “bu yerda yashash qiyin, qoʻshnilar bilan gaplashib boʻlmaydi, xech kim atrofini tozalamaydi”, deyuvchi insonlar ham koʻp. Bu tabiiy hol, menimcha. Lekin ijobiy nuqtai nazardan qarasa, ularga ozgina turtki berilsa, odamlar fikrini tez oʻzgartiradi. Oʻsha hashar qilishganda hovlida yashovchilar, yoshi katta ayollar ham chiqib, supurishga tushdi. “Qoʻyavering” desak ham, yoʻq, men shu joyda yashayman,  tozalashim kerak, deyishdi. Afsuski, muloqotni yaratish oson emas, deylik hokimiyat kelib “bu yerda boshqa loyiha qilinadi” desa, odamlar tushkunliika tushadi. Shunda “yana nima qilsak boʻladi”, deb oʻzaro maslahatlashish kerak. Hammani qarashlari, maqsadlari xar xil. Bitta fikrga kelish qiyin. Biz maydonchaga oʻrindiqlar oʻrnatib ketgandik. Ertasiga ikkitasini olib tashlashibdi. Sababini soʻrasak, qariyalarga bolalar shovqini xalaqit qilibdi. Vaholanki, oʻsha joyda bolalarga bu oʻrindiqlar kerak edi, ular boshqa mahallaga borib oʻynasharkan. Issiq kunlarda moshinalar bilan bolalar soya joyni talashishadi. Moshina egasi ham moshinasini soyaga qoʻygisi, bolalar soyada oʻynagisi keladi. Mana shunaqa kichkina faktorlar muloqot yaratishga asos boʻladi. Ayrim yosh oilalarni hasharga qoʻshilishga chaqirsak, “yoʻq biz bu yerda 2-3 oy vaqtinchalik yashaymiz, ketamiz” deyishdi. Vaqtinchalik yashasa ham shu joyni obodligiga hissa qoʻshsa nima boʻladi? Agar buni tahlil qilsak, oʻsha vaqtincha yashagan joyida ham nimadir qilgan odam boshqa doimiy yashaydigan joyida ham qiladi. Yanada yaxshilashi mumkin. Hammasiga ijobiy yondashuv kerak.

Blits savollar:

— Baxt siz uchun nima?

— Tinchlik. Totuvlik.

— Kamchiligingiz?

— Koʻp ikkilanaman. Bitta mavzu atrofida koʻp oʻylanaman, bir qarorga kelishim qiyin.

— Qanday qobiliyatga ega boʻlishni istardingiz?

— Bir hamkasbimni kuzataman. Insonlar bilan muloqotga yengil kirishadi. Mandam shu qobiliyatni rivojlantira olsam edi, deyman.

— Germaniya boʻlmaganda qaysi mamlakatni tanlardingiz?

— Aslida oʻqishga hujjat topshirganimda avval Yangi Zelandiyaga, keyin Germaniyaga topshirgandim. Qiziqishim katta edi. Lekin Germaniyadagi universitet javob xatini ertaroq yuborgan. Yangi Zelandiya uzoq, dunyoning boshqa chekkasi. U yerga ketganimda, balki yurtimga kam kelardim. Germaniya boʻlganiga ham xursandman, yoʻllar ancha qisqa.

— Sevimli taom?

— Palov.

— Oʻzingiz taom tayyorlaysizmi?

— Osh tayyorlayman.

— Vaqt ajratib, kelganingiz uchun rahmat!

— Sogʻ boʻlinglar!