@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O’zbekiston: BMTning shartnomaviy organlari bergan yangi tavsiyalarni amalga oshirish bo’yicha ekspertlar muhokamasi

 2022-05-13 15:17:00   |     Просмотров: 2740

Joriy yilning 13-may kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo’linmasi (ROCA), “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida BMTning shartnomaviy organlari bergan yangi tavsiyalarning O’zbekiston tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasi o’tkazildi. 

Muhokamada ishtirok etgan milliy va xalqaro ekspertlar, shu jumladan BMT shartnomaviy organlari a’zolari, fuqarolik jamiyati vakillari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va alohida mutaxassislar asosiy e’tiborni BMTning inson huquqlari bo’yicha ushbu ikki asosiy shartnomaviy organi – Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo’mitasi (CEDAW) va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo’mitasi (CESCR) taqdim etgan tavsiyalarning samarali bajarilishiga qaratdi, shuningdek, O’zbekiston tomonidan amalga oshirilishi lozim bo’lgan muhim chora-tadbirlarni belgilab oldi.

—  So’nggi yillarda O’zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish va gender tengligini ta’minlash maqsadida bir qator huquqiy, institutsional va siyosiy qarorlar qabul qilindi. Mazkur o'zgarishlarni Yevropa Ittifoqi qo’llab-quvvatlaydi, shuningdek, BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish (CEDAW) hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar (CESCR) qo’mitalarining so’nggi xulosalari va tavsiyalarini samarali amalga oshirish zarurligini ta’kidlaydi. Umid qilamanki, bugungi muhokama O'zbekistondagi manfaatdor tomonlarning ikkita qo’mita tavsiyalarini inobatga olgan holda sohada nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida xabardorligini oshiradi, - deydi Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi delegatsiyasi siyosat, matbuot va axborot masalalari bo’limi rahbari janob Mindaugas Kacherauskis.

—    Xalqaro yuristlar komissiyasi bir necha yillardan buyon O’zbekistonda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish orqali iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni himoya qilishni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. CEDAW va CESCR qo’mitalarining so’nggi yakuniy xulosalari O’zbekistonga o’zining xalqaro majburiyatlarini bajarishi uchun iqtisodiy-ijtimoiy, ayollar huquqlariga oid muhim va aniq tavsiyalar beradi. Ushbu tavsiyalarni samarali amalga oshirish uchun puxta reja ishlab chiqish juda muhimdir, - deydi Xalqaro yuristlar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha mintaqaviy dasturi rahbari Roushin Pilley honim.

—    Mamlakatimiz xalqaro hujjatlar ijrosi bo'yicha hisobotlarni BMTning tegishli qo'mitalariga belgilangan muddatlarda taqdim etib keladi. Xususan, bu yil O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng imzolagan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt (CESCR) hamda “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risi”dagi Konvensiyasi (CEDAW) ijrosi bo’yicha hisobot taqdim etildi. Hisobotlarni o’rganish natijasida BMTning tegishli qo’mitalari tomonidan O'zbekiston uchun tavsiyalar ishlab chiqildi va keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Tavsiyalarda mamlakatimizda so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasi alohida e’tirof etilgan. Bugungi xalqaro jamoatchilik eshituvining ahamiyati shundaki, unda xalqaro va milliy ekspertlar, xususan, BMT va Xalqaro yuristlar komissiyasining mutaxassislari, shuningdek, mahalliy NNTlar vakillari ishtirok etishmoqda. O'ylaymanki, bu sohada xalqaro tajribani bilish, o'zaro tajriba almashish O'zbekistonga berilgan tavsiyalarning ijrosida muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi “Yuksalish” umumilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. 

Ma’lumot uchun: Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha Yevropa instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtiriladigan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O’zbekistonda xalqaro huquqni qo'llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash orqali O'zbekistonda kamsitilishga moyil bo'lgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga ko'maklashish. Bu – EQUAL loyihasi doirasida tashkil etilgan uchinchi ekspertlar muhokamasi bo’lib, uning birinchisi BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini amalga oshirish, ikkinchisi BMT shartnomaviy organlariga davriy hisobotlarni ishlab chiqish va taqdim qilishda fuqarolik jamiyatining roliga bag’ishlandi. 
2017—2021-yillarda XYuK tomonidan Yevropa Ittifoqing O’zbekistondagi delegatsiyasi ko’magida amalga oshirilgan ACCESS (Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar va standartlarni ilgari surishda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish) loyihasi doirasida 6 ta ekspertlar muhokamasi o'tkazildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati manbuot xizmati