@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

2022-yilgi Davlat dasturining 1-sentyabr holatiga bajarilishi boʻyicha maʼlumotnoma

 2022-09-27 18:32:54   |     Просмотров: 2473

Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi yuzasidan 2022-yilning 1-sentyabr holatiga 208 ta band boʻyicha 339 ta vazifalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, masʼul vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan, ochiq manbalar orqali eʼlon qilingan axborot hamda maʼlumotlar tahlil qilindi.

Davlat dasturida belgilangan 186 ta vazifa ijrosi taʼminlangan boʻlib, shundan 15 ta vazifa ijrosi muddatidan oldin bajarilgan. Jumladan, birinchi yoʻnalishda 11 ta, ikkinchi yoʻnalishda 5 ta, uchinchi yoʻnalishda 105 ta, toʻrtinchi yoʻnalishda 30 ta, beshinchi yoʻnalishda 2 ta, oltinchi yoʻnalishda 16 ta va yettinchi yoʻnalishda 17 ta vazifalar boʻyicha nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan hamda chora tadbirlar reja va dasturlari tasdiqlanib, amaliy ishlar bajarilgan.

3 ta Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 42 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari (farmon, qaror va farmoyishlar), 3 ta Oliy Majlis palatalari qarori, 16 ta Hukumat qaror va bayonlari, 120 ta chora-tadbirlar reja va dasturlari, yoʻl xaritalari va boshqa idoraviy hujjatlar qabul qilinib, amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Davlat dasturida belgilangan 7 ta band boʻyicha vazifalar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Xususan, birinchi yoʻnalishda 2 ta, uchinchi yoʻnalishda 4 ta va beshinchi yoʻnalishda 1 ta vazifalar ijrosi masʼul idora va vazirliklar tomonidan bajarilmagan, yaʼni Davlat dasturida ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan qonun va qonunosti normativ hujjatlar loyihalari oʻz muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar belgilangan muddatlarda bajarilmagan.

2-bandning 4-kichik bandi. 2022-yil iyun oyiga qadar Mahalla orqali rasmiylashtiriladigan va olinadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash boʻyicha hujjatlarni onlayn (elektron) tarzda taqdim etish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan boʻlib, amalda Moliya vazirligi tomonidan Texnik topshiriq ishlab chiqilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda Avtomatlashtirilgan muloqot tizimi joriy qilish boʻyicha ishlar yakunlanmagan (masʼul Moliya vazirligi).

37-band. 2022-yil iyul oyiga qadar Davlat organlarida ish vaqti va mehnat meʼyorlari boʻyicha qonunchilikni qayta koʻrib chiqish va Xalqaro Mehnat Tashkiloti standartlari asosida takomillashtirish boʻyicha Normativ huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan boʻlib, amalda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat fuqarolik xizmatida mehnat meʼyorlarini huquqiy tartibga solishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 15-avgust kuni taqdim etilgan huquqiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosada qaror loyihasini taqdim etilgan tahrirda qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilganligi munosabati bilan qabul qilinmagan (masʼul Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi).

Izoh: 2022-yil 8-avgustda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan, shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ishlab chiqilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullangan.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat fuqarolik xizmatida ish vaqtini tartibga solishning zamonaviy standartlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi 
Adliya vazirligi tomonidan yuqoridagi hujjatlar bilan huquqiy kolliziyaga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan. Shu sababli, 37-band boʻyicha loyihaning qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas, deb topilgan.

102-bandning 2-kichik bandi. 2022-yil sentyabr oyiga qadar Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida raqamli texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan alohida zamonaviy talablarga javob beradigan axborot texnologiyalari sohasida taʼlimdan ishlab chiqarishgacha boʻlgan yaxlit zanjir yaratishni koʻzda tutuvchi IT-Klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan boʻlib, amalda Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari tomonidan qaror loyihasi hozirga qadar vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilmagan (masʼul Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari).

111-band. 2022-yilning ikkinchi choragida Toshkent shahrining har bir tumanida “Innovatsiya va texnologiya markazlari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan boʻlib, amalda “Toshkent shahrining har bir tumanida “Innovatsiya va texnologiya markazlari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, 2022-yil 4-iyulda Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborilgan (masʼul Toshkent shahar hokimligi).

146-band. 2022-yil aprel oyiga qadar investitsiya loyihalari doirasida 27 ta nasos stansiyasini modernizatsiya, 263 km kanal va 787 ta gidrotexnik inshootlarini rekonstruksiya qilish, xizmat muddatini oʻtab boʻlgan 181 ta nasos va 354 ta elektro dvigatelni almashtirish belgilangan boʻlib, amalda yanvar-iyun oylarida 204,0 km uzunlikdagi kanallar va ulardagi 447 ta gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilingan, 35 ta vertikal sugʻorish quduq burgʻilangan, 4 000 ga sugʻorish maydonlari lazer yordamida tekislangan va yumshatilgan. Shuningdek, 130 ta nasos va 234 ta elektrodvigatellar qurilmalari harid qilinishi va oʻrnatilishi taʼminlangan (masʼul Suv xoʻjaligi vazirligi).

194-bandning 2-kichik bandi. 2022-yil iyul oyiga qadar tirbandlik yuqori boʻlgan koʻchalarda Yoʻl oʻtkazgichlar qurish Konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasi qarori orqali tasdiqlash belgilangan boʻlib, amalda qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun 2022-yil 25-avgust kuni Adliya vazirligiga kiritilgan (masʼul Toshkent shahar hokimligi).

272-band. 2022-yil avgust oyiga qadar “Oʻzbekiston”, “Zvezda Vostoka” va “Amudaryo” jurnallari, “Yerkin Qaraqalpaqstan”, “Nurlы jol”, “Ovozi tojik”, “Mekan” va “Dostuk” gazetalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan boʻlib, amalda Vazirlar Mahkamasining “Qardosh tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasini izchil yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatdash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi 2022-yil 19-avgustda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun Adliya vazirligiga kiritilgan (Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi).

Davlat dasturining 150-bandida belgilangan vazifalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan 14 ta hudud kesimida besh yillik hududiy dasturlar tasdiqlangan. Mazkur hududiy dasturlar tahlil qilinganda bir qator vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmagani aniqlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy dasturi bilan tasdiqlangan yoʻl xaritasida belgilangan 3 ta vazifa boʻyicha ishlar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Misol uchun, hududiy dasturning 27.3-bandida 2022-yil iyun oyiga qadar 1240 ta ehtiyojmand oilalarga koʻp qavatli uylardan ajratish hamda ularga ipoteka krediti boʻyicha subsidiya berish belgilangan boʻlib, amalda ehtiyojmand aholidan kelib tushgan 1935 ta arizalardan 1277 tasi rad etilgan va 539 ta arizalarga ijobiy javob qaytarilgan. Belgilangan muddatlarda ehtiyojmand fuqarolar imtiyozli uy-joylar bilan taʼminlanmagan.

Andijon viloyati hududiy dasturi bilan tasdiqlangan yoʻl xaritasida belgilangan 5 ta vazifa boʻyicha ishlar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Xususan, yoʻl xaritasining 38-bandi 2-kichik bandida belgilangan Yozyovon va Bagʻdod tumanlarida hosildorlikni oshirish hisobiga 3000 gektar past rentabelli paxta va gʻalla maydonlarini chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ajratish boʻyicha Prezident qarori loyihasini tayyorlash va tasdiqqa kiritish belgilangan boʻlishiga qaramay faqat xisob kitob ishlari amalga oshirilib qaror loyihasi tayyorlanmagan.

Shuningdek, yoʻl xaritasining 38-bandi 2-vazifasida muddati kelgan boʻlishiga qaramay yakuniga yetkazilmagan.

Xorazm viloyati hududiy dasturi bilan tasdiqlangan yoʻl xaritasida belgilangan 5 ta vazifa boʻyicha ishlar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Jumladan, yoʻl xaritaning 36-bandida 2022-yil aprel – avgust oylarida 60 gektar zamonaviy issiqxonalarni qurish vazifasi belgilangan boʻlib amalda bugungi kunga qadar 29,5 gektar maydonlarda 10 ta issiqxonalar toʻliq ishga tushirilib, qolgan maydonlarda qurilish ishlari yakunlanmagan.

Shu bilan birga, yoʻl xaritasining 67-bandida 2022-yil avgust oyiga qadar Xiva shahri, Hazorasp, Gurlan, Qoʻshkoʻpir, Xonqa tumanlari tibbiyot birlashmalari laparoskopik uskunalar bilan taʼminlab, kaminvaziv operatsiyalar oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish belgilangan boʻlib, taqdim etilgan maʼlumotlarda Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2021-yil 5-oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, 2022-yilning avgust oyida faqatgina Qoʻshkoʻpir tumani tibbiyot birlashmasini laparoskopik uskunalari bilan taʼminlash rejalashtirilganligi koʻrsatilgan.

Shuningdek, muddati kelgan 64 ta band boʻyicha 98 ta vazifa boʻyicha hujjatlar loyihalari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va normativ hujjatlar koʻrib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan boʻlib, koʻrib chiqish jarayonida.

Jumladan, birinchi yoʻnalishda 12 ta, ikkinchi yoʻnalishda 7 ta, uchinchi yoʻnalishda 54 ta, toʻrtinchi yoʻnalishda 2 ta, beshinchi yoʻnalishda 11 ta, oltinchi yoʻnalishda 5 ta va yettinchi yoʻnalishda 7 ta vazifa ijrosi boʻyicha normativ-huquqiy xujjatlar loyihalari qabul qilish yoki koʻrib chiqish uchun Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Ushbu hujjatlar loyihalari bilan jamoatchilik.uz platformasida tanishish mumkin.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati