@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakatining 2019 yildagi faoliyati sarhisob qilindi

 2019-12-26 18:00:00   |     Просмотров: 3887

Yangi yil arafasi — o‘tgan vaqtda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda kelgusi rejalarning tuzilishi uchun eng qulay payt. 2019 yil qay darajada samarali o‘tdi? Qanday loyihalar va tashabbuslar amalga oshirildi? Kelgusi 2020 yilda nimalar rejalashtirilmoqda?

Bu va yana boshqa qator masalalar joriy yilning 26 dekabr kuni poytaxtimizda tashkil etilgan “Yuksalish” umummilliy harakatining hisobot anjumanida muhokama qilindi. Tadbirda vazirlik va idoralar, yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari ishtirok etdi.

Ta’kidlangandek, “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy vazifasi fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes hamjamiyati vakillarini amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida ixtiyoriylik asosida birlashtirish hisoblanadi. Harakat o‘tgan davr mobaynida biznes va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillarini amalga oshirilayotgan jarayonlarga faol jalb qilish orqali mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yangi g‘oyalar va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda ilgari suruvchi o‘ziga xos maydonga aylandi.

“Yuksalish” umummilliy harakati 2019 yil davomida mahalliy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida 20 dan ortiq loyihalar doirasida respublikaning barcha hududlarida turli formatlarda yuzlab tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, 230 dan ortiq turli darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi, 50 ga yaqin forum va davra suhbatlari, jamoatchilik muhokamalari tashkil etildi, 17 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi, respublikaning deyarli barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida harakatning hududiy bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Harakat o‘z faoliyati davomida asosiy e’tiborni fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning samarali mexanizmlarini joriy etish va fuqarolarni davlat va jamiyat boshqaruviga faol jalb etish masalalariga qaratdi. Xususan, O‘zbekistonda “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari uchun bepul kovoorking markazi ochildi, davlat organlari huzuridagi 5 ta jamoatchilik kengashlari hamda 10 ta nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatlari metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

5 ta davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga hamda 10 ta NNTlarning tashkiliy jihatdan rivojlanishi uchun grant mablag‘lari taqdim etildi. Shuningdek, yurtimizda ilk bor Jamoatchilik kengashlari xalqaro forumi o‘tkazildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar keng jamoatchilik, shu jumladan xorijiy hamjamiyatning doimiy e’tiborida. “Yuksalish” umummilliy harakati bugungi faol jarayonlarni axborot-tahliliy jihatdan yoritilishiga ko‘maklashish maqsadida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda joriy yilning iyul—avgust oylarida internet va bosma OAV vakillari uchun treninglar tashkil etdi. Unda jami 120 dan ortiq jurnalist, bloger va matbuot xizmati vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, loyiha doirasida barcha jurnalistik hamjamiyatlar erkin foydalanishi uchun Jurnalistlar professional etikasi namunaviy kodeksi ishlab chiqildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolik jamiyati institutlarining vakili sifatida yil davomida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturining o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, hududiy va investitsiya dasturlarining joylardagi ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringi tadbirlarini o‘tkazdi.

Jamoat tashkilotlaridan iborat ishchi guruh 13 ta hududda, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar olib bordi. Tadbirlar davomida asosan ijtimoiy soha obyektlarining, ichimlik suvi bilan ta’minlash inshootlarining, ichki va magistral yo‘llarning qurilishi, ta’mirlanishi va rekonstruktsiya qilinishi va boshqa qator bandlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati doimiy ravishda aholidan takliflar qabul qilib bordi. Jumladan, aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarni aniqlash va ushbu muammolarni hal qilish bo‘yicha fuqarolarning fikrlarini o‘rganish maqsadida BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda hududlarda Maslahat uchrashuvlari tashkil etildi. Oktyabr—noyabr oylarida Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida 28 ta maslahat uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda minglab fuqarolar qamrab olindi.

Bugungi o‘zgarishlarni tahlil qilish, sohalar rivojiga qaratilgan yangi takliflar ishlab chiqish, xalqaro tajribalarni o‘rganish muhim masala hisoblanadi. Shu maqsadda “Yuksalish” umummilliy harakati Ekspertlik platformasi loyihasi doirasida qator dolzarb masalalarga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkazdi. Unda mahalliy va xorijiy yetakchi ekspertlar, vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, parlament a’zolari ishtirok etdilar. Loyiha doirasida Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerikaning ilmiy tadqiqot markazlarining 50 ga yaqin ekspertlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Joriy yilning avgust oyida “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan internet tarmog‘ida “Jamoatchilik” onlayn-platformasi ishga tushirildi. Uning asosiy maqsadi fuqarolar va davlat organlari bilan muloqotning samarali mexanizmlarini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruviga jalb qilishga ko‘maklashish hamda sohalar rivojiga xizmat qiluvchi takliflar qabul qilish hisoblanadi.

Platforma orqali dolzarb voqea va hodisalar yuzasidan davlat idoralari rahbarlarini tezkor xabardor qilish, soha va hududlarni rivojlantirish hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni taqdim etish imkoniyati berildi. O‘tgan vaqt davomida platformaga turli sohalar bo‘yicha 800 dan ortiq takliflar kelib tushdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati 2019 yilda UNICEF tashkiloti hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Yoshlar ovozi muhim” loyihasini amalga oshirdi. Unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan faol yoshlar mahalliy hokimliklar, soha mutaxassislari va xalqaro mutaxassislar ishtirokida o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdilar. Asosiy maqsad — yoshlar va mahalliy ijro hokimiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Loyiha doirasida bu kabi muloqotlar Nukus, Urganch shaharlarida hamda Mo‘ynoq tumanida o‘tkazildi. Unda jami 120 nafardan ortiq yigit-qizlar ishtirok etdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati ekologik muammolarga befarq emas. Shu bois, qator mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda daraxtlarning kesilishi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish maqsadida ilk bor “Bir million daraxt” aksiyasi tashkil etildi. Aksiya 2019 yil 24 oktyabr kuni Nukus shahrida start oldi hamda noyabrgacha davom etdi. Natijada kuz faslining o‘zida respublikaning 8 ta hududida bir yarim million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga erishildi. Loyiha an’anaviy tarzda yilda ikki marotaba: kuz va bahor faslida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Joriy yilning 8 fevral kuni Harakat tomonidan Fuqarolik tashabbuslari forumi tashkil etildi. Unda islohotlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatidan unumli foydalanish, davlat va jamiyat boshqaruvi rivojiga qaratilgan yangi takliflar va tashabbuslarni hamkorlikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilingan edi. Ushbu maslahatlashuv besamar ketmadi va yil davomida o‘zining ijobiy natijasini berdi. Fuqarolar va jamoat tashkilotlari tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakatiga ko‘plab takliflar bildirildi va ularni hayotga tadbiq etish boshlandi. Xususan, tuman va shahlarda istiqomat qilayotgan, bugungi islohotlarga befarq bo‘lmagan, o‘zining sa’y-harakatlari bilan jamiyatga xolis xizmat qilgan fuqarolarni aniqlash va keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida “Oramizdagi qahramonlar” ijtimoiy loyihasi amalga oshirildi.

Bundan tashqari, fuqarolarga saylovlarga oid foydali ma’lumotlar berish, ularning siyosiy va huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” milliy aksiyasi tashkil etildi. Tadbirlar bir vaqtning o‘zi rеspublikaning barcha viloyatlarida bo‘lib o‘tdi. Unda jami 280 mingga yaqin aholi ishtirok etdi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazilgan saylovlar arafasida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan munozara klubi tashkil qilindi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro kuzatuvchilar, chet el OAV vakillari tashrif buyurib, dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yillik bayrami arafasida #MenUchunQadrli nomli fleshmob o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarining O‘zbekiston bilan bog‘liq fotosuratlari: tarixiy bino, joy yoki buyum, qiziqarli voqea, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yaqinlari va yana boshqa turli voqea va hodisalar aks etgan fotosuratlari bilan ulashdilar. 10 kun davom etgan fleshmobda Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida 6 000 ga yaqin fotosuratlar joylandi.

Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarning islohotlarga bo‘lgan dahldorlik hissini oshirish maqsadida qonunchilikdagi o‘zgarishlarga, parlament va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar jarayonlariga bag‘ishlangan 200 dan ortiq turli infografikalar internet tarmog‘ida joylashtirildi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlis muhokamalari onlayn tarzda harakatning ijtimoiy tarmoqlari orqali yoritib borilmoqda.

Aytish joizki, mazkur loyihalar “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan faol fuqarolar, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari sa’y-harakatlarini birlashtirish natijasida amalga oshirildi.

Harakat kelgusida ham boshlangan ishlarni jadal rivojlantirishga, o‘z faoliyati doirasida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va eng asosiysi amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida fuqarolarni birlashtirishga harakat qiladi.

Tadbir Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

 

                                                                                                                                                                                                                             “Yuksalish” harakati matbuot xizmati