@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar yurtimiz korxona va tashkilotlarida amaliyot o‘tashlari mumkin bo‘ladi

 2019-05-15 16:20:27   |     Просмотров: 3333

“Yuksalish” umummilliy harakati        ushbu yo‘nalishda faoliyatni boshladi. Loyihaning ilk hamkori sifatida Janubiy Koreyaning Chonnam milliy universiteti tashabbus bildirdi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Chonnam milliy universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori, bakalavriat dasturi bo‘limi koordinatori Cho Chun Sik ishtirok etdi.

Tomonlar Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni yurtimizda amaliyot o‘tashlarini tashkillashtirish va ularni kelgusida ishga joylashtirish, soha mutaxassislarini Janubiy Koreyada malaka oshirishlari, shuningdek akademik doira vakillari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Mehmonlar Chonnam milliy universiteti faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berib, xorijiy hamkorlar, shu jumladan O‘zbekiston bilan aloqalar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Yurtimiz talabalari son jihatdan universitetning xorijiy talabalar reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi qayd etildi.  Cho Chun Sikning fikriga ko‘ra, ular o‘zlarining yuqori intellektual salohiyatlari bilan boshqalardan ajralib turadi.

O‘zbekistonda vatandoshlar bilan, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega, xorijda istiqomat qilayotgan va turli sohalarda professional faoliyat olib borayotgan etakchi olimlar, mutaxassislar va yoshlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi mutaxassislarning xorijda malaka oshirishlari va vatandoshlar bilan muloqot olib borish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. O‘zbekistonning intellektual salohiyatidan unumli foydalanish, aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun amaliy taklif va loyihalarni ishlab chiqish uchun “Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi.  Uning qoshida tashkil etilgan ekspertlik kengashi esa dunyoning turli burchaklarida faoliyat olib borayotgan 150dan ortiq mutaxassislarni birlashtiradi.

Xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga jalb etish “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chonnam milliy universitetida tahsil olayotgan ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar “Yuksalish” umummilliy harakatiga mahalliy sharoitlarga va milliy qonunchilik tizimiga yaxshiroq moslashish maqsadida O‘zbekistondagi korxona va tashkilotlarda amaliyot o‘tashlariga ko‘maklashish tashabbusini bildirdilar.

 

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Chonnam milliy universiteti talabalarining O‘zbekistonda malaka oshirish hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish to‘g‘risidagi memorandumni ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun:1952 yilda tashkil etilgan Chonnam milliy universiteti Janubiy Koreyaning o‘nta yetakchi davlat ta’lim muassasalari qatoriga kiritilgan. Universitet ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlangan.  Universitet har yili jahonning 30 mamlakatidagi 138 universitet bilan ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvi amalga oshiradi hamda jahon darajasidagi mutaxassislar bitiradi.

 “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati