@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Mavjud toʻsiqlarni olib tashlash kerak... “Yuksalish” harakati turli obyektlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrgandi

 2022-12-03 15:29:52   |     Просмотров: 3769

3-dekabr – Xalqaro nogironligi boʻlgan shaxslar kuni

Biz koʻchaga chiqar ekanmiz, yoʻl chetidagi katta-kichik toʻsiqlardan osonlikcha sakrab oʻtamiz, binolarga kirishda zinapoyalardan osonlikcha chiqib-tushib ketaveramiz. Lekin kimdirlar uchun bu — muammo. Ular   mustaqil holda yuqoriga koʻtarila olmasligi, yoʻlidagi toʻsiqlar oldida qiyin vaziyatga tushib qolishlari mumkin.

Eʼtibor berganmisiz, atrofimizda, koʻcha-koʻyda nogironligi boʻlgan odamlar koʻp emas, har kuni duch kelmaysiz ularga. Bu ularning soni kam boʻlganidan emas, shunchaki ular koʻchaga chiqishlari uchun qulayliklar yetarli emasligida. Hamma binolarga kirishda panduslar bormi va toʻgʻri qurilganmi? Ovozli svetoforlar koʻpmi? Piyodalar yoʻlaklari kengmi? Yer osti yoʻlaklari-chi? Brayl alifbosidagi maʼlumotlar, surdotarjimalar, audio kitoblar yetarlimi? Ha, biz nogironligi boʻlgan shaxslarga eʼtibor qaratamiz, sovgʻa-salomlar beramiz. Lekin bu bilan ular jamiyatga toʻlaqonli aralashib ketisholmasa, oʻzini erkin tuta olmasa, imkoniyatlar teng boʻlmasa, “menga rahmi kelyapti” deb tortinsa, sovgʻalardan nima naf?

3-dekabr — Xalqaro nogironligi boʻlgan shaxslar kuni arafasida “Yuksalish” umummilliy harakati va uning hududiy boʻlinmalari davlat boshqaruv organlari, ijtimoiy infratuzilma obyektlariga kirishda, jamoat transportidan foydalanishda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrgandi. Jumladan:

Namangan viloyatida temir yoʻl vokzali, xalqaro aeroporti, “Markaziy bank” va barcha tijorat banklarda imkoniyati cheklangan shaxslarga shart-sharoitlar mavjud. Panduslar standart talablariga javob beradi. Paypaslab harakatlanadigan, koʻrish qobiliyati zaif kishilar uchun tutqichli harakatlanish yoʻlakchalari  ham bor. Biroq koʻp tarmoqli tibbiyot markazining maʼmuriyatiga kirish binosi, Fizioterapiya boʻlimi binosi va Nevrologiya, gemodializ boʻlimi binosi, Namangan davlat universitetining 8-sonli pedagogika fakulteti, rektorat binosi, 11-sonli ijtimoiy-iqtisodiy fakulteti binolari, Namangan muxandislik texnologiya institutining faollar zaliga kirish yoʻli, avtobekatlar oʻrganilganda nogironligi boʻlgan shaxslarning aravachada xarakatlanish uchun panduslar mavjud emasligi aniqlandi. Bozorlar, savdo majmualari hududlaridagi avtoturargohlarda nogironligi boʻlgan shaxslarning avtotransport vositalari toʻxtab turish joylari tashkil etilishi belgilangan boʻlsa-da, alohida joylar ajaratilmagan. Shuningdek, oʻrganilgan ijtimoiy soha obyektlariga qatnovchi barcha jamoat transportlarida pandus, alohida joy, bekatlarni ovoz yordamida eʼlon qilish uskunasi yoʻq. A.Navoiy nomli musiqa va drama teatri, Namangan shahar Nodirabegim nomli axborot-kutubxona markazi, Namangan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Namangan viloyat boshqarmasi, Namangan muxandislik-qurilish instituti, Namangan muxandislik-texnologiya institutlaridagi hojatxonalar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilmagan. Viloyatda barcha OTMlarning talabalar turar joylarida paypaslab harakatlanadigan, koʻrish qobiliyati zaif kishilar uchun tutqichli harakatlanish yoʻlagi qilinmagan.

Sirdaryo viloyatida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari tashkillashtirilgan. Oʻrganish jarayonida ayrim ijtimoiy obyektlarda maʼlum darajada kamchiliklar borligi aniq boʻldi. Masalan, Guliston davlat universitetiga kirish uchun binoning orqa tomonidagi kirish eshigidan foydalaniladi, ammo u yerda pandus yoʻq, nogironlar kirish yoʻlakchasi bor asosiy eshik doim qulf turadi. 5 qavatli binoda lift ishlatilmaydi.     Koʻpchilik davlat tashkilotlari binolarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun panduslarning past tekistligi, balandligi, burilish yoʻlakchalari belgilangan koʻrsatma asosida qilinmagan. Tikka yoki juda qisqa va baland, ushlab chiqish uchun suyangʻich yoʻq. Aravachada erkin chiqolmaydigan xolatda. Avtobuslarga chiqish uchun ham panduslar qilinmagan yoki avtobuslarda bundan umuman foydalanilmaydi. Koʻzi ojizlarga ijtimoiy obyektlar va jamoat transportlarida alohida joy va bekatlarda ovoz yordamida eʼlon qilish uskunalari oʻrnatilmagan. Oʻrganilgan ijtimoiy obyektlarda binoning ichki va tashqi hududidagi mavjud hojatxonalar nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun moslashtirilmagan. Qurilayotgan yangi koʻp qavatli uylarning hammasida ham panduslar oʻrnatilmagan. Nogironligi boʻlgan shaxslar murojaatidan soʻng qilib berilmoqda.

Navoiy viloyatida ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlarida oʻrganishlar oʻtkazildi. Masalan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining  talabalar turar joyidagi panduslarda tutqich  yoʻq, kirish ostonalari mavjud. Pandusda harakatlanish oʻta noqulay. Universitetda jami 27 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar taʼlim oladi. Navoiy shahri “Meʼmorlar” koʻchasidagi  avtomabillarga gaz qoʻyish shaxobchasining hojatxonasidagi pandus nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qurilgan boʻlsa-da, talab darajasida emas. Shahardagi “Nurshod-Navoiy” MCHJ, “Zarafshon kids” MTT, “Navoiyshaharsozlik” loyihalash instituti  binolaridagi pandus notoʻgʻri joylashtirilgan, oʻta tik holatda.

Toshkent viloyati Nurafshon shahar davlat xizmatlari markazi, Milliy bank viloyat boshqarmasi, Madaniyat markazi, viloyat hokimligi, “NNT va doʻstlik uyi” binolarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun pandus standart talablari (eni 900-1000 mm va qiyalik darajasi 10%) asosida qurilgan. Lekin mijozlar bank xodimlari bilan tik oyoqda turib muloqot qiladi,  nogironlar uchun maxsus jihozlar joylashtirilgan, maxsus sanuzellar ham mavjud emas. Viloyat Adliya boshqarmasida nogironlar bilan qulay muloqot qilish maydonlari yaratilgan, biroq bino kirishdagi pandus talabga javob bermaydi. Aytish kerakki, nogironligi boʻlgan shaxslarning Toshkent viloyatidagi ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida ishlar asosan panduslar oʻrnatish va barpo etishga qaratilgan boʻlib, nogironligi boʻlgan shaxslarning sanuzellardan foydalanish imkoniyatlari eʼtibordan chetda qoldirilgan.

Xorazm viloyatida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari tashkillashtirilgan. 2022-yil 1-oktyabr xolatiga viloyat nogironlar jamiyati tomonidan 7 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 15 ta umumtaʼlim maktabi, 8 ta shifoxona va oilaviy poliklinika, 1 ta Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun Urganch sanatoriyasi binosi, 1 ta viloyat nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi binosi, 1 ta majburiy ijro binosi, 1ta IIB YXXBB binosi, 1 ta madaniyat saroyi, 1 ta Urganch xalqaro aeroporti rasmiy delegatlar terminal binosi, 1 ta Maʼmun akademiyasi binosi mukammal taʼmirlashda nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻsqinliksiz xarakatlanishi uchun maxsus yoʻlak panduslar standart talablarga mos ekanligi aniqlandi. Gurlan tumani tibbiyot birlashmasi, Xazorasp tumani tibbiyot birlashmasi, Xazorasp tumanidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabi, Xazorasp tumanidagi 25-sonli IDUM, Urganch shahrida joylashgan viloyat nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi, Xorazm viloyat koʻzi ojizlar jamiyati kutubxonasi, Urganch davlat universitetida nogironlik aravachasida binoga kirish uchun panduslar mavjud va belgilangan talablarga javob beradi, eshiklar ostida toʻsiqlar yoʻq. Ijtimoiy binoda joylashgan hojatxonalardan foydalanishi uchun sharoitlar yaratilgan, maxsus tutqichlar oʻrnatilgan. Lekin Xazorasp tumanidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabida pandus talab darajasida emas, normativga javob bermaydi. Hazorasp tumani tibbiyot birlashmasida lift bor, ammo bugungi kunda taʼmirga muhtoj.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan monitoring davomida Nukus temir yoʻl vokzali, Nukus xalqaro aeroporti, teatr boshqa idora-tashkilotlarga nogironligi bor boʻlgan shaxslarning kirib chiqishi uchun panduslarning mavjudligi aniqlandi. Nukus shahrida 2 ta chorrahada koʻzi ojizlar elektron axborot eshitish moslamalari oʻrnatilgan. Aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar va qulogʻi ogʻirlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmaganligi muammo boʻlmoqda.

Toshkent shahridagi Janubiy vokzalda holat qanday? Holat “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi (NNT) bilan birgalikda joyiga borib, oʻrganildi.

Sofiya Akromova, “Sharoit plyus” NNT xodimi:

— Janubiy vokzalda nogironligi boʻlgan shaxslarga qanchalik shart-sharoitlar borligini oʻrgandik. Bu yerda tashqaridan ichkariga kirishda qulayliklar, panduslar bor. Ular toʻgʻri qoʻyilgan. Ichkariga kirishda, kassa yonida ham vokzal xodimlari yordamga kelishdi. Lekin shunaqa vaziyatlar boʻladiki, baʼzan xodimlar boshqa ish bilan band boʻlishlari mumkin, shunday paytda nogironlar kassaga oʻzlari borib murojaat qilishi uchun kassani ozgina pastroq qilish kerak. Hojatxonalar ham aravada kirish uchun qulay, ozgina tor joyi bor ekan, bu haqda vokzal rahbariyatiga yetkazdik. Yana bir qulayligi — vokzalda mehmonxona, kutubxona ham bor ekan. Ularga kirib-chiqishda ham qiynalmadik. Nogironligi bor shaxslarga faqat jismoniy emas, balki eshitish, koʻrishda ham qulaylik boʻlishi kerak. Hamma tashkilot surdotarjimonlarni ishga olishga imkoniyati boʻlmasligi mumkin, lekin har joyga elektron tablolar qoʻyilsa, yaxshi boʻlardi. Baʼzi gapirolmaydigan, eshitolmaydiganlar oʻz fikrini toʻliq tushuntirib berolmasligi mumkin, shunda ularga nima demoqchi ekanini yozib berish imkoniyati yaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

         Monitoringdan soʻng quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- Davlat tashkilotlari binolarida, avtobus bekatlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun panduslar (past tekistligi, balandligi, burilish yoʻlakchalari) belgilangan koʻrsatma asosida qayta koʻrib chiqilishi kerak;
- Shaharlardagi chorrahalarga koʻzi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalari oʻrnatilishi zarur;
- Avtobuslarda ovozli xabarlar berilib borilishini taʼminlash lozim;
- Koʻp qavatli uylar 3 qavatdan yuqori boʻlsa, lift qoʻyilishi shart etib belgilanishi kerak;
- Davlat boshqaruv organlaridagi binolarda hojatxonalar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoitga ega boʻlishini taʼminlash kerak;
- Har bir binonning kirish podyezdlari 1-qavatida, albatta nogironlar kirish yoʻlakchasini qurishni smetaga kiritish shart.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga ortiqcha yuk sifatida emas, balki jamiyat va davlat rivojiga hissa qoʻshadigan resurs sifatida qarash muhimdir. Mavjud toʻsiqlarni olib tashlash kerak. Bu toʻsiqlar nafaqat binolardan, transportdan foydalanishda, axborot olishda, balki jamiyatdagi stereotiplar, notoʻgʻri qarashlarda ham bor. Barcha uchun qulay va teng muhit rivojlanishning ajralmas qismidir.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati