Fuqarolik jamiyati va mahalliy hokimlik organlari o‘rtasidagi innovatsiyalar va hamkorlik: xorij tajribasi va milliy amaliyot
Mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, Gruziya mahalliy hokimiyatlar milliy assotsiatsiyasi (NALAG), soha mutaxassislari qarorlar qabul qilish jarayoniga innovatsiyalarni joriy etish hamda fuqarolik jamiyati va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini davra suhbati formatida muhokama qildi.
Ta’kidlangandek, bugun O‘zbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarida chuqur islohotlar bosqichidan o‘tmoqda. Ba’zan vaqt va resurslar tanqisligi sharoitida bo‘lsa ham harakat qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu jarayonlarga jamiyatning keng jalb qilinishi qabul qilinayotgan qarorlar inklyuzivligini ta’minlaydi. Aynan shuning uchun hukumatning barcha darajalarida xalq bilan muloqot tamoyili ilgari surilmoqda. Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini tuzish to‘g‘risidagi qaror ham shu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Ularning institut sifatida shakllanish bosqichida xorijiy tajribani o‘rganish, jamoatchilik kengashlari a’zolarining salohiyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda joriy yilning 3—10 sentyabr kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov boshchiligidagi delegatsiya ilg‘or tajriba va innovatsiyalar, ishtirok etish va jamoatchilik nazorati tizimlari bilan tajriba almashinish uchun Gruziyada bo‘ldi.
Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklari huzuridagi jamoatchilik kengashlari, Farg‘ona viloyati jamoat tashkilotlari rahbarlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, loyiha koordinatorlari Gruziyadagi mavjud mahalliy boshqaruv tizimini o‘rganish, xorijlik hamkasblari bilan shaxsiy tajribasini o‘rtoqlashish, jamoatchilikni, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik kengashlarini mahalliy darajadagi tashabbus va qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb qilish mexanizmlari va vositalarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, o‘quv safari davomida olingan bilim va ko‘nikmalar O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari va mahalliy davlat hokimlik organlari vakillariga manfaatdor tomonlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish, targ‘ibot va hamkorlik mexanizmlarini yaratish, shu jumladan trening va seminarlar o‘tkazish orqali yordam beradi.
Tadbir davomida Gruziya tajribasi, shu jumladan fuqarolarni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qilishning eng yaxshi tajribalari, ularning davlat va jamoat boshqaruvidagi ishtiroki, shuningdek, jamoatchilik nazorati mexanizmlari, jamoat kengashlari faoliyatini rivojlantirish borasidagi yondashuvlar taqdim etildi. Ishtirokchilar aholining talab va ehtiyojlarini, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda O‘zbekistonning fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi milliy tajribasini ko‘rib chiqdi.
Davra suhbati yakunida davlat organlari va jamoatchilik kengashlarining aholi bilan aloqasini yaxshilash, ularning faoliyati to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish, fuqarolarning ishtirokini kengaytirish, jamiyatni demokratlashtirish va davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Misol uchun, ishtirokchilar xorijiy tajribani hisobga olgan holda, davlat va nodavlat muassasalariga fuqarolarning ishonch indeksini shakllantirish bo‘yicha metodologiyasini ishlab chiqishni, uning natijalarini jamoatchilikka muntazam taqdim etishni taklif qildi.
Mazkur tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va Texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi (ACTED, Fransiya)ning O‘zbekistondagi filiali hamda Yevropa ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Fuqarolik jamiyati va mahalliy hokimlik organlari o‘rtasidagi innovatsiyalar va hamkorlik orqali shaffof va inklyuziv boshqaruvga erishish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekistonni boshqarish va rivojlanish jarayonlarida ishtirok etuvchi sub’ekt (aktor) sifatida ishtirok etish imkoniyatini berishga qaratilgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati