@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekiston: Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha ekspertlar muhokamasi

 2021-09-30 20:05:00   |     Просмотров: 2800

30-sentyabr kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorlikda O‘zbekistonda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha ekspertlar muhokamasini o‘tkazdi.

Muhokama davomida ishtirokchilar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan keyin O‘zbekistonning ustuvor vazifalarini ko‘rib chiqdi. Milliy va xalqaro ekspertlar, shu jumladan BMTning Nogironlar huquqlari qo‘mitasi a’zolari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati vakillari va ekspertlar Konvensiya majburiyatlarini samarali bajarish uchun qilinishi kerak bo‘lgan asosiy ishlarni muhokama qildi. Muhokama yakunida Konvensiya tomonidan kafolatlangan huquqlarni himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

- Nogironlar huquqlarini to‘liq amalga oshirish teng imkoniyatlar va inklyuziv ijtimoiy muhitni yaratishni talab qiladi. O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilib, bu majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi bu qadamni olqishlaydi. Biz davlatning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz va O‘zbekistonda bunday muhim xalqaro hujjatni amalga oshirish bo‘yicha Xalqaro yuristlar komissiyasi bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, - deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian.

- Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqni amalga oshirish orqali nogironlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish yo‘lida uzoq kutilgan qadamdir. O‘zbekiston Konvensiyani ratifikatsiya qilish bilan o‘z maqsadlarini namoyon etdi, endilikda uni zudlik bilan amalga oshirishni boshlash muhim”, - deydi XYuKning Yevropa va Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy dasturi rahbari Roushin Pilley.

- Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqiqatan ham muhim qadamdir; u hukumatning Konvensiya doirasidagi xalqaro hamjamiyat oldida turgan xalqaro majburiyatlarni ko‘rsatadi, hukumat imkoniyati cheklangan insonlar hayotini yaxshiroq, inklyuziv qilish va kamsitmaslik uchun o‘z tizimini, qonunlarini takomillashtiradi. Shu bilan birga, bu qadam ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati, ishbilarmon doiralar, xalqaro tashkilotlar va shaxslarning boshqa ko‘plab sa’y-harakatlarini talab qiladi”, - deydi BMTning Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari bo‘yicha byurosi mintaqaviy vakili Rishard Komenda.

- O‘zbekiston tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi mamlakatdagi islohotlarning inklyuzivligini aks ettiradi, milliy qonunchilikni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar va ijtimoiy va huquqiy himoyaning samarali mexanizmlarini ochib beradi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni xalqaro standartlarga muvofiq qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu xalqaro jamoatchilik muhokamasini fuqarolik jamiyati vakillari va boshqa manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda o‘tkazish, biz uchun O‘zbekistonda nogironlarning huquqlarini himoya qilish sohasida bo‘lajak vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajriba almashishimiz uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi", - deydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Tadbir Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorlikda amalga oshirayotgan “O‘zbekistonda xalqaro huquqni qo‘llash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi - fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash orqali, ayniqsa, O‘zbekistonda kamsitilishlarga duchor bo‘lgan guruhlar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni teng himoya qilishga ko‘maklashish.

Ma’lumot uchun:

Ekspertlik muhokamalari bu – milliy va xalqaro ekspertlar uchun fuqarolik jamiyati institutlarining bu jarayonda ishtirokini oshirish orqali xalqaro huquq va standartlarning eng yaxshi yondashuvlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashish uchun muloqot maydonidir. Bunda ekspertlar kamsitilishdan himoyalanmagan insonlarning asosiy inson huquqlari, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga kirishini yaxshilashni muhokama qiladi. Bu safar ushbu «maydon»da asosiy e’tibor nogironlar huquqlariga qaratildi.

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani 2021 yil iyun oyida ratifikatsiya qildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati